
Mag‘lubiyatlardan charchagan “Roma” supertransferlarni amalga oshiradi!
“Roma” futbolchilari klub rahbariyati tomonidan jamoa oldiga qo‘yilgan vazifani bajarishga qiynalmoqda. Bosh murabbiy Joze Mourino soni ortib borayotgan mag‘lubiyatlarni tarkibda yuqori saviyali o‘yinchilarning kamligi bilan izohlayapti.
Shu bois, Rim klubi xo‘jayinlarini yana xarajat qilishga tayyor. Joze Mourino esa yangi futbolchi qidirish bilan ovora. Ma’lumki, portugaliyalik mutaxassis jamoasiga keladigan yangi o‘yinchilarni asosan o‘zi tanlab beradi.
Hozircha, Mourino Ispaniya grandi “Real”da suyagi qotgan himoyachi Nacho Fernandes va hujumkor futbolchi dani Sebalosni Rimga olib olib kelishni istayapti. Har ikki o‘yinchi ham Karlo Anchelotti jamoasida asosiy tarkibdan tashqarida qolmoqda va ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun yulduzlar klubini tark etishga tayyor.
31 yoshli Nacho joriy mavsumda etti marta maydonga tushdi xolos. Bundan qoniqmagan futbolchi yanvardayoq boshqa jamoaga o‘tmoqchi. O‘z vaqtida “Real”ni boshqargan Mourino ispaniyalik himoyachining o‘yinini yuqori baholamoqda va unga “Roma”da ham asosiy tarkibdan joy berish va’dasi orqali uni Rimga kelishga ko‘ndirmoqchi.
Mourino nishonida turgan Daniel Sebalos ham tez orada Madriddan ketadi. “Real” 25 yoshli hujumkor futbolchi bilan xayrlashishga rozi.
Rimliklar bu o‘yinchini mavsum oxirgacha ijaraga olib, keyinchalik to‘liq transfer huquqini qo‘lga kiritish maqsadida muzokara boshlagani aytilmoqda.
Ispaniya chempionatining yana bir vakili “Betis” ham “Real”ga xuddi “Roma” ilgari surayotgan variantni taklif qildi. Biroq, “Qirollik klubi” mutasaddilari Sebalosni to‘liq sotib yuborishni maqsad qilgan.
“Real” bilan amaldagi shartnomasi 2023 yilning yozida tugaydigan futbolchi Transfermarkt portali tomonidan 20 million evroga baholanmoqda.
“Roma” futbolchisi alamda
“Roma” himoyachisi Janluka Manchini “Milan”ga 1:2 hisobida boy berilgan uchrashuvda hakamlar qaroridan norozi bo‘lmoqda.
- Biz murabbiyning g‘azabiga sherikmiz, hamma nimalar yuz berganini ko‘rdi. Darvozamiz tomon belgilangan penaltiga hech qanday asos yo‘q edi. Hakamga ushbu vaziyatni VAR orqali ko‘rishni bir necha bor aytdik. Lekin baribir o‘zi bilgancha qaror qabul qildi. Himoyachilar himoyalanishi emas, faqat qo‘lini orqaga qilib, sakrashi kerak ekan. Bu futbol emasku.
O‘yin oxirida Kyaer Lorentso Pellegrinining to‘pig‘iga zarba berganida aniq penalti bor edi. Jarima belgilandi, lekin negadir VAR hakamlari aralashmadi. Hakamlar bizga kelib, qoida buzishga ehtiyot bo‘lishimizni tayinladi, bu esa harakatimizni cheklab, pingvindek sakrashdan uyog‘iga o‘tishimizga yo‘l qo‘ymadi.
Men ko‘p futbol tomosha qiladigan odamman. 12 ta sariq kartochka bu uchrashuv uchun juda ko‘p. Angliya premer-ligasidagilar bunaqa hakamlik va penaltini ko‘rsa, ustimizdan kuladi. Men boshqalarga hurmatsizlik qilmoqchi emasman, biroq o‘zimni aldangandek his qilyapman, - dedi Jaluka Manchini.
Pellegrini “Roma”ga yordam berolmaydi
“Roma” etakchisi Lorentso Pellegrini 4 noyabr kuni Konferentsiyalar ligasi doirasida “Budyo-Glimt”ga qarshi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkin.
Ma’lumotlarga qaraganda, jamoa sardorini chap tizzasidagi muammo bezovta qilmoqda. Bu muammo “Milan”ga qarshi uchrashuv oldidan o‘tkazilgan mashg‘ulotda aniqlangan. Biroq, Pellegrini iroda namoyish qilib, muhim o‘yinda ishtirok etishga qaror qildi.
Mutaxassislar Pelegrini tizza bog‘lamlaridagi shamollashni davolatishi zarurligini ta’kidlamoqda. Shu bois, Mourinoning ishongan o‘yinchini navbatdagi bahsni o‘tkazib yuboradi. Pellegrini 7 noyabrga belgilangan “Venetsiya”ga qarshi bellashuvgacha safga qaytishi kutilyapti.
Fikrlar