
Gvardiola Husanovga syurpriz tayyorlab qo‘ydi!
“Manchester Siti” Angliya kubogining beshinchi bosqichida o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida quyi liga vakili “Plimut” jamoasi futbolchilarini qabul qiladi.
Bu bahsda bosh murabbiy Xosep Gvardiola tarkibda o‘zgarish qilishi kutilmoqda. Bu markaziy himoyaga ham tegishli bo‘ladi.
Ispaniyalik mutaxassis yanvar oyida kelgan o‘yinchilardan 19 yoshli markaziy himoyachi Vitor Reysni boshlang‘ich tarkibda maydonga chiqaradi.
Aslida qishki transfer qahramonlaridan Abduqodir Husanov, Umar Marmush va Niko Gonsales bellashuvlarda muntazam qatnashib kelmoqda va asosiy tarkibning muqim a’zolariga aylanib bo‘lgan. 37 million evroga olingan Vitor Reys Evropa futbolida tajribasiz bo‘lgani bois, ayni paytda mahoratini oshirish va moslashish jarayonini o‘tayapti.
Braziliyalik himoyachi hozirga qadar asosiy jamoa safida Angliya kubogining avvalgi bosqichida “Leyton Orient” jamoasiga qarshi ilk daqiqalardan o‘ynagan edi. Shundan beri Reys o‘rinbosarlar jamoasida turli musobaqalarda qatnashib yuribdi. Bu bellashuvda 19 yoshli futbolchi himoyalanish qobiliyati, tezkorligi, uzoq masofaga aniq pas berish kabi “Manchester Siti”da alohida qadrlanadigan xususiyatlarini namoyish qilib kelmoqda.
Pep Gvardiola unga “Plimut” bilan bo‘ladigan bellashuvda o‘yin amaliyoti bermoqchi.
- Vitor Reys haqiqatan iqtidorli o‘yinchi. Braziliyadan kelgan yosh futbolchi bor e’tiborini ishga qaratgan. U jismoniy tayyorgarligi va ishtiyoqi yuqori darajada bo‘lgan markaziy himoyachilarimizdan biri.
Reys ham xuddi Abduqodir Husanov singari jamoaga moslashishi uchun ko‘p vaqt sarflagani yo‘q. Buz bundan juda mamnunmiz. Ular mashg‘ulotlar jarayonida ham o‘zini tutishi va bor salohiyatini namoyish qilishi bilan ko‘zga tashlanmoqda, - dedi Xosep Gvardioda.
“Manchester Siti” faoliyatini yoritib kelayotgan cityxtra.co.uk portali eksperti Freddi Payning yozishicha, Vitor Reysni ilk daqiqalardan o‘ynatish orqali murabbiylar shtabi ketma-ket kuchli raqiblarga qarshi faol o‘ynagan Abduqodir Husanovga dam berishi mumkin.
- Bu dam olish kunlari Abduqodir Husanov uchun qanday o‘tishi noma’lum. Uning oxirgi paytda “Manchester Siti” safida turli musobaqalardagi o‘yini “fevral oyining eng yaxshi futbolchisi” nominatsiyasiga nomining qo‘yilishiga asos bo‘ldi.
Xosep Gvardiola o‘zbek yulduzini Premer-ligadagi uchrashuvlarda mavsum oxiriga qadar himoyaviy strategiyaning asosiy o‘yinchisi, deb biladi. Va shu bois, endigina 21 yoshni qarshi olgan Husanovga kubok doirasidagi bellashuvda hordiq chiqarish uchun imkon berishi kutilmoqda, - deb yozdi cityxtra.co.uk portali eksperti Freddi Pay.
Darhaqiqat, Husanov Angliya kubogining to‘rtinchi bosqichida “Leyton Orient” jamoasiga qarshi bahsda zaxirada qoldirilgan edi. Biroq uchrashuvda raqib jamoa hisobni ochgani Gvardiolani kuchli futbolchilarni maydonga tushirishga majbur qildi. Ikkinchi bo‘limda o‘yinga qo‘shilgan Abduqodir Husanov gol urib, jamoa o‘yinida burilish yasagan edi.
“Manchester Siti” va “Plimut” o‘rtasidagi kubok uchrashuvi 1 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:45 da boshlanadi.
Fikrlar