
Jamoa shokda: Hakamga qo‘l ko‘targan legionerimiz qanday jazo oladi?
Joriy mavsumda Qozog‘iston Premer-ligasida o‘zbek futbolchilari to‘p tepayotgan ikki jamoa chempionlik uchun kurashmoqda.
Amaldagi chempion “Ordabasi” o‘z tarkibiga Shahboz Umarov yoniga Jasurbek Yaxshiboevni qo‘shib olgan. “Qayrat” klubi esa, Rossiyaning “Nijniy Novgorod” jamoasidan ijaraga olingan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev yordamida oltin medal uchun kurashmoqda.
Chempionat oxirida legionerlarimiz o‘ynayotgan har ikki jamoa chempionlikni “Astana”ga boy berishi mumkin bo‘lgan holat yuzaga keldi. Bunga “Ordabasi”ning 23-turda “Tobol”dan mag‘lubiyatga uchragani sabab bo‘ldi.
Musobaqa yakunlanishiga uch tur qolganida chimkentliklar 39 ochko bilan hamon birinchi, “Qayrat” bir ochko kam jamg‘argan holda, ikkinchi pog‘onadan joy olgan. Biroq “Astana” bir o‘yin kam o‘tkazgan bo‘lishiga qaramay, 37 ochko to‘plagan va uchinchi qatorga choylashgan. Astanaliklar zaxiradagi o‘yinni o‘z foydasiga hal qilib, peshqadamga aylanishi va oxir-oqibat chempion bo‘lish ehtimoli katta. Qolaversa, “Ordabasi” va “Qayrat” 25-turda o‘zaro to‘qnash keladi.
“Tobol” bilan kechgan to‘qnashuv “Ordabasi”ga har jihatdan qimmatga tushdi. Jamoa mag‘lub bo‘lganidan tashqari to‘purari Jasurbek Yaxshiboevdan ayrildi.
Legionerimiz uchrashuv yakunlanishiga bir necha daqiqa qolganida jahl ustida bosh hakam Georgiy Chexovskiyni itarib yubordi. Referi hamyurtimizga to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi.
Qozoq matbuotining ma’lum qilishicha, Qozog‘iston futbol federatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi navbatdagi yig‘ishilida bu vaziyatni o‘rganib chiqadi. Jasur Yaxshiboev uchtadan beshtagacha bo‘lgan o‘yinga diskvalifikatsiya qilinishi ehtimoldan holi emas.
Bu o‘z o‘rnida, Jasurbek Yaxshiboev uchun mavsum yakunlanganini anglatadi.
O‘zbek hujumchisisiz amaldagi chempionning o‘z unvonini munosib himoya qilishi ancha qiyinlashadi. Chunki Jasur chimkentliklarning asosiy to‘purari hisoblanadi. U 17 ta bellashuvda raqiblar darvozasini 9 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga uchta golli pas ham uzatgan.
Legionerimizning gollari “Ordabasi”ga beshta uchrashuvda g‘alaba keltirgan, ya’ni jamoa jamg‘argan 39 ochkodan 15 tasi Yaxshiboevning xizmatlari evaziga qo‘lga kiritilgan.
Jasurbek Yaxshiboevning o‘zi chempionat to‘purarlari poygasida va liganing eng foydali o‘yinchisi nominatsiyasida g‘oliblik uchun kurashib kelayotgan edi. Endi Tartib-intizom qo‘mitasi qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, 27 yoshli hujumkor futbolchimiz individual sovrinlar uchun kurashdan chiqqani anglashiladi.
Eslatib o‘tamiz, Jasurbek Yaxshiboev “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. 2018 yili yoshlar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘lgan. 2017 yili O‘zbekiston chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritgan.
2020-2022 yillar davomida Belarus, Polsha va Moldova chempioni bo‘lgan. Hamyurtimiz Evropa Chempionlar ligasining guruh bahslarida “Santyago Bernabeu” stadionida “Real” darvozasini ishg‘ol qilganidan keyin ko‘plab muxlisu mutaxassislar e’tiboriga tushgan edi.
Jasur Yaxshiboev faoliyati davomida “Paxtakor”, OTMK, “Navbahor”, “Energetik-BGU”, “Shaxtyor”, “Legiya”, “Sherif” va “Ordabasi” jamoalari sharafini himoya qilgan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida o‘nta o‘yinda ishtirok etib, o‘z hisobiga bir juft gol yozdirib qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi.
Husanovga Angliyadan uch klub xaridor, “Lans” katta narx belgiladi!
Husanovga Angliya chempionligi uchun kurashayotgan superklub qiziqmoqda!
Yangi pozitsiyada raqibni titratgan Husanovning o‘yini qanday baholandi?
Bunaqasini Husanovdan hech kim kutmagan edi...
Bu ish amalga oshsa, Fayzullaevning narxi ko‘tarilib ketadi!
O‘zbekiston himoyasini mustahkam ushlab turgan Husanovning o‘yini Evropada qanday baholanyapti?
Rossiyada O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqishiga ishonishyapti
Husanov Evropada cho‘qqiga ko‘tarilyapti!
Fikrlar