
“Spartak” shartnomadan voz kechish uchun O‘runovga qancha to‘lagani oshkor bo‘ldi!
“Spartak” 2020 yilning yozida transfer qilingan Oston O‘runov bilan 2025 yilning yozigacha shartnoma tuzgan edi.
Voqealarning keyingi rivoji legionerimizning zarariga ishladi va o‘yin amaliyotisiz qolib ketgan 21 yoshli futbolchi moskvaliklar bilan amaldagi bitimni bekor qilishga majbur bo‘ldi.
Ayrim ommaviy axborot vositalari o‘zbekistonlik futbolchi “Spartak” bilan aloqani uzish uchun shartnomaning qolgan muddati uchun ish haqini to‘liq talab qilgani aytildi. Unga ko‘ra, O‘runov moskvaliklardan 2 million evro so‘ragan.
“Spartak” klubi Evgeniy Melejikov futbolchi bilan olib borilgan muzokaralarda bu summa ancha pasaytirilganini ma’lum qilgandi.
Endi oshkor bo‘lishicha, O‘runovga kelishuvni bekor qilgani uchun 150 ming evrodan ko‘proq kompensatsiya to‘langan. Bu summa legionerimizning uch oylik maoshi miqdoriga teng ekani ta’kidlandi.
Manbalar O‘runovning yillik maoshi 600 ming evro qilib belgilangani haqida ko‘p bor xabar tarqatgan.
21 yoshli yarim himoyachi katta maoshdan ko‘ra, faoliyatini tiklab olish, muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish variantini tanlagani quvonarli. Oston O‘runovning iste’dodi, salohiyati va mahoratini inobatga olgan holda u hali yanada kuchli jamoalarda o‘ynashiga umid qilish mumkin.
Hozircha, Oston O‘runov faoliyatini “Ural”da davom ettiradi va bu jamoa safidagi harakatlari orqali “Ufa” jamoasiga kelgan payt namoyish qilgan yorqin o‘yinlari tasodif emasligini isbotlashi kutilmoqda.
“Ural” klubi prezidenti Grigoriy Ivanov ham O‘runovning yaqindagina qimmatbaho o‘yinchi bo‘lganini ta’kidlab, jamoa murabbiylar shtabi yosh futbolchini avvalgi mavqeiga ko‘tarishga yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
- Murabbiy Ostonni o‘rganib chiqdi. Yigitni yana avvalgi formaga qaytarishga ulgurishimiz mumkinligini aytdi. Oston ikki yil muqaddam qimmatbaho futbolchi bo‘lgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasida to‘p tepadi.
Bu yigit yana yaxshi o‘ynab ketishi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz. O‘runov – sifatli futbolchi, - dedi Grigoriy Ivanov.
Oston O‘runovni “Paxtakor” klubi tarbiyalangan. Professional futbolchi sifatida “Navbahor”da shakllangan. Keyinchalik Toshkentning “Lokomotiv” klubida to‘p tepdi va aynan “temiryo‘lchilar” safida Rossiya premer-ligasiga yo‘l oldi. Legioner sifatida “Ufa” va “Spartak” jamoalarida o‘ynadi.
O‘runov klublar maqyosida jami 111 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga beshta gol va beshta assist rasmiylashtirgan. Bu futbolchi maydon markazi, har ikki qanot va hujumchi ortida o‘ynay oladigan universal ijrochi hisoblanadi.
Oston 2019 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasidan joy olib kelmoqda. Hozircha, 21 yoshli futbolchimiz ettita uchrashuvda bitta to‘p kiritgan.
Shomurodovni ilk bor o‘ynatgan Mourino qaqshatqich mag‘lubiyatdan keyin nimalar dedi?
Shomurodovni olmoqchi bo‘lganimiz yolg‘on!
Shomurodovning agentlari O‘runovning karerasini qutqarib qoldi! (foto)
Fikrlar