
Ko‘p gol urgan legionerimizning narxi oshdi
Transferlarga ixtisoslashgan Transfermarkt portali Qozog‘iston premer-ligasi futbolchilarining yangilangan transfer narxlarini e’lon qildi.
Qozog‘iston chempionatida to‘p tepgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeevning transfer summasi 200 ming evroga ko‘tarilib, bugungi kunda 1,7 million evroni tashkil qilmoqda. Bu Sergeev faoliyatidagi eng yuqori ko‘rsatkich emas.
“Paxtakor” futbol klubi tarbiyalanuvchisining transfer summasi 2016 yilda 2 million evroga ko‘tarilgan edi.
Ta’kidlash joizki, Igor Sergeev Qozog‘iston premer-ligasidagi faoliyatini yil avvalida “Aktobe” jamoasida boshladi va dastlabki turlardan to‘purarlik mahoratini namoyish qildi. Aktobeliklar safida hamyurtimiz 18 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga ettita gol yozdirib qo‘ydi.
Keyinchalik “Aktobe”da yuz bergan o‘zgarishlar natijasida jamoaning maqsadi o‘zgarib, ular yuqori o‘rinlar uchun kurashdan chiqdi.
Yozgi transferlar vaqtida premer-liga peshqadamlaridan hisoblangan “Tobol” UEFA Konferentsiya ligasi bellashuvlari oldidan tarkibini kuchaytirish uchun o‘zbekistonlik legionerni transfer qildi. Darhaqiqat, Sergeev Konferentsiyalar ligasi saralashida to‘rtta o‘yinda qatnashib, ikkita to‘p kiritishga erishdi.
Mohir hujumchimiz “Tobol” uchun premer-ligada ettita o‘yin o‘tkazdi. Kustanayliklar safida Igor to‘rt marta to‘p kiritdi. Hamyurtimiz “Tobol”ning chempion bo‘lishiga katta hissa qo‘shdi. Jami 11 ta gol bilan chempionat to‘purarlari bahsida uchinchi o‘rinni egalladi.
Shuningdek, Igor Sergeev Qozog‘iston kubogida jami to‘qqizta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qilgan.
Transfermarkt portaliga ko‘ra, Igor Sergeev chempion jamoaning eng qimmat futbolchisi hisoblanadi. Shu bilan birga hamyurtimiz Qozog‘iston premer-ligasida o‘ynagan eng qimmat o‘yinchilar reytingida uchinchi o‘rinni “Qayrat” himoyachisi Nurali Alip bilan bo‘lishib turibdi.
Qozog‘iston chempionatining eng qimmat futbolchisi nomini “Astana” yarim himoyachisi Tigran Barsegyan o‘zida saqlab qoldi. Uning transfer summasi 2,5 million evroga ko‘tarildi. Ikkinchi pog‘onadan “Qayrat” yarim himoyachisi Yatsek Guralskiy joy olgan. Uning narxi 1,8 million evroni tashkil qilmoqda.
Qozog‘iston chempionatining eng qimmat o‘n nafar futbolchisi bilan tanishing:
- Tigran Barsegyan («Astana») — 2,5 mln evro;
- Yatsek Guralskiy («Qayrat») — 1,8 mln evro;
3-4. Igor Sergeev («Tobol») — 1,7 mln evro;
3-4. Nuraly Alip («Qayrat») — 1,7 mln evro;
5-6. Rade Dugalich («Qayrat») — 1,5 mln evro;
5-6. Xose Kante («Qayrat») — 1,5 mln evro;
7-8. Dino Mikanovich («Qayrat») — 1,4 mln evro;
7-8. Abzal Beysebekov («Astana») — 1,4 mln evro;
9-10. Neboysha Kosovich («Qayrat») — 1,3 mln evro;
9-10. Aleksa Amanovich («Tobol») — 1,3 mln evro.
Igor Sergeevning “Tobol” bilan shartnomasi 31 dekabr kuni yakunlanadi. To‘purar hujumchimiz avval to‘rt karra O‘zbekiston chempioni, bronza medal sovrindori, ikki karra mamlakat kubogi sohibi va chempionat to‘purari bo‘lgan. O‘zbekiston, Qozog‘iston, Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklarida to‘p tepgan.
Igor Sergeev O‘zbekiston milliy terma jamoasida jami 59 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini 17 bor aniq nishonga olgan.
Fikrlar