
Husanov eng “ishkal” futbolchini ham hayratga soldi!
Ayni paytda “Akron” jamoasida o‘zbekistonlik legioner Sherzod Esonov bilan birga o‘ynayotgan rossiyalik mashhur hujumchi Artyom Dzyubaning Rossiya futbolida o‘z o‘rni bor.
36 yoshli futbolchi yaqinda professional faoliyatidagi gollari sonini 234 taga etkazib, Rossiya futbolida eng ko‘p gol urgan charm to‘p ustasiga aylandi. O‘z yurtida “Spartak”, “Tom”, “Rostov”, “Arsenal”, “Zenit”, “Lokomotiv” kabi klublarda o‘ynagan, Turkiya chempionatida “Adana Demirspor” sharafini himoya qilgan tajribali hujumchi og‘ir xarakterga ega.
Artyom Dzyuba futbol jamoatchiligida va undan tashqarida bir necha taniqli insonlar bilan mojaro va ziddiyatlarga borgani bilan tilga tushgan. Aynan mana shu “ishkalligi” uning yanada yorqin porlashiga to‘sqinlik qilgan, deyish mumkin.
Yaqinda rossiyalik yulduz O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” klubi markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov haqida fikr bildirib, o‘zbek futbolchisining o‘yinlarini Angliyaga borishidan oldin ko‘rganini ma’lum qildi.
- Husanov – top-futbolchi. Menga uning o‘yinini “Akron”dagi jamoadoshim Sherzod Esonov ko‘rsatgan edi. U Abduqodirni anchadan beri taniydi. Yosh iqtidor egasi Sherzod “Bizda bir yigit bor, “Lans”da o‘ynaydi”, deb Husanovning o‘yinidan videolavhalarni menga ko‘rsatdi.
Men Husanovning o‘yinini ko‘rib hayratga tushdim. Bo‘yi juda baland emas, lekin yuqorida shunday kurashyaptiki, go‘yo uchyapti.
Keyin yana bir holatni ko‘rdim: Vinisius Junior uning yonidan to‘pni o‘tkazdi, lekin o‘zi tezlikda Husanovdan o‘zib keta olmadi...
Belarusning qandaydir jamoasida o‘ynab yurgan futbolchining “Manchester Siti”da paydo bo‘lishi milliondan bir bo‘ladigan voqea, - dedi Artyom Dzyuba.
Futbol sir-asrorlarini “Bunyodkor” akademiyasi o‘rganib, hali o‘smirlik davridayoq Belarusga yo‘l olgan, professional faoliyatini “Energetik-BGU” jamoasida boshlagan Abduqodir Husanovning hayot yo‘li haqiqatan noyob.
Birinchi professional shartnomasini 2022 yili tuzgan yosh himoyachi bir yildan keyin Frantsiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans”ga yo‘l oldi. Husanovning Evropaning bir qator klublari e’tiboriga tushishiga 2023 yili Argentina tashkil etilgan 20 yoshgacha futbolchilar ishtirokidagi jahon chempionati sabab bo‘ldi. O‘sha turnirda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi safida to‘rtta uchrashuvda maydonga tushgan Abduqodir yuqori salohiyatini namoyish qila olganini keyinchalik bir necha mutaxassislar, skautlar va murabbiylar alohida ta’kidladi.
Frantsiya chempionatidagi bir yarim mavsumlik faoliyati davomida iqtidorli legionerimiz Evropaning “top-5” ligalaridan yigirmaga yaqin klub e’tiborini tortdi. Qishki transferlar vaqtida “Manchester Siti” umumiy hisobda 50 million evro evaziga Husanovni o‘z safiga qo‘shib oldi.
21 yoshli Husanov qisqa furatda Xosep Gvardiola jamoasining asosiy figuralaridan biriga aylandi va fevral oyida “Manchester Siti”ning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topildi.
Shu o‘rinda, sports.uz portali Artyom Dzyubaga Abduqodirning o‘yinlarini ko‘rsatgan Sherzod Esonov haqida ham ma’lumot berishni ma’qul topdi.
22 yoshli markaziy yarim himoyachi Esonov “Qizilqum” va “Chig‘atoy” jamoalari tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Professional faoliyatida O‘zbekiston Superligasida “Andijon” va “ Olimpik” klublarida to‘p tepgan.
Sherzod 2024 yilning yozida 210 ming evro evaziga “Andijon”dan Tolyattining “Akron” jamoasiga transfer qilindi. Shundan beri iqtidorli futbolchimiz Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi doirasida ettita uchrashuvda ishtirok etib, bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Fikrlar