Husanovning ahvoli haqida so‘nggi ma’lumot
“Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik legioneri Abduqodir Husanovning maydonga qaytishini nafaqat uning muxlislari, balki Xosep Gvardiola boshchiligidagi “Manchester Siti” murabbiylar shtabi va o‘yinchilar ham kutmoqda.
21 yoshli himoyachining safga qaytishi ikkinchi marotaba ortga surildi. Gvardiola Husanovning atigi uchta uchrashuvni o‘tkazib yuborishini aytgandi. Aslida 5 oktyabr kuni tarkibga qaytishi kutilgan hamyurtimiz yana maydondan tashqarida qolyapti.
“Manchester Siti” faoliyatini yoritib kelayotgan manbalardan biri – cityxtra.co.uk portali klub ichkarisidagi vaziyatga oydinlik kiritib, bu jarayonda Abduqodir Husanovning qachon safga qaytishini ham aniqlashga harakat qildi.
- Abduqodir Husanovning “Manchester Siti” tarkibiga qaytishi yana bir haftaga cho‘ziladigan bo‘lyapti. Xosep Gvardiola jamoasi yana eng iqtidorli himoyachilardan birining yordamiga tayana olmaydi.
Oxirgi ma’lumotlarga qaraganda, 21 yoshli himoyachining tiklanish jarayoni avval-boshdan kutilganidan ancha sekin kechmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi o‘tgan oyda APL doirasida “Arsenal”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda shikastlanganidan beri hali maydonga tushgani yo‘q. Yaqinda uning ahvoli yaxshilanayotgani haqida tarqatilgan umidbaxsh yangiliklar tarqatilganiga qaramay, futbolchi hali ham to‘laqonli mashg‘ulotlarni boshlamagan.
Husanovning yo‘qligi bir necha uchrashuvlarda bilindi. 21 yoshli futbolchi xalqaro tanaffusgacha uchta musobaqada “Xaddersfild”, “Byornli”, “Monako” va “Brentford”ga qarshi qatorasiga to‘rtta o‘yinni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keldi.
Abduqodirning universalligi, ya’ni himoya markazida ham, o‘ng qanotda ham ishonchli o‘ynay olish qobiliyati uni Xosep Gvardiolaning taktik ishlanmalarida o‘ta muhim strategik ahamiyatga ega o‘yinchiga aylantirgan. Bu tarkibni rotatsiya qilish ehtiyoji tug‘ilgan va himoya chizig‘ida kadrlar muammosi paydo bo‘lgan paytda ayniqsa muhim omil hisoblanadi.
Joriy mavsumning boshidayoq Husanovning o‘yinlari Xosep Gvardiolaga juda ma’qul kelayotgan edi. Ispaniyalik mutaxassis o‘zbek futbolchisini jamoaning uzoq muddatli rivojlanish yo‘lida muhim figuralaridan biri sifatida tan olishini ma’lum qilgan.
Xosep Gvardiola xalqaro tanaffusdan keyin tig‘iz taqvim bo‘yicha ish yuritayotgan va o‘yinchilar orasida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha muammolar yuzaga kelgan pallada yana muayyan muddat Abduqodir Husanovga tayana olmasligi haqidagi xabarni eshitdi. Garchi Husanovning jarohati jiddiy bo‘lmasa-da, klub mutasaddilari vaziyatni chuqurlashtirmaslik maqsadida yosh himoyachini ehtiyotlab, to‘liq tiklanib olishini kutishga qaror qildi.
Agar Abduqodirning tiklanish jarayoni rejadagidek davom etsa, u Angliya Premer-ligasining keyingi turida “Aston Villa” maydonida bo‘ladigan o‘yingacha safga qo‘shiladi. Hamma kutayotgan qaytish 25 oktyabr kuni ro‘y berishi mumkin, - deb yozdi cityxtra.co.uk portali jurnalisti Freddi Pay.
Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov 2025 yilning 20 yanvaridan beri “Manchester Siti” sharafini himoya qilib kelmoqda. Transfermarkt portali ekspertlari tomonidan 35 million evroga baholanayotgan hamyurtimiz Angliya Premer-ligasida o‘ynayotgan MDHdan chiqqan futbolchilar orasida transfer summasi eng baland o‘yinchi hisoblanadi.
Fikrlar