
“Manchester Yunayted” yulduzlarini o‘tkazmagan Husanovning o‘yini qanday baholandi?
Angliya Premer-ligasi to‘rtinchi turining markaziy uchrashuvlaridan biri Manchester shahrining ikki jamoasi o‘rtasida bo‘ldi. Bu bahs “Etixad” arenada bo‘ldi.
Xosep Gvardiola kadrlar muammosiga duch kelganiga qaramay, avvalgi turlardagi ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan keyin jamoasini “Manchester Yunayted”ga qarshi bahsga yuqori darajada tayyorlay olganini namoyish qildi.
Uchrashuv to‘liq “Siti” ustunligida o‘tdi. Mezbonlar tarkibidagi eng katta o‘zgarish darvozabon bilan bog‘liq. Xosep Gvardiola muhim uchrashuvda darvozani qo‘riqlashni Janluiji Donnarummaga topshirdi.
Jarohatdan qutilib safga qaytgan Abduqodir Husanov oldingi turlarda pand bergan o‘ng qanot himoyasidan o‘rin oldi. Va aytish joizki, 21 yoshli legionerimiz o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani to‘liq uddaladi.
Angliya futbolini yoritib kelayotgan nufuzli manbalardan biri – esteemedkompany.com portali ekspertlari “Manchester Siti” o‘yinchilarining harakatlarini quyidagicha baholadi.
Janluiji Donnarumma: 8.5/10
Italiyalik golkiper debyut uchrashuvidayoq o‘z jarima maydonchasida to‘liq nazorat o‘rnatdi va ikkita superseyv ijro etdi.
Abduqodir Husanov: 8/10
Asli markaziy himoyachi bo‘lgan Abduqodir mudofaaning o‘ng qanotida tushganiga qaramay, ilk daqiqalardanoq juda zo‘r o‘ynadi. Xato qilgan vaziyatlarda ham o‘z kamchiligini darrov to‘g‘rilashni uddaladi. Himoya harakatlari ko‘pligi (12 ta) borasida Fil Fodendan keyin ikkinchi ko‘rsatkichni qayd etdi. Bir necha marotaba raqibdan to‘pni olib qo‘ydi. Yosh himoyachidan yana bir ajoyib o‘yin.
Ruben Diash: 7/10
“Manchester Siti”dagi avvalgi uchrashuvlariga qaraganda ishonchliroq harakat qildi. Ortiqcha podkatlardan qochib, o‘z ishini xotirjam bajardi.
Yoshko Gvardiol: 7/10
Mavsumdagi birinchi uchrashuvini yaxshi o‘tkazdi. Jamoa himoyasiga xotirjamlik va barqarorlik olib kirdi.
Niko O’Reyli: 8/10
Chap qanot himoyachisi pozitsyada juda faol o‘ynadi. Himoyada barqaror harakatlanish barobarida jamoasining ikkinchi golida muhim rol o‘ynadi.
Rodri: 6/10
“Oltin to‘p” sohibi hali yuqori darajadagi o‘yinlarga tayyor emas ekan. Ayniqsa, birinchi bo‘limda bir necha marta to‘p yo‘qotdi. Sport formasini tiklashiga vaqt kerak bo‘ladi.
Bernardu Silva: 6.5/10
Faollik ko‘rsatganiga qaramay, birinchi bo‘limda o‘yin tempiga moslasha olmadi. Ikkinchi bo‘limda Xolandga golli pas uzatdi.
Tijani Reynders: 6.5/10
Gol urish imkoniyatlaridan unumli foydalana olmadi. Ikkinchi bo‘limda ishonchliroq harakat qildi.
Fil Foden :10/10
Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi. Maydon markazida o‘yin tempini to‘liq nazorat qildi. Hisobni ochishdan tashqari, jamoasining ikkinchi golida muhim rol o‘ynadi. “Siti”ga etishmayotgan o‘yinchi topildi.
Jeremi Doku: 9.5/10
“Manchester Siti”dagi eng zo‘r o‘yinini o‘tkazdi. Ikkita golli pas, fantastik tezlik va sovuqqon o‘yin bilan olqishlarga sazovor bo‘ldi.
Erling Xoland: 9.5/10
Yorqin o‘yin. Xoland o‘z uslubida o‘ynab, dubl qayd etdi. Shuningdek, himoyaga ham yordam berdi, to‘p bilan raqib futbolchilariga xavf solib turdi. Super o‘yin.
Fikrlar