
Noxush xabar: Mashhur legionerimiz jiddiy jarohat oldi, sabr va shifo tilaymiz!
Turkiya Superligasida ishtirok etayotgan Husniddin Aliqulov “Rizespor” jamoasi safida mashhur klub “Galatasaroy” mehmoni bo‘ldi.
Beshinchi turdan o‘rin olgan ushbu bahs mezbonlarning ustunligida o‘tdi. “Rizespor” etakchilaridan hisoblangan Husniddin Aliqulov uchun bu o‘yin omadsiz yakunlandi.
Raqib hujumchisi Yunus Akgyun bilan kurashda oyog‘idan jiddiy jarohat olgan hamyurtimiz bellashuvni davom ettira olmadi. Maydonni erta tark etishga majbur bo‘lgan Aliqulov 38-daqiqada o‘z o‘rnini Amir Xadziaxmetovichga bo‘shatib berdi.
Hamyurtimiz o‘yindan chiqib ketganidan keyin mehmonlarning himoyasi ancha bo‘shashib qoldi va “Galatasaroy” futbolchilari hisobni 5:0 ko‘rinishiga olib keldi.
Aliqulovning jarohati “Rizespor” uchun katta yo‘qotish hisoblanadi. Husniddin himoyachi bo‘lishiga qaramay, o‘z vazifalarini uddalashdan tashqari hujumga qo‘shilib, ikkita gol ham urishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Legionerimizning gollari “Bashakshehir” va “Adana Demirspor” darvozalariga kiritgan to‘plari “Rizespor” egalik qilib turgan to‘rt ochkoni keltirgan.
Endi Aliqulov chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng, jarohatining darajasi va davolanish muddati aniq bo‘ladi.
25 yoshli legionerimiz aslida “Mash’al” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Professional faoliyatini Muborakda boshlagan Aliqulov 2019 yili “Nasaf”ga ko‘chib o‘tdi.
Qashqadaryoning etakchi klubida muvaffaqiyatli o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar nazariga tushdi.
Husniddin 2023 yilning yoziga kelib, ilk bor legionerga aylandi. “Rizespor” mutasaddilari markaziy himoyachini o‘z jamoasiga qo‘shib olishga qaror qildi. Bu transfer Qarshi klubiga 400 ming evro miqdorida mablag‘ keltirdi.
Himoyachi bo‘lishiga qaramay, hujumlarga qo‘shilishni xush ko‘radigan legionerimiz qisqa fursatda “Rizespor”ning asosiy figuralaridan biriga aylandi.
Husniddin Aliqulov shu kunga qadar klublar miqyosidagi barcha musobaqalarda 147 ta uchrashuvda ishtirok etgan, himoyachi bo‘lsa-da, raqiblar darvozasini 17 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga oltita golli pas uzatgan.
Qashqadaryo futboli tarbiyalanuvchisi 2020 yilning sentyabr oyidan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb qilib kelinmoqda. Xalqaro miqyosda hozirgacha 25 ta o‘yinda qatnashib, o‘z hisobiga uchta gol yozdirib qo‘ygan.
Bosh bilan a’lo darajada o‘ynaydigan himoyachimiz terma jamoa safida Vetnam, Turkmaniston va Qirg‘iziston darvozabonlarini ojiz qoldirdi.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari nomidan Husniddin Aliqulovga tezroq tuzalib, safga qaytishini va o‘yinlari bilan muxlislarga xursandchilik ulashishini tilab qolamiz.
Fayzullaev xavotirga sola boshladi...
Legionerimizning yangi jamoasi “Chelsi”ni ortda qoldirdi
Raqibda bunaqa talantlar yo‘q! O‘zbekiston, Shomurodov va O‘runovga qanday baho berishdi?
Evropani zabt etishga ketgan o‘zbek futbolchisi haqida ma’lumotlar
Shomurodovga Evropada yana imkoniyat berishga qaror qilishdi!
Evropadagi legionerimiz g‘alabaga tayyorlanyapti (foto)
Legionerimiz Premer-ligada to‘purar bo‘lishiga ishonishmayapti!
Fikrlar