Azizbek Abdug‘ofurov chempionlik kamarini 91 jangda g‘alaba qozongan nokautchidan himoya qiladi
Professional boksdagi faoliyatini o‘tgan yili boshlab, ketma-ket nokautlar bilan muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushgan bokschimiz Azizbek Abdug‘ofurov (4-0-0, 4 KO) WBC yo‘nalishi bo‘yicha Asian Boxing Council middleweight title - Osiyo chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan edi.
Havaskorlar boksida katta tajriba to‘plagan Azizbek professional boksda o‘ziga xos strategiya tanladi va buning samarasida juda tez tanildi. Odatda, professional ringga qadam qo‘ygan bokschilar dastlabki yillarda ko‘nima hosil qilish uchun o‘zlariga o‘xshagan "yangi professionallar" yoki mag‘lubiyatga ko‘nikib qolib, debyutantlarning ruhini ko‘tarishga xizmat qiladigan raqiblar bilan jang qiladi.

Azizbek esa faoliyatini professional boks havosini olgan tajribali bokschilarga qarshi janglar bilan boshladi. O‘tgan yili dastlabki ikki jangda Giga Nadiradze (20-10-1) va Saxlan Koral (15-4-0) ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Azizbek Abdug‘ofurov engilmas bokschi Chaloemporn Samatsuk (17-0-0) bilan WBC Asian Boxing Council middleweight title - Osiyo chempionlik karami uchun ringga chiqdi.
Ikki engilmas bokschining bu jangida o‘zbek bokschisi birinchi raunddayoq raqibini nokautga uchratib, qit’a chempionligiga sazovor bo‘ldi.
Azizbek Abdug‘ofurov joriy yilning 7 yanvar kuni profboksda 41 ta g‘alabaga ega bo‘lgan indoneziyalik Aleksander Bayavaga qarshi ringga ko‘tarildi. Sakkiz raundga mo‘ljallangan jangning ikkinchi raundida Azizbek kuchli zarba bilan raqibini nokautga tushirdi.

Endi Azizbek Abdug‘ofurov 10 fevral kuni WBC yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionligi kamarini ilk bor himoya qiladi. Singapurda bo‘ladigan chempionlik jangida hamyurtimizga qarshi Sirimongkol Eamtuam ringga chiqadi. Tailandlik bokschi professional ringda 93 ta jang o‘tkazib, 91 marta zafar quchgan, shulardan 57 tasida raqiblarini muddatidan oldin enggan.

Sirimongkol Eamtuam bir necha marta turli vaznlarda jahon chempionligiga sazovor bo‘lgan o‘ta kuchli professional bokschi hisoblanadi. Tajribali charm qo‘lqop ustasi qariyb 15 yildan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda.
Azizbek Abdug‘ofurov bo‘lajak jangga Andijon va Toshkent shahrida tayyorgarlik ko‘rdi. Hamyurtimiz tez kunlarda tayyorgarlikni so‘nggi bosqichini o‘tash uchun Malayziyaga yo‘l oladi.
Bo‘lajak jangda Azizbek Abdug‘ofurovga g‘alaba tilaymiz!

Fikrlar