Fayzullaev Evropaning “top-5” ligalariga ketadiganlar ro‘yxatida...
Keyingi yillarda Rossiya Premer-ligasidan Evropa chempionatlariga ko‘chib o‘tayotgan futbolchilar safi kengaya boshladi.
Rossiya futbolini yoritib borayotgan metaratings.ru sayti ekspertlari Rossiya Premer-ligasida o‘ynayotgan, kuchli ligalar jamoalari skautlari kuzatuvida turgan va yaqin kelajakda Evropaga yo‘l olishi mumkin bo‘lgan charm to‘p ustalari ro‘yxatini shakllantirdi.
Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga Rossiya Premer-ligasidan “ko‘hna qit’a”ga ko‘chib o‘tishi kutilayotgan o‘yinchilar haqida xabar beradi.
Nurali Alip
Qozog‘istonlik futbolchi “Zenit”ga o‘tganidan keyin braziliyalik Robert Renanning asosiy tarkibdagi joyini tortib oldi. Nurali avvalgi ikki mavsum davomida Rossiya futboliga moslashishga harakat qildi va nisbatan kam o‘ynadi. Biroq bu mavsumda amaldagi chempionlarning himoya markazini ushlab turibdi.
Ommaviy axborot vositalari Alipni “Manchester Yunayted” jiddiy kuzatayotgani haqida xabar tarqatmoqda.
Konstantin Tyukavin
21 yoshli hujumchi Moskvaning “Dinamo” jamoasi etakchisi hisoblanadi. Uning yorqin o‘yini Evropa klublari skautlari nazaridan chetda qolmaydi. Joriy mavsumda Tyukavin Premer-ligada 17 ta uchrashuvda sakkizta gol va beshta assist muallifi bo‘ldi.
Futbolchining agenti Aleksey Safonov uning mijoziga Evropadan juda ko‘p qiziqish bo‘layotganini ta’kidlamoqda.
Abbosbek Fayzullaev
O‘zbek futbolchisi mavsumning eng yorqin kashfiyoti bo‘ldi. 20 yoshli futbolchi 500 ming evro evaziga TsSKAga ko‘chib o‘tgan edi. Uch oy ichida uning transfer so‘mmasi to‘rt baravar oshdi.
Abbosbek Fayzullaev Rossiya futboliga yorib kirdi. Ketma-ket ikki oy TsSKAning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topildi. Bir necha marta uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovrinni qo‘lga kiritdi.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tarkib topgan O‘zbekiston terma jamoasi safida Osiyo va jahon chempionatida yorqin o‘yin ko‘rsatganidan buyon xorijlik skautlar kuzatuvida.
Aslida Fayzullaev Toshkentdan to‘g‘ri Evropaga yo‘l olmoqchi edi. Biroq kattalarning maslahatiga amal qilib, Rossiya Premer-ligasiga keldi. Ekspertlar agar Fayzullaev shu darajada yorqin o‘yin namoyish etsa, Evropa eshiklari tez ochilishini ta’kidlamoqda.
Sergey Pinyaev
Rossiya futbolining eng yorqin iste’dodlaridan bo‘lgan Pinyaevga keyingi paytda barqarorlik etishmayapti. Mutaxasssislar 19 yoshli futbolchi faoliyatida barqarorlikka erishib, Evropada o‘ynay oladigan darajaga etishiga ishonch bildiryapti.
Pinyaevga Evropadan qiziqish avvaldan bor. U bir necha marotaba “Manchester Yunayted”ga borib, malakasini oshirib keldi.
Fyodor Chalov
TsSKA hujumchisi ketma-ket ikkinchi mavsum to‘purarlik mahoratini namoyish qilmoqda. Chalovning o‘zi ham kuchini Evropada sinab ko‘rishni istayapti.
Fyodor 2022 yilning birinchi yarmini Shveytsariyaning “Bazel” jamoasida o‘tkazgan va mamlakatdan tashqarida o‘ynash tajribasiga ega.
Vanya Drkushich
“Sochi”ga sardorlik qilayotgan Sloveniya terma jamoasi himoyachisi Vanya Drkushich ham Evropaga tortadigan futbolchilar qatorida. Yozda uni “Nant” so‘ragan edi. Lekin klublar o‘zaro kelisha olmadi.
24 yoshli futbolchi hali Evropaning kuchli ligalarida to‘p tepishga ulgurishiga ishonadi. Ayniqsa, Sloveniya kelasi yoz Evropa Chempionatida ishtirok etishini inobatga olsak, Vanyaning ishlari tez orada yanada yurishib ketishining ehtimoli katta.
Fikrlar