
Shomurodovning narxi qancha? “Rostov” “Jenoa”ning 8 millionini mensimadi yoxud Eldorga Evropadan yana uchta taklif bor
Italiya A Seriyasi ishtirokichisi “Jenoa” o‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov transferi bo‘yicha “Rostov” bilan muzokara o‘tkazoqda.
Avvalroq, italiyaliklar 25 yoshli hujumchi uchun rostovliklarga 8 million evro taklif qilgani haqida ma’lumotlar tarqatilgan edi. “Rostov” rahbariyati bu summani kamligini ma’lum qilgani aytilmoqda.
Bundan ikki oy oldin “Rostov” jamoasi Evropa Chempionlar ligasi oldidan Eldor Shomurodovni o‘z tarkibiga qo‘shib olishni istagan Belgiya vitse-chempioni “Gent”ning ham taklifini rad etgan edi. O‘shanda belgiyaliklar hamyurtimiz uchun besh million evro berishga tayyorligini bildirgan.
Futbolchilarning transfer ma’lumotlariga ixtisoslashgash transfermarkt portalining xabar berishicha, bu yil Eldor Shomurodovning narxi o‘sib, ayni paytda 6,5 million evroni tashkil qilmoqda. Bu “Rostov” futbolchilari orasida ikkinchi ko‘rsatkich. O‘zbekistonlik futbolchilar o‘rtasida Shomurodov eng qimmat o‘yinchi hisoblanadi. “Rostov” hujumchi uchun 2017 yilda “Bunyodkor”ga 300 ming evro miqdorida kompensatsiya to‘lagan.
Rossiya ommaviy axborot vositalari 2019 yilning oxirida Germaniya Bundesligasi vakillari Eldor Shomurodovga jiddiy qiziqish bildirayotganini yozgan edi. Xususan, ma’lumotlarga qaraganda, hamyurtimiz uchun “Shtutgart” 10 million evro, “Shalke” esa bu summaga qo‘shimcha tarzda yana 5 million evro bonus berishga rozi bo‘lgan.
2019 yilning oxiri va 2020 yilning avvalida koronavirus pandemiyasining avj ola boshlagani jahon iqtisodiyotiga, uning ortidan futboldagi transfer bozoriga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Natijada, jahon futbolida ko‘plab transferlar amalga oshmay qoldi.
Ayni paytda “Rostov” o‘zbekistonlik forvard bilan 2024 yilning yozigacha shartnomaga ega. Futbolchining manfaatini himoya qilayotgan mutaxassislar avval ham Eldorga Rossiya va xorijdan manfaatli takliflar bo‘layotganini, lekin yakuniy qarorni klub rahbariyati qabul qilishini bir necha marotaba aytgan.
Demak, bu galgi vaziyatda ham “Rostov” xo‘jayinlari shoshilmasdan, o‘zlari ma’qul ko‘rgan summa aytilmaguncha Eldorni “Rostov”da ushlab turadiganga o‘xshaydi. Klubdagilar Eldorni qaysi narxga qo‘yib yuborishini aytgani yo‘q.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, "Rostov" rahbariyatida Eldor Shomurodov bo‘yicha Evropa jamoalaridan yana uchtasining aniq taklifi bor. Biroq, bu klublar nomi sir tutilmoqda va muzokaralar qizg‘in davom etmoqda.
Nima bo‘lgan taqdirda ham, Eldorning orzusi ro‘yobga chiqib, kuchli beshlik chempionatlaridan biriga o‘tishi o‘zbek futboli uchun har tomonlama foydali bo‘lardi. Chunki Shomurodov Italiya yoki Germaniyada yaxshi o‘ynab keta olsa, bu omil o‘zbekistonlik futbolchilar uchun Evropaga eshik ochadi.
Shu o‘rinda, Eldor Shomurodov “Rostov” uchun barcha musobaqalarda 91 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini 18 marotaba aniq nishonga olgani va jamoadoshlarini 12 marta golli vaziyatga chiqarganini eslatib o‘tish joiz.
O‘zbekiston terma jamoasining asosiy hujumchisiga aylangan Eldor Shomurodov bosh jamoamiz uchun 43 ta o‘yinda 20 ta gol urgan.
Fikrlar