Haqiqiy hujumchi mana shunday bo‘ladi. Shomurodovning muxlislariga xushxabar!
2026 yilgi jahon chempionatining saralash turniri doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi mintaqaviy saralash turnirining uchinchi bosqichi doirasida ikkinchi tur uchrashuvini o‘tkazdi.
Bu gal hamyurtlarimiz Qirg‘iz Respublikasi futbolchilari mehmoni bo‘lib, kambek evaziga 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. Birinchi bo‘limda qirg‘iz futbolchilari ikki bor hisobda oldinga chiqib olgandi. Mezbonlarning birinchi golidan keyin ikki daqiqa ichida Eldor Shomurodov javob to‘pini kiritdi.
Raqib birinchi bo‘lim o‘rtalarida O‘tkir Yusupov darvozasini yana ishg‘ol qildi. Tanaffus oldidan Husniddin Aliqulov hisobdagi farqni yo‘qqa chiqardi. Bellashuvning ikkinchi yarmida Oston O‘runov Eldor Shomurodovning ajoyib pasidan keyin supergol urib, terma jamoamiz g‘alabasini ta’minladi.

Ushbu uchrashuvda o‘z hisobga gol yozdirib qo‘ygan Eldor Shomurodov xalqaro miqyosda to‘purarlik bo‘yicha o‘z rekordini yana yangiladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasida 75-o‘yinini o‘tkazgan hujumchimiz gollari sonini 41 taga etkazib oldi.
2015 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafini himoya qilib kelayotgan 29 yoshli hujumchi gollarini qaysi mamlakatlar terma jamoalariga urgani ko‘pchilik futbol ishqibozlarini qiziqtirsa kerak.
Sports.uz portali Shomurodov yo‘llagan to‘plarni o‘z darvozasidan olib chiqqan terma jamoalar haqida ma’lumot beradi.
Eldor terma jamoamiz safidagi ilk golini uchinchi o‘yinida – Osiyo chempionatining saralash turnirida Bahrayn darvozasiga kiritgan.
2016 yil davomida forvardimiz o‘z hisobiga uchta gol yozdirib qo‘ydi. Uning aniq zarbalari Livan, Kanada, Iroq darvozalaridan joy oldi.
2017 yilning boshida o‘rtoqlik uchrashuvida Gruziya darvozasiga bir juft to‘p kiritgan hujumchimizda qariyb ikki yillik quruq seriya kuzatildi.
Eldor noxush seriyaga 2019 yilning yanvarida barham berdi. Osiyo chempionati uchrashuvlarida O‘mon va Yaponiyaga bittadan, Turkmanistonga ikkita gol urdi. Mana shu yilning o‘zida Xitoy, Yaman, Saudiya Arabistoniga bittadan, Suriya, Singapur, Falastinga ikkitadan to‘p kiritildi.
Shomurodov 2020 yili Italiya chempionatiga ko‘chib o‘tganidan keyin, milliy terma jamoamizdagi statistikasi ham ijobiy tomonga o‘zgargani kuzatildi. Mohir hujumchimiz Evropadagi kuchli beshlik chempionatidan kelib, Eron darvozasini ishg‘ol qildi.
Keyingi – 2021 yili Singapur va Shvetsiya bilan bo‘lgan o‘yinlarda bir martadan raqib darvozasiga yo‘l topdi.
2022 yilgi bellashuvlarda “italiyalik legionerimiz” Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Kosta-Rikaga bittadan, Janubiy Sudanga ikkita, Uganda va Maldiv orollari terma jamoalariga uchtadan to‘p kiritib, sermahsulligi oshib borayotganini ko‘rsatdi.
Shomurodov 2023 yilni ham yuqori saviyada o‘tkazdi. Uning Boliviya va Tojikistonga urgan gollari futbolchilarimizning g‘alabasini ta’minladi. Shuningdek, Eldor Turkmanistonga qarshi ikkita uchrashuvda jami uchta to‘p kiritdi.
2024 yil Eldor uchun muvaffaqiyatli davom etmoqda. U mart oyida Gonkong bilan bo‘lgan har ikki o‘yinda bittadan to‘p kiritdi. Gonkong Eldor Shomurodov darvozasini zabt etgan 25-terma jamoa sifatida qayd etildi.
Nihoyat, Shomurodov bir necha oylik tanaffusdan keyin Qirg‘iziston terma jamoasi darvozasiga 41-golini urib, o‘z rekordini yangiladi.

Bundan buyon Shomurodov terma jamoa safida kiritgan har bir to‘pi yangi rekord sifatida qayd etilaveradi.
Evropani zabt etishga ketgan o‘zbek futbolchisi haqida ma’lumotlar
To‘qnashuvlardagi bu raqamlar O‘zbekistonning qudratini ko‘rsatyapti!
Shomurodov maydonga bir o‘zi tushsa, uni albatta to‘xtata olamiz, lekin...
Fikrlar