Ikki golidan biri hisoblanmagan Shomurodov nimalar dedi?
Turkiya Superligasining 9-turida eng qiziqarli uchrashuvlardan biri o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari muxlislik qilayotgan “Istanbul Bashakshehir” va mamlakatning amaldagi chempioni “Galatasaroy” o‘rtasida bo‘ldi.
Mezbon jamoa o‘yinchilaridan uchrashuv qahramoni Eldor Shomurodov bo‘ldi. 30 yoshli legionerimiz Turkiyaning eng qudratli jamoasi darvozasini ikki bor ishg‘ol qilgandi. Lekin birinchi goli kichik offsayd tufayli bekor qilindi.
“Galatasaroy” yulduzlaridan Leroy Sane ham ikkita gol urib, jamoasining 2:1 hisobidagi qiyin g‘alabasini ta’minladi.
Sports.uz portali uchrashuvdan keyin har ikki jamoa vakillari bildirgan fikr-mulohazalarni o‘zbekistonlik muxlislar e’tiboriga havola etadi.
NURI ShAXIN, “Istanbul Bashakshehir” bosh murabbiyi:
Birinchi bo‘limda o‘ylab qo‘ygan rejalarimizni umuman amalga oshira olmadik. Bunaqa uchrashuvlarda qo‘rqmay o‘ynash kerak. Faqat ikkinchi raqamda va uzun paslar bilan o‘ynab bo‘lmaydi.
“Galatasaroy” yaxshi jamoa, lekin ular o‘yin davomida raqibga bo‘sh hududlar berib qo‘yadi. Ikkinchi bo‘limda shulardan foydalandik. O‘yinchilarimga qarab baho bersak, hech kim birinchi bo‘limdagi o‘yindan qoniqqani yo‘q. Uchrashuvning ikkinchi yarmida reaktsiya ko‘rsata oldik. Lekin bunaqa to‘qnashuvlarda 45-50 daqiqa emas, ilk daqiqadan oxirigacha diqqat-e’tiborni jamlab o‘ynash kerak.
OKAN BURUK, “Galatasaroy” bosh murabbiyi:
Har ikki jamoaga ham sirpanchiq maydonda o‘ynash oson bo‘lgani yo‘q. Bir necha vaziyat yaratib, tanaffusga chiqish oldidan gol urishga erishdik. Ikkinchi bo‘limda raqib hujumkorlikni oshirdi. Aslida biz uchta to‘p kiritishimiz mumkin edi.
Biz juda yaxshi jamoani engdik. Bu jamoada kuchli tarkib jamlangan. “Bashakshehir” liga uchun juda muhim jamoa. Ular katta muvaffqiyatga erishishiga ishonaman. Nuri Shaxin ham kuchli murabbiy darajasiga chiqadi. Kuchli raqibga qarshi qiyin o‘tgan uchrashuvda uch ochko olishning qadri yanada yuqori bo‘ladi.
LEROY SANE, “Galatasaroy” hujumchisi:
Biz juda yaxshi uchrashuv o‘tkazdik, ayniqsa, birinchi bo‘lim zo‘r bo‘ldi. Ikkinchi bo‘lim boshida ayrim muammolarga duch kelganimizni inobatga olmasa, umuman butun bahs davomida yaxshi o‘ynadik.
Xalqaro tanaffus vaqtida bosh murabbiy Okan Buruk bilan bo‘lajak uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rdik.
ELDOR ShOMURODOV, “Istanbul Bashakshehir” hujumchisi:
Aytadigan gapning o‘zi yo‘q. Biz yutqazdik. Birinchi bo‘limda to‘pni egallay olganimiz yo‘q. O‘yinning ikkinchi yarmida faolroq harakat qila boshladik. Bu uchrashuvda biz hech bo‘lmaganda durangga loyiq edik, ammo 1:2 hisobida yutqazib qo‘ydik.
Endi “Istanbul Bashakshehir” jamoasi Turkiya chempionatidagi 10-tur uchrashuvini 26 oktyabr kuni safarda “Antalyaspor” futbolchilariga qarshi o‘tkazishi belgilangan.
Fikrlar