
Fayzullaev ketdi!
Rossiya Premer-ligasi vakili TsSKA mavsumning ikkinchi yarmiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Vladimir Fedotov shogirdlari chempionatda 18-turdan keyin 28 ochko bilan sakkizinchi o‘rinni egallab turibdi.
TsSKA futbolchilari chempionatning ikkinchi qismi oldidan uchta xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishi belgilangan edi. Dastlab, Birlashgan Arab Amirliklarida shug‘ullangan “armiyachilar” ikkinchi yig‘inni Turkiyada o‘tkazdi.
Chempionat tiklanishidan oldin so‘nggi mashg‘ulotlar 14-24 fevral kunlar yana Belek shahrida tashkil etiladigan bo‘ldi.
TsSKAdagi vakilimiz Abbosbek Fayzullaev dastlabki ikki yig‘inda ishtirok etmadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Qatar mezbonlik qilgan Osiyo kubogida qatnashgan 20 yoshli hujumkor futbolchimiz rasmiy musobaqaga jalb qilingani bois klub mashg‘ulotlaridan ozod qilingan.
Abbos Osiyo kubogida beshta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga ikkita gol vabitta assist yozdirib qo‘ydi va musobaqaning eng yorqin o‘yinchilaridan biri sifatida e’tirof etildi.
TsSKA murabbiylar shtabi Fayzullaevga bir necha kun ta’til berdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Abbos ta’tilni yakunlab, jamoadoshlari bilan birga Turkiyaga jo‘nab ketdi va mavsumning ikkinchi yarmiga tayyorgarlik ko‘radi. Manbalarning keltirishicha, “armiyachilar” o‘quv-mashg‘ulot davomida Turkiyaning “Beshiktosh “ va “Anadolu Efes” kabi jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi.
Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullaev Rossiya Premer-ligasida mavsumning birinchi yarmida eng asosiy kashfiyot sifatida tan olishdi. O‘tgan yilning avgustida “Paxtakor”dan TsSKAga ko‘chib o‘tgan futbolchimiz qisqa fursatda “armiyachilar”ning etakch o‘yinchisiga aylandi.
Fayzullaev Premer-liga va mamlakat kubogi doirasida jami 18 ta uchrashuvda qatnashib, ikkita gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘ldi. Uning transfer summasi bir necha baravar ko‘tarilib, 4 million evroga baholanmoqda.
Aksariyat mutaxassislar legionerimizning Osiyo kubogida muvaffaqiyatli ishtirokini inobatga olib, transferlarga ixtisoslashgan transfermarkt.world portalining navbatdagi yangilanadigan reytingida yanada qimmatlashishini ta’kidlamoqda.
Rossiya Premer-ligasi o‘yinlari 1 mart kuni “Rostov” va “Krilya Sovetov” uchrashuvi bilan tiklanadi.
TsSKA futbolchilari 2024 yildagi ilk rasmiy uchrashuvini 2 mart kuni “Orenburg” jamoasi vakillariga qarshi o‘tkazadi.
Joriy mavsumda Rossiya Premer-ligasida Abbosbek Fayzullaevdan tashqari Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonaliev “Rubin” jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Yana ikki legionerimiz – Ibrohimxalil Yo‘ldoshev va Ruslanbek Jiyanov qishki transferlar vaqtida “Nijniy Novgorod” jamoasini tark etdi.
Mavsumning qolgan qismiga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgan “Rubin” jamoasi yangi yildagi birinchi bellashuvini 2 mart kuni musobaqa peshqadami “Kranodar” maydonida o‘tkazadi.
Fikrlar