Mashhur klub Shomurodov transferini kutmoqda

  • 27.06.2025 08:29
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 1
  • Futbol

Italiya chempionatining yangi mavsumiga tayyorgarlik ko‘rayotgan mamlakatning eng kuchli klublari yozgi transferlar davrida o‘z tarkibini tartibga solish siyosatini yuritmoqda.

Yangi bosh murabbiy Jan Pero Gasperini boshqaruviga o‘tgan “Roma” ham tarkibdagi o‘yinchilar yakunlangan mavsumni beshinchi o‘rinda tugatganiga qaramay, jamoada jiddiy o‘zgarishlar qilishga bel bog‘lagan.

Ayni paytda jamoadan ketishi kutilayotgan o‘yinchilar orasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan futbolchi Eldor Shomurodov bo‘lib turibdi. O‘zbek legioneri rimliklarning eng xaridorgir aktivlaridan hisoblanadi.  

Mavsumning ikkinchi yarmini yuqori darajada o‘tkazgan Eldor Shomurodovni ayni paytda uch klub talashyapti. Xususan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi uchun 8 million evro miqdorida badal puli taklif qilgan Turkiyaning “Bashakshehir” klubini chetga surib qo‘ygan jamoalar chiqdi.

Frantsiyaning “Renn” klubi mutasaddilari ham Rimdagi hamkasblarini o‘zbek legioneri transferi bo‘yicha muzokaralarga chorlayapti. Ular Shomurodovga “top-5” ligalaridan hisoblangan Frantsiya chempionatida muntazam o‘yin amaliyoti berishga tayyor.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Shomurodov uchun kurashda A Seriya debyutanti “Kremoneze” favoritga aylandi. Bunga Eldor o‘zi ko‘nikkan Italiya chempionatida qolishni ma’qul ko‘rayotgani asos bo‘lmoqda. Garchi “Kremoneze” klubi sport direktori Simone Jaketta o‘zbek hujumchisiga jamoa tomonidan qiziqish yo‘qligini aytgan bo‘lsa-da, uning bu gaplari chalg‘ituvchi odatiy usul sifatida qabul qilindi.

Qator manbalar o‘zlarining klublardagi insayderlari orqali “Kremoneze” Shomurodov transferi bo‘yicha “Roma” bilan muzokara o‘tkazayotgani va aloqalar ijobiy ruhda davom etayotganini yozmoqda.

Yana bir jihat shuki, Eldor Shomurodovning Italiyadagi birinchi klubi “Jenoa” futbolchining navbatdagi transferini intizorlik bilan kutmoqda. Bu masala Genuya va Rim klublarining 2021  yilning yozida o‘zbek futbolchisi transferi bo‘yicha tuzgan shartnomasiga borib taqaladi. Vaziyat haqida romaforever.it ma’lumot chiqardi.

- “Roma”da jamadonlarini tayyorlab qo‘ygan va boshqa klubga o‘tish imkoniyatini kutayotgan ko‘p futbolchilar bor. Ular orasida Eldor Shomurodovni ham ko‘rishimiz mumkin. O‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida Klaudio Raneri qo‘l ostida ajoyib o‘yin ko‘rsatgan o‘zbek futbolchisi Italiya va xorijdan bir necha klublar e’tiborini tortmoqda.

Hozirning o‘zida Shomurodovga “Renn”, “Bashakshehir” va “Kremoneze” da’vogarlik qilmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Italiya klubi hujumchini olish uchun juda yaqin keldi. Ayni paytda rimliklar A Seriya debyutantidan rasmiy taklif kutyapti.

“Renn” esa, asosiy nishon sifatida belgilangan o‘zbek futbolchisini qo‘lga kiritish uchun tarkibdan biror o‘yinchining sotilishini kutmoqda. Rimga taklifini jo‘natib qo‘ygan “Bashakshehir” esa, “Roma” yakuniy qaror qabul qilgunicha, boshqa transferlar imkoniyatini o‘rganishga kirishib ketdi.

Eldor Shomurodovning boshqa klubga transfer bo‘lishini “Jenoa” ham intizorlik bilan kutmoqda. 2021 yilning yozida murakkab kelishuv tuzilgan. Badal puli va turli bonuslardan tashqari genuyaliklar o‘zbek hujumchisining keyingi transferidan o‘n foiz ulush ham olishi belgilangan. “Roma” Shomurodovni boshqa klubga transfer qilganidan keyin “Jenoa”ning ulushini to‘lab qo‘yishi talab etiladi, - deb yozmoqda romaforever.it sayti eksperti Yagob Pagliara. 

Fayzullaevga yangi mavsum uchun ikkita variant “taklif” qilishdi!

 

Tezkor: Italiya klubi Shomurodov transferiga munosabat bildirdi!

Tezkor: Evropa klubi Fayzullaev transferiga oid rasmiy ma’lumot chiqardi

Evrokuboklar uchun o‘zbek hujumchisini oling!

Shomurodov kuchayib ketdi...

Ronaldu Masharipovga: Nima, sen Messining muxlisimisan?!

Legionerimiz Evropada yurish qilishga tayyor!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Шухрат Хусаинов
28/06/2025 09:07
Хусанов булмаса европа футболи улади...