Shomurodov gol urgan grand klub “Barsa”dan mashhur darvozabonni oladigan bo‘ldi

  • 16.12.2025 07:15
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol

Ispaniyaning amaldagi chempioni “Barselona” qishki transferlar davrida germaniyalik golkiper Mark-Andre ter Shtegenni boshqa klubga o‘tkazish imkoniyatidan foydalanib qolmoqchi.

O‘n yildan beri jamoa darvozasini munosib qo‘riqlab kelgan 33 yoshli golkiper o‘tgan mavsumda bosh murabbiy Xans-Diter Flikning ishonchini yo‘qotdi. Hozir Kataloniya superklubi birinchi raqamni yozda olingan Joan Garsiyaga topshirgan.

Tajribali Voytsex Shchesni esa zaxira darvozaboni vazifasini bajaryapti va imkon bo‘ldi deguncha darvozani munosib qo‘riqlab kelyapti.

Ter Shtegen og‘ir jarohatdan yaqinda qutildi, biroq uning asosiy jamoaga kirish uchun yo‘llari yopilgan. 2026 yilgi jahon chempionatida qatnashish uchun esa, u muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kerak.

Mark-Andre ter Shtegen atrofida yuzaga kelgan vaziyatdan Turkiyaning mashhur klublaridan hisoblangan “Beshiktosh” foydalanib qolmoqchi.

Bu haqda insayder Ekrem Konur X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, turkiyaliklar tajribali golkiperni yanvarda ijaraga olish bo‘yicha “Barselona”ga rasmiy taklif yubordi.

Biroq so‘nggi xabarlarga qaraganda, ter Shtegen faoliyatini “top-5” ligalarda davom ettirmoqchi va darajasini Ispaniya La Ligasidan pastroq bo‘lgan chempionatlarga bormoqchi emas.

Biz uchun e’tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori ElDor Shomurodov “Roma”dan “Istanbul Bashakshehir”ga ijara asosida ko‘chib o‘tganidan keyin  Turkiya Superligasidagi debyut golini aynan “Beshiktosh” darvozaboni Mert Gyunok darvozasiga urgan edi.

Bugungi kunda 30 yoshli legionerimiz Turkiya chempionatining o‘nta jamoasiga gol urishga ulgurdi. Eldor ayni paytda 11 ta gol va ikkita assist bilan Superliganing eng samarali o‘yinchisi bo‘lib turibdi.  

Mark-Andre ter Shtegen esa, 2014 yilning yozidan buyon “Barselona” safida to‘p surib kelmoqda. Uning kataloniyalik grand bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2028 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali nemis darvozabonining transfer qiymatini 7 million evro deb baholamoqda.

Shomurodov supergol bilan “taxt”ga qaytdi!

O‘zbekiston ulkan hurmatga loyiq! Portugaliya ustozi Martines yana nimalar dedi?

Bu xatodan keyin Gvardiola Husanovni asosiy tarkibga qaytarishi shart

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!