
Tezkor: FIFA Eldor Shomurodov uchun “Roma”dan pul undirdi
Rossiya Premer-ligasi vakili “Rostov” jamoani 2020 yili tark etgan Eldor Shomurodov uchun “Roma”dan pul oladigan bo‘ldi.
Rostovliklar shu yilning sentyabr oyida FIFA tribunaliga murojaat qilib, Italiyaning “Roma” klubi Eldor Shomurodov transferi uchun belgilangan mablag‘ni bermayotgani uchun shikoyat arizasi kiritgan edi.
Gap shundaki, “Rostov” o‘zbek hujumchisini “Jenoa”ga transfer qilganida kelishuv shartnomasiga keyingi transferlan 15 foiz ulush olishi to‘g‘risida band kiritgan. “Jenoa”dan Shomurodovni transfer qilgan “Roma” ana shu mablag‘ni to‘lamay kelayotgan edi.
Masalani puxta o‘rganib chiqqan FIFA mutasaddilari “Rostov” klubining da’vosini qanoatlantirib, Rim jamoasiga to‘lovni amalga oshirish mag‘buriyatini qo‘ydi.
“Rostov” klubi o‘z rasmiy saytida klubning da’vo arizasi FIFA tomonidan ko‘rib chiqilgani va to‘liq qanoatlantirganini rasman e’lon qildi.
O‘zbekistonda “Mash’al” va “Bunyodkor” jamoalari sharafini himoya qilgan Eldor Shomurodov Rossiya Premer-ligasiga 2017 yili yo‘l olgan.
Hujumchimiz “Rostov” jamoasi safiga qo‘shilib, bu jamoa safida uch yil to‘p tepdi. Bu muddat ichida Eldor jami 91 ta o‘yinda qatnashib, raqiblar darvozasini 18 marotaba ishg‘ol qildi va jamoadoshlariga 12 ta golli pas uzatdi.
2020 yilning 1 oktyabrida Italiyaning eng qadimgi jamoasi – “Jenoasi” o‘zbek forvardini transfer qildi. Italiyaliklar transfer uchun 7,5 million evro va turli bonuslar to‘ladi. Ushbu jamoa safidagi debyut mavsumida o‘z hisobiga sakkizta gol yozdirib qo‘ygan Eldor 2021 yilning yozida “Roma” futbolchisiga aylandi.
Rim klubi bosh murabbiy Joze Mourino talabi bilan Shomurodovni 17,5 million evroga transfer qildi. Bu o‘zbek futbolchilari uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Hali O‘zbekiston futboli tarixida hech qaysi o‘yinchimiz bu qadar qimmat narxga transfer qilinmagan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Rostov” Shomurodovning “Jenoa”dan “Roma”ga transferidan umumiy hisobda 1,5 million evro ulush olishi kerak edi.
Endi poytaxt klubi “Rostov” g‘aznasiga belgilangan tartibda pul tushirib beradi.
“Rostov”ga hamon foyda keltirayotgan Eldor Shomurodovning o‘zi ijara asosida “Kalyari”da to‘p tepmoqda. Sardiniyaliklar legionerimizni bir million evro evaziga bir mavsum uchun ijaraga olgan.
Agar o‘zbekistonlik o‘yinchining harakatlari “Kalyari” mutasaddilariga ma’qul kelsa, ularda Shomurodovni yana 9 million evro to‘lab, to‘liq transfer qilish huquqi bor.
Hozircha, 28 yoshli Eldor Shomurodov “Kalyari” safida A Seriyada 13 marotaba maydonga tushib, jamoadoshlariga bir juft golli pas oshirdi.
Fikrlar