“Lans” shokda! Husanovga yaxshi yangilikdan keyin xunuk xabar keldi...

  • 7 noyabr, 2024, 21:00
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov va uning muxlislari yaxshi yangilikni  nishonlayotgan vaqtda Frantsiya Professional futbol ligasi Tartib-intizom qo‘mitasi ham sanktsiyalar ro‘yxatini e’lon qildi.

Gap shundaki, Abduqodir Husanov Frantsiya chempionatining oktyabr oyidagi eng yaxshi yosh futbolchisini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomada barcha raqiblarini katta ustunlik bilan ortda qoldirib g‘olib chiqqan edi.

Bundan tashqari, “Lans” muxlislari 20 yoshli legionerimizni sentyabr oyidan keyin oktyabrda ham jamoaning eng yaxshi futbolchisi, deb topdi.

Abduqodir Husanov PSJ bilan bo‘lgan o‘ninchi tur uchrashuviga deyarli barcha bellashuvlarda “Lans”ning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etib kelindi. Amaldagi chempionga qarshi Parijda o‘tkazilgan bellashuvda hamyurtimiz antiqahramonga aylanib qoldi.

Husanov o‘sha bahsda PSJning qimmatbaho yulduzlarini ayab o‘tirmadi va ularga nisbatan keskin, ayrim hollarda qo‘pol o‘ynadi. Buning oqibatida 59-daqiqada o‘zbek futbolchisining raqib himoyachisi Ashraf Hakimiga ishlatgan podkati o‘ta xavfli deb topildi va Abduqodir Maydondan chetlatildi.

Tartib-intizom qo‘mitasining Abduqodir Husanov bo‘yicha yakuniy qarorini Frantsiya futbolini yoritib kelayotgan barcha manbalar tarqatdi.

Sports.uz portali ayrim saytlarning ushbu qaror haqidagi xabarlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.

LEQUIPE.FR:

Chempionatning oktyabr oyidagi eng yaxshi yosh o‘yinchisi, deb topilgan Abduqodir Husanov xunuk xabar oldi. O‘zbek himoyachisi “Lans” PSJga yutqazgan uchrashuvda Ashraf Hakimiga ishlatgan qo‘pol harakati uchun jiddiy diskvalifikatsiya oldi.

Endi Uill Still etakchi himoyachisining o‘rnini bosa oladigan boshqa futbolchi topishi va vaziyatdan chiqish yo‘lini qidirishi lozim.

PIERROTLEFOOT.COM:

Frantsiya professional futbol ligasi (LFP) milliy chempinatning bir necha o‘yinchilari va murabbiylariga nisbatan navbatdagi sanktsiyalarni e’lon qildi.

O‘yinchilar orasidan “Lans” himoyachisi Abduqodir Husanov PSJ vakili Ashraf Hakimiga qo‘llagan podkati uchun ikki o‘yinga chetlatildi. Uning harakati raqib salomatligiga ziyon etkazishi mumkin bo‘lgan darajada xavfli, deb topildi.

LEPHOCEEN.FR:

“Lans” muhim o‘yinlar oldidan katta yo‘qotishlarga duch keldi. Frantsiya professional futbol ligasi Tartib-intizom qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, PSJ bilan o‘yinda maydondan chetlatilgan Abduqodir Husanov 9 noyabr kuni “Nant” va 23 noyabrda “Marsel” jamoalariga qarshi uchrashuvlarni o‘tkazib yuborishi tasdiqlandi.

NEWS.DAYFR.COM:

“Lans”ning universal himoyachisi Abduqodir Husanov diskvalifikatsiya tufayli keyingi ikki turda “Nant” va “Marsel”ga qarshi bellashuvlarni o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ladi.

Bundan tashqari, himoyachi Jonatan Gradit oxirgi 10 ta uchrashuvdagi sariq kartochkalari soni uchtaga etgani bois, “Marsel” bilan bo‘ladigan bahsda ishtirok etmaydi. Xuddi shu sabab tufayli Mbala Nzola “Nant” bilan o‘yinda qatnasha olmaydi.

PSJ bilan o‘yinda hissiyotlarini boshqara olmay, bosh hakam tomonidan jazolangan bosh murabbiy Uill Still ham “Marsel” bilan bo‘ladigan to‘qnashuvda jamoasini masofadan boshqarishiga tug‘ri keladi.

FOOT-SUR7.FR:

Abduqodir Husanov PSJ bilan o‘yinda maydondan chetlatilgani uchun endi uni qanday jazo kutib turganini bilib oldi.

O‘zbek futbolchisining ikki o‘yinlik diskvalifikatsiyasi “Lans” uchun juda og‘ir zarba. Tartib-intizom qo‘mitasining qarori tufayli lansliklar bo‘lajak uchrashuvlarda jamoaning eng muhim figuralaridan biri xizmatidan foydalana olmaydi.

Mavsum kashfiyoti bo‘lgan yosh himoyachi “Nant” va “Marsel”ga qarshi uchrashuvlarda Evropa kuboklarga chiqish uchun kurashayotgan “Lans”ga yordam berolmasligi tasdiqlandi. Endi bosh murabbiy Uill Still himoya chizig‘i barqarorligini ta’minlab turgan Husanovning o‘rnini bildirmaydigan echim topishi kerak.

Husanov uchun kurash boshlandi! Evropa grandlari “Lans”ga keldi...

Husanovning transferi “Lans” uchun yangi rekord bo‘lishi kutilmoqda

Legionerimiz Italiyada o‘ynay oladigan futbolchi borligini aytdi

Husanovni Angliya grandlari safida ko‘ramizmi? Jarayon boshlandi...

Raqiblar Fayzullaev tufayli beshta sariq kartochka oldi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Исмаилов Бахтияр
07/11/2024 12:04
Битта яримта тажрибали устоз, Абдукодирни сал узини босишга ургатмади хам. Хайбаракалла килавериб боланинг бошига етасанлар...