
"Buxoro"ning yangi bosh murabbiyi faoliyatiga nazar yoxud Ulug‘bek Baqoev haqida batafsil
Xabaringiz bor, bundan bir necha kun muqaddam “Buxoro” klubi murabbiylar shtabida jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. O‘tgan mavsumda buxoroliklar bilan chempionatning to‘rtinchi o‘rnini egallagan Jamshid Saidov va Tachmurod Agamurodovlar o‘z lavozimlaridan ozod etilib, ularning o‘rniga terma jamoamiz va “Lokomotiv” klubidagi faoliyati bilan bizga yaxshi tanish bo‘lgan Vadim Abramov va Ulug‘bek Baqoevlar taklif etildi.
Barchamizga ma’lumki, ushbu klub ayni paytda 38 yoshni qarshilagan sobiq futbolchining murabbiylik faoliyatidagi ilk jamoa hisoblanadi. Shu munosabat bilan SPORTS.uz internet-axborot portali terma jamoamiz sobiq hujumchisi, boshqacha aytganda “Buxoro” klubining yangi bosh murabbiyining oldingi faoliyati bilan qiziqdi.
Ulug‘bek Baqoev faoliyatini barcha o‘ylagani kabi “Buxoro” klubida emas, Birinchi Liganing “Sitora” jamoasi safida boshlagan. Ammo Buxoroning shu nom bilan atluvchi bosh jamoasi uni tezda o‘z safiga qo‘shib oldi va futbolchi ko‘plab muxlis va mutaxassislar nazariga tushishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, 23 yoshida 5 mavsum davomida 119 o‘yinda maydonga tushib, raqiblar darvozasini 38 marotaba ishg‘ol etgan holda, Moskvaning “TsSKA” klubiga yo‘l oldi. Ammo O‘zbekiston va Rossiya chempionatilari o‘rtasidagi tafovut futbolchining “armiyachilar ” safida yorqin to‘p surib ketishiga xalal berdi. Shu sabab, u 2001-2002 yilgi mavsumni “Torpedo-ZIL” safida o‘tkazdi va 20 ta o‘yinda biror marotaba darvozani ishg‘ol qila olmadi.
2003 yilgi mavsumda esa futbolchi chempionatimizga qaytib “Buxoro” va “Andijon” klublari safida maydonga tushdi. Xususan, buxoroliklar safida 7 ta o‘yinda 4 gol urgan bo‘lsa, “Andijon” safida 3 ta o‘yinda 1 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi va o‘sha yilning o‘zida rossiyaliklar safiga qaytib ketdi. Nijekamskliklar safida esa 11 ta o‘yinda 4 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
2004 yilga kelib Baqoev Qo‘stanayning “Tobol” klubidan taklif oldi va darhol Qozog‘iston chempionatiga ko‘chib o‘tdi. Bu qaror esa 26 yoshli futbolchi faoliyatidagi amalga oshirilgan to‘g‘ri yo‘l bo‘lib chiqdi. U qo‘stanayliklar safida jami 111 ta o‘yinda maydonga tushdi va 55 ta gol urishga erishdi. Bu hujumchining samaradorligining yana o‘ziga qaytayotganligidan darak edi.Shuningdek, Baqoev o‘zining ajoyib texnikasi va maydondagi kutilmagan qarorlar qabul qilishi evaziga 2007 yilda “Tobol”ning UEFA “Intertoto” kubogini qo‘lga kiritishiga o‘z hissasini qo‘shdi.
2008 yilga kelib Toshkentning “Bunyodkor” klubi o‘z safini eng mohir futbolchilar bilan to‘ldira boshladi. O‘sha yili Ziko boshchiligidagi jamoaning hujum chizig‘i Xose Luis Vilyanueva, Rivaldo kabi jahon darajasidagi futbolchilar bilan to‘ldirilgan edi. Mana shunday hujumchilar bilan Baqoev “qaldirg‘ochlar” safida 22 ta o‘yinda maydonga tushdi va 8 marotaba raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi. Ammo u Toshkentliklar safida uzoq ushlanib qololmadi va 2009 yilda Dinamoga ko‘chib o‘tdi. Samarqand jamoasi safida esa Baqoev 12 ta o‘yinda maydonga tushib 4 ta gol kiritdi.
2010 yilda 32 yoshni qarshilagan hujumchi yana Qozog‘istonning “Tobol” klubi safiga qaytdi va Qozog‘iston chempionati g‘olibligini ko‘lga kiritdi. Keyingi yilda esa u Toldiqo‘rg‘onning “Jetisu” klubi safiga borib qo‘shildi va 29 o‘yinda 18 ta gol kiritib, muxlislarning haqiqiy yoqimtoyiga aylandi.
O‘sha yilning o‘zida Baqoevning qozog‘istonliklar safida ko‘rsatayotgan o‘yini orqali BAAning “Dubay” klubidan taklif oldi va amirliklar jamoasi safiga ko‘chib o‘tdi. Ammo 8 o‘yinda maydonga tushgan hujumchi biror marotaba raqib darvozasini ishg‘ol qilolmadi va 2012 yilda yana Qozog‘istonga qaytdi.
Ammo bu safar u sobiq, jamoasi “Jetisu”ga emas, “Irtish” klubi safiga borib qo‘shildi. Ushbu klub safida 2014 yilga qadar to‘p surgan futbolchi jami 70 o‘yinda maydonga tushdi va 22 marotaba raqib darvozabonlarini ranjitdi. U Pavlodar jamoasi safida haqiqiy etakchiga aylandi va o‘zining eng muhim paytlarda urgan gollari bilan muxlislar ko‘nglidan chuqur o‘rin egalladi. Xususan, uning ana shunday gollaridan biri Evropa Ligasi saralash bosqichi doirasida Sofiyaning “Levski” klubi dapvozasiga urilgan bo‘lib, u bu orqali pavlodarlik muxlislarga istalgan raqib bilan o‘ynash mumkinligini isbotladi.
Uning ana shunday eng muhim gollaridan yana biri 2011 yilda Qatar poytaxti Doha shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionati chorak finali bahsida Iordaniya darvozasiga urilgandi. O‘shanda terma jamoamizning 33 yoshli hujumchisi 47 va 49-daqiqalarida gol urib vakillarimizning musobaqa yarim finaliga yo‘l olishlariga katta hissa qo‘shgandi.
Umuman olganda, Baqoev terma jamoa safida Osiyo chemionatlari va Jahon chempionati saralash bosqichida ko‘plab muhim uchrashuvlarni o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Eng muhimi, u uzoq davom etgan faoliyati davomida juda ko‘p to‘siqlar va jarohatlarga duch kelgan bo‘lsada, o‘zining ajoyib o‘yini va muhim gollari bilan muxlislar ko‘nglidan muqim o‘rin egalladi.
Baqoevning futbolchilik faoliyati so‘nggida “Buxoro” va “Navbahor” jaomalarida to‘p surdi. 2014 yilda buxoroliklar safini to‘ldirgan hujumchi 9 o‘yinda 3 ta gol kiritib, namanganliklar tarkibiga borib qo‘shildi. “Lochinlar” safida esa u 21 o‘yinda maydonga tushib, 7 ta gol kiritdi.
SPORTS.uz internet-axborot portalining xabar tarqatishicha, yangi mavsumdan boshlab, avval terma jamoada Vadim Abramov qo‘l ostida shug‘ullangan futbolchi endi klub murabbiylar shtabida ham sobiq ustozi bilan hamkorlikni davom ettiradi. Portal tarqatayotgan xabarga ko‘ra, bu boradagi tashabbus aynan Vadim Abramov tomonidan ilgari surilgan. Shunday ekan, biz ham ushbu hamkorlikning uzoq vaqt davom etishini istagan holda, mutaxassisning keyingi faoliyatida omadlar tilab qolamiz.
Bahodir Hasanov tayyorladi.
Fikrlar