
“Nasaf”, “Paxtakor”, “Navbahor” – Bugun kimdir ochko yo‘qotishi mumkinmi yoki intriga davom etadimi?
Biroz avval Superliga 25-turi doirasida bugun kurash olib boradigan, to‘g‘riroq qilib aytganda, turnir jadvalining quyi qismidagi jamoalarning o‘yinlarida imkoniyatlar qayndayligi borasida fikr yuritgandik. Endi esa yuqoriga nazar tashlaymiz.
“Paxtakor” – “Qizilqum”
“Sherlar” mavsum boshida boy berilgan ochkolarni ikkinchi davrada to‘ldirdi. Xatto Maksim Shatskix shogirdlari ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. “Qizilqum”da esa aksi. Jamoa yaxshi natijalar qayd etayotganda doimgidek ikkinchi davraning o‘rtalaridan keyin bo‘shashdi. Navoiyliklar 4-pog‘onaga intilsa bo‘ladi. Ammo bu juda mushkul vazifa. Buning uchun AGMK ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchrashi, o‘zi esa 6 ochko ishlashi lozim...
“Qizilqum” nimagadir da’vo qilmaydi. Shuning uchun bu “Paxtakor”ga engillik berishi mumkin. “Sherlar”ning mazkur bahsdagi imkoniyatlari ancha yuqori.
Imkoniyatlar: 80% - 20%
“Metallurg” – “Navbahor”
“Navbahor” kubok finalidan keyin ancha tushkun kayfiyatda edi. Lekin “Lokomotiv” bilan bellashuvdagi g‘alabadan so‘ng biroz o‘ziga keldi. “Lochinlar” ko‘p gol urmaydi. Kichik farq bilan raqibdan ustun kelmoqda. Kam xatoga yo‘l qo‘yadi. Yarim himoyada yaxshi ijrochilar bor.
“Metallurg” ispaniyalik murabbiy qo‘l ostida shu futbolchilar bilan shu ergacha keldi. Bu olqishga sazovor. Tarkibda yorqin nomlar yo‘q. Ammo jamoaviy o‘yin qurilmoqda. Jamoaning bitta kamchiligi mavsumni barqaror o‘tkaza olmagani. Aslida buni jamoadan talab qilish ham qiyin masala. Etakchilar ham bu borada oqsayapti.
O‘yinga kelsak, Samvel Babayan jamoasini faqat g‘alaba qanoatlantiradi. Shuning uchun “Navbahor” qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, 3 ochkoni qo‘lga kiritish ehtimoli bor.
Imkoniyatlar: 45% - 55%
Bugun Superligada bitta jamoaning taqdiri oydinlashishi mumkin
“Nasaf” – “Neftchi”
Ro‘ziqul Berdiev jamoasi o‘z tarixida ilk bor chempionlikka yaqinlashyapti. Qarshiliklar kichik farq bilan bo‘lsa-da, zafar quchyapti. To‘g‘ri, “ajdarlar” ochko yo‘qotgan turlar bo‘ldi. Biroq ularning baxtiga yaqin ta’qibchilari ham qoqildi. Endi ortga yo‘l yo‘q. Xato qimmatga tushadigan palla. Farq esa juda kichkina. Xatto yo‘q desa ham bo‘ladi.
“Neftchi” bir amallab yuqoriga intildi. Ammo jamoaning ligada qolishi hali kafolatlanmagan. Chunki oxirgi turlarda turli natijalar qayd etilib, hammasi tezkari bo‘lib ketishi hech gap emas. Shuning uchun farg‘onaliklar “Nasaf”ga qarshilik ko‘rsatishga urinadi.
Biroq “Nasaf”ning ustunligi jamoaning yangicha uslubida. 3 markaziy himoyaga qarshi turib beradigan jamoa Superligada hozircha topilmayapti. “Neftchi” esa bunday uslubga qarshi o‘ynab ko‘rmadi. Himoyada kamchiliklar bor. Shuning uchun o‘yinda “Nasaf” favorit.
Imkoniyatlar: 60% - 40%
Bekzod ISAEV
Fikrlar