O'zbek futbolchisining Yevropa klubiga transferi rasmiy e'lon qilindi
Rossiya Premier-ligasi ishtirokchisi – Qozonning “Rubin” klubi rasmiy saytida oʻzbekistonlik legioner Umarali Rahmonaliev Ozarbayjonning “Sabah” jamoasiga toʻliq transfer qilinganini maʼlum qildi.
2025 yil boshidan beri oʻzbek futbolchisi Ozarbayjon klubida ijara asosida toʻp surayotgan edi. Endi esa Umarali “Sabah”ga toʻliq huquqli futbolchi sifatida koʻchib oʻtdi.
- “Rubin” futbol klubi va “Sabah” yarim himoyachi Umarali Rahmonalievning Ozarbayjon jamoasiga transferi boʻyicha kelishuvga erishdi. U avval ham u yerda ijara asosida oʻynagan edi.
Barcha mehnating uchun rahmat va keyingi faoliyatingda omad tilaymiz, Umarali!, - deb yozdi qozonliklar matbuot xizmati.
Eslatib oʻtamiz, 22 yoshli Rahmonaliev aslida “Bunyodkor” akademiyasidan yetishib chiqqan isteʼdodli oʻyinchilardan. Universal yarim himoyachi mamlakatimiz Superligasida “Bunyodkor” sharafini bir yil himoya qilganidan keyin 2023 yilning boshida Rossiya Premier-ligasi vakili “Rubin” jamoasiga erkin agent maqomida borib qoʻshildi.
Qozon shahri klubi Rahmonaliev oʻyin amaliyotiga ega boʻlishi va tajriba toʻplashini taʼminlash maqsadida uni 2025 yilning boshida “Sabah” jamoasiga ijaraga joʻnatdi.
Hamyurtimiz “Rubin” jamoasi safidagi faoliyati davomida jami 27 ta oʻyinda maydonga tushib, ikkita golli uzatmani amalga oshirgan.
Bir yil avval “Sabah”dagi faoliyatini boshlagan Umaralining Ozarbayjon klubidagi faoliyati ancha sermahsul chiqdi. Bu jamoa safida oʻzbek futbolchisi barcha turnirlarda 36 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini uch bor ishgʻol qilgan.
Umarali 2025 yilda Boku shahri jamoasiga oʻz tarixida ilk bor Ozarbayjon kubogini qoʻlga kiritishiga yordam berdi.
Bugungi kunda 22 yoshli yarim himoyachining transfermarkt.world portalidagi transfer narxi 800 ming yevroga koʻtarilgan.
Fikrlar