“Uzbek Tigers” WSB janglariga qattiq tayyorlanmoqda
Boks olamida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lib ulgurgan Butunjahon boks seriyasi (WSB) musobaqasida boshlanishiga bir necha kun vaqt qoldi. Ushbu yuqori darajadagi turnirning o‘tgan mavsumida ilk marotaba ishtirok etgan “Uzbek Tigers” jamoasi birinchi urinishdayoq yarim finalga etib borib, o‘z salohiyatini namoyish etdi.

Boks muxlislari va mutaxassis mamlakatimizning eng kuchli bokschilarini jamlagan “Uzbek Tigers” jamoasidan bu yil ham katta natijalarni kutmoqda. Hamyurtlarimiz turnirdagi ilk uchrashuvini “China Dragons” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bu uchrashuvga xitoylikar mezbonlik qiladi va janglar 3 fevral kuni o‘tkaziladi.

O‘zbekiston boks federatsiyasi sportchilarning mavsumga puxta tayyorlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berdi. Xususan, 5-19 yanvar kunlari terma jamoamizning asosiy tarkibi va unga nomzod bo‘lgan 50 nafardan ziyod eng kuchli bokschilarimiz Toshkent viloyatining "Yangiobod" sport bazasida dastlabki o‘quv mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tadi.
Bokschilarimiz ayni paytda 23 yanvardan tayyorgarlikni ikkinchi bosqichiga kirishdi. Shundan so‘ng bokschilarimizdan bir guruhi Qirg‘izistondagi xalqaro turnirda ishtirok etadi. “Uzbek Tigers” a’zolari esa “China Dragons” jamoasiga qarshi jang qilish uchun Xitoyga yo‘l oladi.



“Uzbek Tigers” jamoasining bu yilgi tarkibidan Olimpiya o‘yinlari qahramonlari - Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov, Murodjon Ahmadaliev, Shahram G‘iyosov, Bektemir Meliqo‘ziev kabi mahoratli bokschilarimiz ham joy olgan. To‘liq jamoa tarkibi esa o‘ttiz nafar eng kuchli bokschidan iborat.

Boshlanayotgan yangi mavsumda hamyurtlarimizga muvaffaqiyat tilaymiz!

Fikrlar