Shohjahon Ergashev Yevropa kamari uchun jangda meksikalik bokschi bilan kuch sinashadi
Professional boksda mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirayotgan bokschimiz Shohjahon Ergashev (6-0-0, KO6) o‘zining navbatdagi jangi borasidagi savollarga aniqlik kiritib o‘tdi.
Bundan oldin Shohjahon (rasmda o‘ngda) Afrika va Uganda chempioni Solomon Bogerega qarshi uch marta ringga chiqishga harakat qilib ko‘rdi, biroq uning afrikalik charm qo‘lqop ustasi bu janglarga negadir kelmagan edi. Bu orada esa hamyurtimiz tayyorgarlik bejiz ketmasligi uchun 1 dekabr kuni belaruslik Ilya Reutskiyga qarshi ringga chiqib, raqibini nokautga uchratdi.

Bokschimizning SPORTS.uzga ma’lum qilishicha, navbatdagi jang kelasi oyning birinchi haftasida Moskva shahrida o‘tkazilishi rejalashtirgan. Uning bu galgi raqibi esa meksikalik bokschi bo‘lib, hozirda raqibning nomi sir tutilmoqda. Bellashuv 10 raundga belgilangan bo‘lib, Evropa kamari uchun titul jangi hisoblanadi.

Shohjahon Rio-2016 sovrindori Bektemir Meliqo‘ziev bilan
Ayni damda Shohjahon boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari bilan birgalikda bo‘lajak jangga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mashg‘ulotlar Toshkent viloyatidagi Yangiobod o‘quv-mashg‘ulot bazasida o‘tkazilmoqda. Birinchi bosqich tayyorgarliklar 19 yanvarda tugaydi. Shundan so‘ng Shohjahon Moskvaga uchib ketadi va tayyorgarliklarni o‘sha erda davom ettiradi.
Biz bokschimizning faoliyati g‘alabalarga boy bo‘lishini tilab qolamiz.
- Xushxabar: Menni Pakyaoning hamyurtini qulatgan Qudratillo WBC kumush kamari uchun kurashadigan bo‘ldi
- Xushxabar: Malayziyada raqibini nokaut qilgan Azizbek endi sobiq jahon chempioniga qarshi ringga chiqadi


Fikrlar