
“Manchester Siti” Husanovni kuzatib qo‘yadi!
Mart oyidagi FIFA kunlarida jahondagi deyarli barcha mamlakatlarning turli terma jamoalari navbatdagi yig‘inlari va o‘yinlarini o‘tkazadi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham 2026 yilgi jahon chempionati Osiyo mintaqasi saralash musobaqasining uchinchi bosqichida ikkita rasmiy bellashuvda qatnashadi. Timur Kapadze bosh murabbiylik qilayotgan futbolchilari Qirg‘iziston va Eronga qarshi to‘p tepadi.
Angliya futbolini yoritib kelayotgan nufuzli manbalardan biri cityxtra.co.uk sayti “Manchester Siti”dan xalqaro uchrashuvlarga taklif etilgan futbolchilar haqida ma’lumot tarqatdi.
Ta’kidlash joizki, “Siti”da angliyaliklarni qo‘shib hisoblaganda o‘n uch mamlakat vakillari to‘p tepib kelmoqda. Legionerlar soni 21 nafarni tashkil qiladi va ularning deyarli barchasi o‘z yurtlari sharafini xalqaro maydonda himoya qiladigan o‘yinchilardir. Mahalliy futbolchilar orasida ham terma jamoaga nomzodlar bor.
Quyida o‘z mamlakatlari terma jamoalaridan rasman taklif olgan futbolchilar va ular ishtirok etishi kutilayotgan o‘yinlar bilan tanishish mumkin.
Braziliya: Ederson, Savino.
Braziliya — Kolumbiya, 21 mart, jahon chempionati saralash uchrashuvi
Argentina — Braziliya, 26 mart, jahon chempionati saralash uchrashuvi
Xorvatiya: Yoshko Gvardiol, Mateo Kovachich.
Xorvatiya — Frantsiya, 20 mart, UEFA Millatlar ligasi, final
Frantsiya — Xorvatiya, 23 mart — UEFA Millatlar ligasi, final
Norvegiya: Erling Xoland.
Moldova — Norvegiya, 22 mart, jahon chempionati saralash uchrashuvi.
Isroil — Norvegiya, 25 mart, jahon chempionati saralash uchrashuvi.
O‘zbekiston: Abduqodir Husanov.
O‘zbekiston — Qirg‘iziston, 20 mart, jahon chempionati saralash uchrashuvi.
Eron — O‘zbekiston, 25 mart, jahon chempionati saralash uchrashuvi.
“Manchester Siti”ning Argentina, Belgiya, Misr, Angliya, Germaniya, Portugaliya, Ispaniya terma jamoalariga nomzod futbolchilari o‘zlariga rasmiy taklif yuborilishini kutmoqda. Bu mamlakatlar terma jamoalar murabbiylar shtabi hali tarkibni oxirigacha shakllantirgani yo‘q va bu ma’lumotlar vaqt o‘tishi bilan yangilab boriladi.
“Shaharliklar”ning bir necha futbolchilari jarohatlar tufayli o‘z mamlakatlari jamoalariga yordam bera olmaydi. Xususan, Manuel Akanji Shveytsariya, Natan Ake Niderlandiya, Jon Stounz Angliya, Rodri Ispaniya, Oskar Bobb Norvegiya yig‘inida qatnashmaydi.
Shuningdek, yoshi katta o‘yinchilardan darvozabon Skott Karson Angliya terma jamoasidagi faoliyatini yakunlashga qaror qilgan. Ilkay Gyundog‘an ham Germaniya terma jamoasidan ketishga qaror qilgani aytilmoqda.
“Manchester Siti” 15 mart kuni Angliya Premer-ligasining 29-turi doirasida o‘z maydonida “Brayton” jamoasini qabul qiladi. Shu bahsdan keyin klub terma jamoadan rasman taklif olgan o‘yinchilar, jumladan Abduqodir Husanovni ham kuzatib qo‘yadi.
FIFA kunlari munosabati bilan e’lon qilinadigan ikki haftalik tanaffusdan keyin shaharliklar birinchi uchrashuvini Angliya kubogi chorak final bosqichida “Bornmut”ga qarshi o‘tkazadi. Chorak final o‘yinlari 28-30 mart kunlariga belgilangan.
Fikrlar