
Gvardiola ketsa, Husanovga kim ustozlik qiladi?
Jahon matbuotida “Manchester Siti”ni 2015 yildan beri muvaffaqiyatli boshqarib kelayotgan Xosep Gvardiola joriy mavsumdagi muammolardan keyin yozda klubni tark etishi haqida ma’lumotlar tarqala boshladi.
Xususan, Footmercato nashri jurnalisti Xosep Pedrerol Xosep Gvardiola aslida jamoani o‘tgan yili yozda tark etmoqchi bo‘lgani, u Angliya terma jamoasi bosh murabbiyligini ko‘zlaganini haqida yozdi.
Biroq Angliya futbol assotsiatsiyasi mamlakat bosh jamoasini germaniyalik tajribali mutaxassis Tomas Tuxelga topshirishga qaror qildi.
Gvardiola o‘sha paytda aniq takliflarga ega bo‘lmagani uchun eng qulay variant – “Manchester Siti”da qolishni ma’qul topdi va amaldagi shartnomasini yana bir yil muddatga uzaytirdi. Yangi bitimga ko‘ra, ispaniyalik mutaxassis “shaharliklar”ni 2027 yilning yozigacha boshqarishga ko‘ngan.
Shunga qaramay, Xosep Gvardiola “Manchester Siti”dagi faoliyatini yakunlash fikridan qaytgani yo‘qligi ma’lum bo‘lmoqda. U joriy mavsum yakunlanganidan keyin jamoa bilan xayrlashishga tayyorgarlik ko‘ryapti ekan.
Yana bir nufuzli manba – El Nacional ekspertlari “Manchester Siti” xo‘jayinlari jamoa Evropa Chempionlar ligasi pley-off o‘tish o‘yinlarining ikkalasida ham “Real”ga bas kelolmaganidan keyin bosh murabbiyni yangilash masalasini ko‘tara boshlaganini ta’kidlamoqda.
Manbaga ko‘ra, yangi bosh murabbiy tayinlash ayni paytda klubdagi eng ko‘p hamda keng muhokama qilinayotgan asosiy va dolzarb masalaga aylandi.
“Manchester Siti” rahbariyati Xosep Gvardiola o‘rnini hozircha faqat bir murabbiy – “Bayer”da jiddiy va ijobiy o‘zgarishlarni yasay olgan Xabi Alonso bosa oladi, degan fikrni ilgari surmoqda.
Xabi Alonso qo‘l ostida “Bayer” o‘tgan mavsum “Bavariya” gegemonligini sindirib, o‘z tarxida ilk bor Germaniya chempioni bo‘ldi, mamlakat kubogini qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, klub xo‘jayinlariga Xabi Alonso qo‘llayotgan hujumkor o‘yin uslubi juda ma’qul kelmoqda.
Ochig‘ini aytganda, “Manchester Siti”ga Xabi Alonsoni olib kelish oson bo‘lmaydi. Chunki bu mutaxassisni “Real” ham kutmoqda. Madridliklar anchadan beri Karlo Anchelotti egallab turgan murabbiylik kursisini aynan Xabi Alonsoga topshirmoqchi.
Evropa matbuoti ham ispaniyalik mutaxassis “Real”ni boshqarishga moyilligi haqida ko‘p bora ma’lumot tarqatdi. Hatto, Xabi Alonso o‘tgan yili boshqa klublar uni bezovta qilmasligi uchun Leverkuzen jamoasi bilan hamkorlikning yakunlanish muddatini Anchelottining madridliklar bergan shartnomasi tugaydigan sana – 2026 yilning yozigacha uzaytirgani aytilmoqda.
Xullas, 20 yanvar kuni “Manchester Siti” futbolchisiga aylangan Abduqodir Husanovning Xosep Gvardiola qo‘l ostidagi faoliyati yarim mavsum bilan cheklanishi mumkin.
Biroq shuni aytish joizki, manchesterliklar olishni mo‘ljallayotgan Xabi Alonson ham Abduqodir Husanov “Lans”da o‘ynab yurgan paytda unga e’tibor qaratgan. “Bayer” Bundesliga klublari orasida 20 yoshli legionerimizga jiddiy qiziqish bildirgan birinchi jamoa edi...
Fikrlar