
“Roma” hujumchilaridan birini sotishga qaror qildi. U kim ekan?
Eldesmarque.com nashrining xabar berishicha, Ispaniyaning “Valensiya” klubi “Roma” hujumchisi Karles Peresga jiddiy qiziqmoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, ispaniyaliklar 23 yoshli hujumchini ijaraga olish bo‘yicha Rim klubi mutasaddilariga murojaat qilgan. “Roma” vakillari ispan hujumchisini ijaraga bermasdan to‘liq sotib olishni taklif qilyapti.
Shuning uchun bu transfer “Valensiya” mavsum oxirida Peresni transfer qilish majburiyatini olsagina amalga oshadi.
Karles Peres joriy mavsumda barcha turnirlarda 19 ta uchrashuv o‘tkazib, ikkita gol va bitta assist muallifi bo‘ldi.
Ispaniyalik hujumchi 2020 yili “Roma”ga “Barselona”dan transfer qilingan. U kataloniyaliklar safida 11ta uchrashuvda qatnashib, bitta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.
“Roma” Mxitaryandan nega voz kechayotgani ma’lum bo‘ldi
Yaqinda “Roma” klubi mavsum oxirida shartnomasi tugaydigan Genrix Mxitaryan bilan xayrlashishi haqida xabarlar tarqatilgan edi.
Bugungi kunda armanistonlik yarim himoyachi “bo‘rilar”ning eng samarali futbolchilaridan hisoblanadi. U Lorentso Pellegrini safdan chiqqanidan keyin pleymeyker va hujumkor yarim himoyachi vazifalarini bajarib kelmoqda.
Manbalarning ta’kidlashicha, Genrix zo‘r o‘ynayotganiga qaramay, “Roma” undan voz kechishiga yoshi va maoshining kattaligi sabab bo‘layotgan ekan. Klub rahbariyati har bir mavsum uchun 3 million evro maosh olayotgan 33 yoshli yarim himoyachi uzoq muddatli shartnomaga loyiq emas, degan qaror kelgan va o‘rniga yosh futbolchi olishni rejalashtirmoqda.
Mxitaryan joriy mavsumda barcha turnirlarda 28 marotaba o‘yinga tushib, o‘z hisobiga uchta gol va ettita golli pas yozdirib qo‘ydi.
Fatsio ketishga rozi bo‘ldi
“Roma”ning argentinalik himoyachisi Federiko Fatsio klub bilan muddatidan oldin shartnomani bekor qilishga ko‘ndi.
Joze Mourino 34 yoshli tajribali futbolchini birinchi jamoa safidan chiqardi va unga umumiy guruhda shug‘ullanish imkonini ham bermadi. Argentinalik o‘yinchining klubda qolishidan hech qanday umid yo‘q.
“Roma”ning musobaqalar uchun qaydnomasiga ham kiritilmagan Fatsio mavsum oxirigacha klubda qolishni rejalashtirayotgan edi. Biroq klub mutasaddilari uni shartnoma yakunlanishiga yarim yil qolgan paytda bitimni bekor qilishga ko‘ndirdi.
Fatsioning bu kelishuvga ko‘nishiga unga “Salernitana”dan taklif tushgani turtki bo‘ldi. A Seriya autsayderi bu o‘yinchi transferi uchun pul topolmaydi. Lekin Fatsioning “Roma” bilan bitimi bekor qilinsa, uni erkin agent sifatida o‘z safiga qo‘shib olishi mumkinligini bildirdi.
Federiko Fatsio “Roma”dagi olti yillik faoliyati davomida “bo‘rilar” safida 169 ta o‘yin o‘tkazib, 14 ta gol va 3 ta golli pas muallifi bo‘lgan.
“Roma” futbolchisi raqib jamoaga ketdi
“Roma”ning 19 yoshli futbolchisi Rikkardo Chervo faoliyatini “Sassuolo”da davom ettiradigan bo‘ldi.
Rimliklar hujumkor futbolchini keyinchalik sotib olish majburiyati bilan mavsum oxirigacha ijaraga jo‘natdi.
Chervo 2020 yildan beri Rim klubi futbolchisi hisoblanadi. U joriy mavsumning birinchi yarmini ijara asosida “Sampdoriya”da o‘tkazdi. Yosh o‘yinchi genuyaliklar safida barcha turnirlarda 12 marta maydonga tushdi, biroq samarali harakatlarni amalga oshira olmadi.
Fikrlar