
Gvardiola Husanovdan voz kechdimi? “Siti” 90 million evrolik markaziy himoyachi olyapti
O‘zbekiston milliy terma jamoasi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “Manchester Siti” safida ko‘rinmay qolgani ko‘pchilikning e’tborini tortdi.
Bosh murabbiy Xosep Gvardiola o‘zbekistonlik shogirdini ketma-ket uchta uchrashuvda maydonga tushirgani yo‘q. “Shaharliklar” garchi qishki transferlar vaqtida jamoa tarkibiga qo‘shib olgan to‘rt nafar futbolchidan ikkitasi markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay, klub yozda yana bu pozitsiyaga kuchli ijrochilarni jalb qilmoqchi.
Bu holat o‘z-o‘zidan ichki raqobatni kuchaytiradi va hozirning o‘zida asosiy tarkibga kirishi qiyinlashib qolgan Abduqodir Husano va Viktor Reys yosh futbolchilarning vaziyatini yanada og‘irlashtiradi.
Evropaning nufuzli manbalaridan biri – fichajes.net portalining ma’lum qilishicha, Xosep Gvardiola yozda transfer qilish uchun “Leyptsig” markaziy himoyachisi Kastello Lukebani tanlagan.
Aslida 22 yoshli frantsiyalik futbolchining 2029 yilning yozigacha davom etishi belgilangan shartnomasida uni olmoqchi bo‘lgan klublar 90 million evro badal puli to‘lashi to‘g‘risida band kiritilgan. Biroq o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan grand klublarda o‘ynash istagini bildirgan Lukeba “Leyptsig” rahbariyatini o‘zini arzonroq summaga qo‘yib yuborishga ko‘ndirgan.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Bundesliga klubini 70 million evro atrofidagi mablag‘ qoniqtiradi. “Leyptsig” bu himoyachini 2023 yilning yozida “Lion”dan 30 million evroga transfer qilgan.
Kastello Lukeba yosh bo‘lsa-da, Evropaning ikkita top-ligasi – Frantsiya va Germaniya chempionatlarida o‘zini ko‘rsata oldi. Gvardiolani bu o‘yinchining turli ligalarga osonlikcha moslasha olish qobiliyati qiziqtirib qo‘ygan.
Joriy chempionatda himoya chizig‘i “Manchester Siti”ning eng zaif nuqtasi ekani ko‘rini qoldi. Jumladan, Abduqodir Husanovning tarkibga qo‘shilishi va to‘qqizta o‘yinda ishtirok etishi ham amalda himoyani etarli darajada kuchaytirgani yo‘q.
Shu o‘rinda, ayrim ekspertlar Xosep Gvardiola nega oxirgi paytda o‘zbek futbolchisiga imkon bermay qo‘yganini tahlil qilishdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘zbek legioneri so‘nggi bor 30 aprel kuni “Bornmut” qarshi birinchi bo‘limda o‘ynagan edi. Biroq, Husanov “Lester”, “Manchester Yunayted” va “Kristal Pelas” bilan bo‘lgan o‘yinlarda qatnashmadi.
Mutaxassislarning fikricha, Xosep Gvardiola mavsumning hal qiluvchi pallasida bor e’tiborini jamoa natijalarini yaxshilashga qaratgan. Shu sabab, Pep tarkib tanlashda o‘zining o‘yin falsafasini yaxshiroq tushunadigan boshqa o‘yinchilar xizmatidan foydalanishni ma’qul ko‘rmoqda.
Abduqodir Husanov esa, o‘zi uchun yangi mamlakat, o‘zgacha madaniyat, boshqacha muhitga moslashish davrini boshdan o‘tkazyapti, muloqot uchun ingliz tilini o‘rganyapti.
Husanovning hozirgacha bir necha uchrashuvda boshlang‘ich tarkibga tushgani uning APLga tez moslashgani va darrov Gvardiolaning ishonchini qozonganidan dalolat bermaydi, aksincha, himoyachilar orasida avj olgan jarohatlanish darajasi ortishi oqibatida kadrlar bilan bog‘liq muammolarning kelib chiqqaniga bog‘liq ekani aytilmoqda.
Xosep Gvardiola o‘zbek futbolchisidan voz kechdi, deb bo‘lmaydi. Endi ispaniyalik murabbiy mavsumlar oralig‘i tayyorgarligi jarayonida Husanovni o‘z o‘yin falsafasiga moslashtirishga harakat qiladi va shundan so‘ng Abduqodir yana jamoada asosiy figuraga aylanishi mumkin. Qolaversa, “Manchester Siti”dek nufuzli klublarda ichki raqobat doim oliy darajada bo‘ladi. Abduqodir Husanov aynan mana shu jihatlarni ham inobatga olishi zarur.
Fikrlar