Evropaga yo‘l yoxud Belarusdagi legionerlarimizdan yangilik kutyapmiz...
Belarus chempionati klublari o‘zbekistonlik charm to‘p ustalariga e’tibor qarata boshlaganidan keyin muxlislarimiz ham ushbu mamlakat futbolini kuzatishga kirishib ketdi. Birinchi navbatda, Belarusga yo‘l olgan futbolchilarimiz mazkur chempionat o‘zlari uchun Evropaning kuchliroq ligalariga tramplin bo‘lishi, xorijlik skautlar va mutaxassislar e’tiborini tortishi mumkinligini hisobga olayotgani sir emas.
Ayniqsa, Jasur Yaxshiboevning faoliyati bunga yaqqol misol bo‘la oladi. “Paxtakor”ga kerak bo‘lmay qolgan futbolchi yurtimizdagi jamoalarda ijarada yurishdan ko‘ra, bizga futboli unchalik tanish bo‘lmagan Belarusga ketgani keyinchalik to‘g‘ri qaror bo‘lgani o‘z isbotini topdi. “Santyago Bernabeu”da “Real”ga gol urgan birinchi futbolchi sifatida tarix sahifalariga o‘z nomini muhrab qo‘ygan legionerimiz aynan Belarusdagi zo‘r o‘yinlari orqali bunga erishganiga e’tibor qaratish kerak.

“Sherif” bosh murabbiyi Yuriy Vernidub Jasurni Belarusdagi faoliyati orqali tanigan va Chempionlar ligasining guruh bosqichi oldidan jamoasining hujumkorligini kuchaytirish maqsadida Polshaning “Legiya”sida zaxiraga mixlanib qolgan Yaxshiboevni Moldovaga taklif etdi. To‘g‘ri tashlangan qadamning samarasi esa hammamizga ma’lum.
Xo‘sh, 2021 yilgi mavsum Belarusdagi legionerlarimiz uchun qanday o‘tdi?
Jasur bilan bir paytda avval “Energetik-BGU”da o‘ynab, keyin BATEga yo‘l olgan Shahboz Umarov ham borisovliklar safida o‘z salohiyatini namoyish eta oldi va ayrim manbalar bu legionerimizga Belarus chempionatidan kuchliroq ligalardan qiziqish bo‘layotganini yozmoqda.

Shahboz Umarov BATE bilan chempionlik uchun kurashishi kutilgandi. Biroq, borisovliklar amaldagi chempion – “Shaxtyor-Soligorsk” futbolchilariga teng kela olmadi. BATE chempionat davomida soligorskliklarni mag‘lub eta olgan uchta jamoadan biri bo‘ldi. Mazkur bahsda Shahboz Umarov supergoli bilan e’tibor va e’tirof qozondi.
Bir necha pozitsiyada harakat qilgan futbolchimiz oliy ligada 28 ta uchrashuv o‘tkazib, oltita gol urdi hamda sakkizta golli pas oshirdi. Qizig‘i, Umarov gol urgan uchrashuvlarda BATE ochko yo‘qotmadi va “Slutsk”, “Gomel”, “Sputnik”, “Slaviya”, “Shaxtyor-Soligorsk” ustidan muhim g‘alabalarni qo‘lga kiritdi.
Eng muhimi, Shahboz Umarov Belarus vitse-chempioni, Belarus kubogi sohibi bo‘lish barobarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosiga aylandi va Srechko Katanets uni o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga muntazam chaqira boshladi.
“Shaxtyor-Soligorsk” Jasur Yaxshiboev ketganidan keyin uning o‘rniga boshqa o‘zbekistonlik futbolchi – Shahzod Ubaydullaevni olib kelib, unga hamyurtining 7-raqamini bergandi.
.jpg?1638106290921)
Afsuski, soligorskliklar legionerimizga etarli imkoniyat bermadi. Uchta uchrashuvda bitta penalti ishlagan Shahzod zaxirada uzoq qolib ketganidan keyin ikkinchi davrada “Energetik-BGU”ga ijaraga yuborildi.
Poytaxtlik “talabalar” safida ancha mazmunli o‘yin ko‘rsatdi. Ubaydullaev jami 14ta o‘yinda maydonda ko‘rinish berdi, raqiblar darvozasini uch marotaba ishg‘ol qilib, jamoadoshlariga to‘rtta golli uzatma berdi.
Qashqadaryo futboli tarbiyalanuvchisi Bobur Abduxoliqov o‘zi uchun achchiq tajriba bo‘lgan Ukraina chempionatidan qaytib, bir necha oy kutib, Belarusga yo‘l olgandi. Chempionatning ikkinchi yarmidan “Energetik-BGU” safiga qo‘shilgan iste’dodli hujumchimiz 14 ta o‘yinda ikkita to‘p kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Yana bir iste’dod egasi – Doniyor Abdumannopov 28 iyul kuni “Andijon”dan “Energetik-BGU”ga o‘tdi. Afsuski, ilk marotaba xorijiy tajriba kutilgan natijani bermadi. Bitta bellashuvda qatnashgan hujumkor o‘yinchimiz jarohati tufayli mavsumning qolgan qismini davolanishga sarfladi.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, Belarusdagi legionerimizning aksariyati o‘z imkoniyatlari va salohiyatlarini ijobiy tomondan ko‘rsata oldi. Demak, qishki transferlar vaqtida ulardan yangilik kutib qolamiz.



Fikrlar