
Husanovning agentlari transferga oydinlik kiritdi!
Abduqodir Husanov transferi atrofidagi ma’lumotlar tobora ko‘payib bormoqda. 20 yoshli markaziy himoyachiga da’vogar bo‘lgan Evropaning o‘ndan ziyod klublari faoliyatini yoritib kelayotgan ommaviy axborot vositalarining har biri o‘zbek futbolchisi haqida tinimsiz axborot tarqatib kelmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston futboli tarixida birorta o‘zbek futbolchisi bunchalar ko‘p darajada media nazari ostida bo‘lmagan.
Turli manbalar tarqatayotgan so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Abduqodir Husanov ayni paytda “Lans” safida emas va navbatdagi uchrashuvlarga tayyorgarlik ko‘rmayapti.
O‘zbek legioneri transfer masalasini oxiriga etkazish arafasida. “Manchester Siti” uni o‘z safiga qo‘shib oladigan bo‘ldi, Xosep Gvardiola o‘zbekistonlik yigitga imkon berishga qaror qildi va transferni ma’qulladi.
Husanovning transferi o‘zbek futbolida mutlaq rekord bo‘ladi. Manchesterliklar iste’dod sohibi uchun g‘aznadan 50 million evro ajratishga qaror qilgan.
Bungacha eng yirik transfer Eldor Shomurodov nomi bilan bog‘liq bo‘lgandi. 2021 yilning yozida “Jenoa”dan o‘zbek futbolchisini olib o‘tish uchun “Roma” umumiy hisobda 19,6 million evro sarflagani qayd etilgan.
Rossiyaning “Match TV” sayti o‘zbek futboli vakillari faoliyatini yoritishga alohida e’tibor qaratib keladi. Bu manba Abduqodir Husanov transferiga oydinlik kiritish maqsadida legionerimiz manfaatlarini himoya qilib kelayotgan Football Group LLC agentligiga murojaat qildi.
Sports.uz portali ushbu qisqa suhbatni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etishni ma’qul topdi.
— Ko‘plab ommaviy axborot vositalari Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga o‘tayotganini yozmoqda. Bu haqiqatmi? Muzokara o‘tkazilyaptimi?
— Ha, bu ayni haqiqat.
— Shartnoma imzolandimi?
— Hozir muzokaralar davom etmoqda.
Ta’kidlash joizki, aksariyat ishonchli va nufuzli manbalar tomonlar o‘zaro hamkorlik masalasini deyarli hal qilib bo‘lgani haqida xabar tarqatmoqda.
Abduqodir Husanov ayni paytda Buyuk Britaniyaning ishchi vizasini olish uchun hujjatlarini topshirgan. Shu masala hal bo‘lishi bilan tomonlar besh yillik shartnomaga imzo chekishi aytilyapti.
“Bunyodkor”da tarbiyalagan, “Energetik-BGU”da professional faoliyatini boshlagan, “Lans”da Evropaga tanilgan legionerimiz endi katta zamonaviy futbol vatani Angliyani zabt etishiga umid qilib qolamiz.
Fikrlar