Evrokubokda o'ynaydigan klub o'zbek futbolchisi transferini e'lon qildi
Qozog‘iston Premier-ligasining eng kuchli jamoalaridan hisoblangan “Astana” oʻzbekistonlik futbolchi transferini rasmiy eʼlon qildi.
Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi va “Gʻazalkent” klubi yarim himoyachisi Asilbek Abdurasulov ijara asosida “Astana” jamoasiga oʻtdi.
- Asilbek Abdurasulov — “Astana”ning yangi oʻyinchisi!
Yosh oʻzbek yarim himoyachisi jamoaga yil oxirigacha ijara asosida qoʻshildi. Asilbek qanot hujumchisi pozitsiyasida oʻynaydi, — deyiladi poytaxt jamoasining Instagram sahifasida eʼlon qilingan bayonotida.
18 yoshli oʻzbekistonlik futbolchi aslida “Bunyodkor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U joriy yilning fevral oyida “Gʻazalkent”ga transfer qilingan edi. Asilbek Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi safida ikki oʻyinda maydonga tushgan.
Qozog‘iston Premier-ligasining 2026 yildagi mavsumida dastlabki uch turida “Astana” ikki gʻalaba va bir durang qayd etdi. Poytaxt jamoasi 7 ochko bilan turnir jadvalida birinchi oʻrinni egallab turibdi.
Oʻtgan mavsumda chempionatni ikkinchi oʻrinda yakunlagan “Astana” bu yil UEFA Konferensiyalar ligasining saralash bosqichida ishtirok etadi.
Shu oʻrinda, Qozogʻistonning yana bir jamoasi “Okzhetpes” oʻzbekistonlik yarim himoyachi Bektemir Abdumannonav bilan shartnoma imzolaganini maʼlum qildi.
- Bektemir Abdumannonav — “Okzhetpes” oʻyinchisi!
“Okzhetpes” futbol klubi oʻzbek yarim himoyachisi Bektemir Abdumannonav bilan shartnoma imzoladi.
Bektemir 2002 yilning 12 iyulida tugʻilgan. U Toshkentning “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Oʻzbekiston chempionatida 93 ta oʻyin oʻtkazib, 14 ta gol urgan va 19 ta golli uzatma bergan. “Andijon” tarkibida Oʻzbekiston kubogi sohibi boʻlgan, — deyiladi Kokshetau shahri sharafini himoya qilayotgan jamoa Instagram sahifasida.
23 yoshli vinger 2024 yilda “Andijon” tarkibida Oʻzbekiston kubogi sohibi boʻlgan edi. Bektemir 2026 yilning 19 yanvar kuni Samarqandning “Dinamo” klubiga oʻtgan. U yarim mavsumga ijara asosida “Okzhetpes” safida toʻp tepadigan boʻldi.
Shu bilan birga Samarqand klubi yozgi transfer oynasida futbolchini qaytarib olish huquqini saqlab qolgan.
Taʼkidlash joizki, qisqa tanaffusdan keyin Qozogʻiston chempionatida yana oʻzbekistonlik futbolchilar paydo boʻldi.
Kulminatsion nuqta – Husanov Saloh hisobni ochishga yo‘l qo‘ymagani boʻldi
Bunaqa oʻyindan keyin ekspertlar Husanovning reytingini koʻtardi!
Olmaliqda tug‘ilgan futbolchi transferini Manchester va Madrid superklublari so‘radi
Fikrlar