
Yaxshiboev bugun Chempionlar ligasida “Inter”ga qarshi o‘ynaydimi? Savolga bosh murabbiy aniq javob berdi!
Evropada Chempionlar ligasi guruh bosqichining to‘rtinchi tur uchrashuvlari davom etmoqda. Biz uchun ahamiyatlisi bugun Jasur Yaxshiboevning jamoasi – “Sherif” o‘z maydonida Italiya chempioni “Inter”ni qabul qiladi.
Ma’lumki, “Sherif” Moldova tarixida ilk bor qit’aning eng nufuzli turniri guruh bosqichida ishtirok etmoqda. Dastlabki ikki turdayoq “Shaxtyor” va “Real”ni mag‘lubiyatga uchratib, mavsum kashfiyotiga aylangan tiraspolliklar tarixga o‘z nomini yozib qo‘yishga ulgurdi.
Ketma-ket ikki g‘alabadan so‘ng, Yuriy Vernidub shogirdlari uchinchi turda “San-Siro”da “Inter”ga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. “Real”ga gol urgan o‘yinda jarohat olgan Jasur Yaxshiboev Italiyadagi to‘qnashuvda jamoasiga yordam bera olmagandi.
Jasurning jarohati jiddiy bo‘lib chiqqanidan xabaringiz bor. Hatto hujumkor futbolchimiz uzoq kutgan taklif – O‘zbekiston milliy terma jamoasiga chaqiruv olgan bo‘lsa-da, aynan jarohati tufayli Srechko Katanets ko‘rigiga kela olmadi.
Yaxshiboev bir necha hafta davomida davolandi va sport formasini tiklashga vaqt sarfladi. Natijada u terma jamoa yig‘ini, Evropa Chempionlar ligasi va milliy chempionat o‘yinlarini o‘tkazib yubordi.
Hamyurtimizning umumiy guruh mashg‘ulotlarga qaytganiga uzoq vaqt bo‘lgani yo‘q. U Moldova kubogida “Saksan” va milliy chempionatda “Petrokub” jamoalariga qarshi uchrashuvlarda qatnashdi. Shunda ham Yaxshiboev zaxiradan maydonga tushib, bir necha daqiqa harakat qilgan bo‘lsa-da, ancha faol o‘ynadi.
“Inter”ga qarshi uchrashuv oldidan tashkil qilingan rasmiy matbuot anjumanida jurnalistlar “Sherif” bosh murabbiyi Yuri Vernidubdan tarkib borasidagi muammolarni inobatga olib, jamoa muvaffaqiyatlariga katta hissa qo‘shib kelgan Jasur Yaxshiboevning muhim bahsga tayyorgarlik darajasi haqida so‘rashdi.
- Jasur Yaxshiboev uchrashuvni intiqlik bilan kutyapti va birinchi daqiqadanoq kurashishga tayyor. U jangovar kayfiyatda va bor kuchi bilan harakat qilmoqchi, - dedi bosh murabbiy Yuriy Vernidub.
Yaxshiboev faoliyatiga oid yana bir qiziqarli ma’lumot. “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bir necha sovrinlar sohibi hisoblanadi. U 2017 yilda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Keyingi yili “Paxtakor” tarkibida O‘zbekiston chempionati bronza medali sovrindori bo‘ldi.
Legioner sifatidagi yutuqlari ham ancha salmoqli. 2020 yili “Shaxtyor-Soligorsk” safida Belarus chempioni va oliy liganing eng foydali o‘yinchisi nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. 2021 yilning boshida Polshaning “Legiya” jamoasi bilan shartnoma imzolagan hamyurtimiz yozda ushbu mamlakat chempionligiga ham sazovor bo‘ldi.
“Legiya”da etarli o‘yin amaliyotig a ega bo‘lmagan Jasur Yaxshiboev yozgi transferlar mavsumi yopilishi arafasida ijara asosida “Sherif”ga ko‘chib o‘tdi. Legionerimizning imkoniyatlarini yaxshi bilgan tiraspolliklar bosh murabbiyi Yuriy Vernidub Chempionlar ligasi guruh bahslari oldidan jamoasini Yaxshiboev yordamida kuchaytirishga qaror qilganini ma’lum qilgandi.
Har holda Jasur o‘ziga bildirilgan ishonchni ortig‘i bilan oqlayapti. Qolaversa, jahon futbolining eng nufuzli turnirida “Real” darvozasiga “Santyago Bernabeu”da gol urish hammaga ham nasib qilmaydi.
Qiziq tomoni shundaki, “Sherif” joriy mavsumda Moldova chempionligiga juda yaqin turibdi. Yaxshiboev jamoasi hozircha 31 ochko bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Tiraspolliklar yuqori turgan ikki jamoa – “Milsami” va “Petrokub”dan uch ochkoga orqada qolyapti. Biroq, “Sherif” har ikki etakchini ham o‘zaro uchrashuvlarda taslim qilgan va zaxirasida uchta uchrashuv bor. Agar jamoa shu bahslarda ijobiy natija qayd etsa, ikki peshqadamga etib olib tugul ulardan o‘zib ham ketadi.
Agar “Sherif” chempionat oltin medallariga ega chiqsa, Jasur Yaxshiboev bir yil muddatda uchta mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan yagona futbolchimiz sifatida tarixga o‘z nomini muhrlaydi.
“Sherif” – “Inter” uchrashuvi bugun tunda Toshkent vaqti bilan 01:00 da boshlanadi.
Fikrlar