
Sen zo‘r jangchi bo‘lasan! Mashhur promouter Parijda porlagan bokschimizni olib ketmoqchi
Sport olamining eng nufuzli anjumani – Olimpiya o‘yinlari iste’dodli sportchilar uchun ko‘rik vazifasini ham o‘taydi.
Har xil sport turlari bo‘yicha mutaxassislar, ekspertlar, skautlar, selektsionarlar, promouterlar o‘zlariga kerakli bo‘lgan iqtidor egalarini aynan mana shunday yirik musobaqalardan topadi.
Yaqinda Frantsiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilgan yozgi Olimpiya o‘yinlari ham qator sport turlari bo‘yicha yuqori salohiyatli yigit-qizlarni kashf etib berdi.
Professional boks bo‘yicha britaniyalik mashhur promouter Eddi Xirn o‘zining Matchroom Boxing kompaniyasi uchun bir necha bokschilarni tanlab oldi.
Sport24 nashrining ma’lum qilishicha, Eddi Xirn yaqin bir necha oy ichida o‘ziga ma’qul kelgan charm qo‘l qop ustalari bilan hamkorlik o‘rnatishga harakat qiladi.
E’tiborli jihati shundaki, Matchroom kompaniyasi rahbari ko‘pchilik promouterlardan farqli ravishda e’tiborini faqat g‘olib va sovrindorlarga qaratmaydi. Misol uchun Xirn britaniyalik o‘ta og‘ir vaznli bokschsi Matrik Braunni o‘z jamoasiga qo‘shib olmoqchi. Bu bokschi Olimpiadada chorak finaldayoq musobaqani tark etdi. Uning vaznida Bahodir Jalolov chempion bo‘ldi.
Matchroom AQSh terma jamoasi vakillaridan olimpiya sovrindori bo‘lgan yagona bokschi – birinchi o‘rta vazndagi Omari Jonsni nishonga olgan.
Bundan tashqari, Eddi Xirnning ro‘yxatida meksikalik jangchi Marko Verdega ham joy topildi. Bu bokschi Parjda kumush medal olganidan keyin ko‘plab promouterlar e’tiborini qozondi.
Manbaning yozishicha, Eddi Xirnni Olimpiya o‘yinlarining boks musobaqalarida ettita oltin medaldan beshtasini o‘ziniki qilib olgan O‘zbekiston terma jamoasi bokschilarining mahorati hayratga soldi.
Matchroom Boxing kompaniyasi xo‘jayinini unga ma’qul kelgan bokschilar – Omari Jons hamda Marko Verdeni katta ustunlik bilan engib, Olimpiya o‘yinlari shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev ham jiddiy qio‘iqtirib qo‘ydi.
23 yoshli Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev yosh bo‘lishiga qaramay, xalqaro miqyosda nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Farg‘onalik charm qo‘lqop ustasi 2022 yili Irdanida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida bronza medal bilan taqdirlangan. Oradan bir yil o‘tib, Toshkentdagi jahon chempionatida 67 kilogrammgacha vazn toifasida chempionlikka sazovor bo‘ldi.
Mo‘ydinxo‘jaev Parij Olimpiadasida 71 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar musobaqasida ishtirok etdi. Asadxo‘ja saralash janglarida misrlik Umar Elavadi, daniyalik Nikolay Terteryan, amerikalik Omari Jonsni engib, finalga chiqdi.
Hal qiluvchi jangda Asadxo‘ja Meksika vakili Marko Verdeni katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratdi.
Olimpiya o‘yinlari davomida boks musobaqalarini tahlil qilgan ekspertlar Asadxo‘janing shiddatli hujum, tezkor va chaqqon harakatlar, kutilmagan va kuchli zarbalarga asoslangan jang uslubini yuqori baholadi.
Shomurodovga ideal variantlar bor...
Jalolov yangi reytingda “uchdi”! Qolganlarchi?
Fikrlar