Istominning bo‘lajak raqibi haqida nimalarni bilamiz?
Bu yilgi Avstraliya ochiq chempionatida sensatsion natijalarni qayd etayotgan hamyurtimiz Denis Istominning turning to‘rtinchi bosqichidagi raqibi nomi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda avval xabar berib o‘tgandik.
Endi navbatdagi bosqichda O‘zbekistonning birinchi raqamli tennischisiga bolgariyalik Grigor Dimitrov raqiblik qiladigan bo‘ldi.
Shu munosabat bilan SPORTS.uz internet axborot portali ham ushbu sportchi haqidagi ma’lumotlar bilan qiziqdi.
1991 yilda tug‘ilgan tennischi 2016 yil yakunlariga ko‘ra, ATP reytingida 17 o‘rinni egallab turibdi. Uning asosiy xususiyatlaridan biri zarbalarini o‘ng qo‘lda yo‘llaydi va shu jihati bilan hamyurtimizga o‘xshab ketadi.
Bolgariyalik tennischining katta dubulg‘a turnirlaridagi eng yaxshi natijasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu aynan Avstraliyada qayd etilgan. O‘shanda u musobaqaning chorak final bosqichiga qadar etib borgandi. Ammo, uning musobaqadagi ishtirokining davom ettirishiga ispaniyalik Rafael Nadal to‘sqinlik qilgandi va o‘sha bahsda 3-6 7-6 (7-3) 7-6 (9-7) 6-2 natijasi qayd etilgan.
Umuman olganda, 2008 yilda professional faoliyatini boshlagan tennischining Katta dubulg‘a turnirlaridagi eng yaxshi natijasi 2014 yil Uimbldon turnirida qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda u musobaqaning yarim finaliga qadar etib borgandi. Ammo, o‘shanda u yaqindagina hamyurtimiz Denis Istominga mag‘lub bo‘lgan Novak Jokovich to‘sig‘idan o‘tolmagandi.
Nima bo‘lganda ham biz bo‘lajak bahsda, hamyurtimizga omad tilaymiz...

Fikrlar