
Milliarder Alisher Usmonov Oston O‘runovga qaerga o‘tishni aytgan...
Transfer huquqi “Spartak”ga tegishli bo‘lgan va ayni paytda ijara asosida “Ufa” sharafini himoya qilayotgan Oston O‘runovning Rossiya chempionatidagi birinchi murabbiyi Vadim Evseev o‘z intervyusida o‘zbek futbolchisi haqida ko‘pchilik bilmaydigan faktlarni aytdi.
Ma’lumki, iste’dodli hujumkor futbolchimiz 2020 yilning boshida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasidan “Ufa”ga ko‘chib o‘tganida aynan Vadim Evseev qo‘l ostida to‘p tepgan. Ostonning yarim yillik faoliyati yorqin chiqqani uchun yozda uni o‘z safida ko‘rishni istagan jamoalar soni ko‘payib ketgandi.
Rossiyalik mutaxassis sobiq shogirdi “Ufa”ga qanday kelib qolganini shunday eslaydi:
“Oston O‘runov top-klublarda, hech bo‘lmaganda, Rossiyaning eng baquvvat jamoalarida o‘ynashi kerak bo‘lgan salohiyatli futbolchi edi. Shamil Gazizov uni taklif qilganidan keyin menga “Shu bolani bir ko‘r”, dedi. Men Ostonning harakatlarini ko‘rib, darrov olish kerakligini ta’kidladim.
Yarim o‘ynaganidan keyin O‘runov haqida TsSKAdan Goncharenko so‘ray boshladi. Futbolchining o‘zi menga Alisher Usmonov unga qo‘ng‘iroq qilganini aytdi. Tasavvur qiling, yosh futbolchiga Rossiyadagi eng badavlat odamlardan biri qo‘ng‘iroq qilib, “TsSKAga o‘t” desa!
O‘runov TsSKAga emas “Spartak”ga o‘tdi. Faoliyati o‘xshamadi. “Spartak” o‘zi xos jamoa. Har qanday noaniq harakat va seni hech kim kechirmaydi. Qo‘shimchasiga, Oston yosh edi va katta shahar uni o‘ziga sig‘dirmadi.
Men uchun Kampoamoreda TsSKAga qarshi o‘tkazgan o‘rtoqlik o‘yinimiz muhim ahamiyat kasb etdi. Oston o‘shanda mahalliylashtirilgan va Rossiyadagi sakkiz yillik faoliyati davomida rus tilini o‘rgana olmagan braziliyalik Fernandesni ancha qiynab qo‘ygan edi. Shuningdek, tezkor Vlashichning qochib ketishiga yo‘l qo‘ymasdan, 50 metr masofa davomida kurashni to‘xtatmagan”.
Darhaqiqat, Vadim Evseev ta’riflaganidan Oston O‘runov o‘z iste’dodi va salohiyatini to‘liq namoyish qilgandi. Biroq, Shamil Gazizovning ortidan “Spartak”ga o‘tgani katta xato bo‘lib chiqdi.
Gazizov va “Spartak” xo‘jayini Leonid Fedun o‘rtasidagi kelishuvmovchiliklar legionerimizning faoliyatiga ham jiddiy ta’sir qildi. Bu ikki mutaxassis ikki yildan beri o‘zaro kelisha olmayotgan bo‘lsa, Oston O‘runov bu muddat ichida o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ya olgani yo‘q.
Xabaringiz bor, “Ufa” Oston O‘runovni “Spartak”dan mavsum oxirigacha ijaraga olgan. Ufaliklarda yozda uning transfer huquqini sotib olish imkoni bor. Bu transfer summasi 1 million evro qilib belgilangan.
Biroq, bu masala hali to‘liq hal bo‘lgani yo‘q. “Ufa” o‘zbek futbolchisini xarid qilishi uchun premer-ligadagi joyini saqlab qolishi kerak. Hozircha, bu juda mushkul masala ko‘rinadi. Chunki ufaliklar 21-turdan keyin 17 ochko bilan so‘nggi ikki pog‘onadan birini egallab turibdi.
Ostonning moskvaliklar bilan amaldagi shartnomasi 2025 yilning yozigacha davom etadi. “Spartak” futbolchimizga umuman imkoniyat bermoqchi emas. Agar “Ufa” varianti o‘xshamasa, O‘runov yozda o‘ziga boshqa jamoa topishi kerak bo‘ladi. Aks holda, katta ehtimol bilan Moskva klubi mutasaddilari uni Milliy futbol ligasida qatnashayotgan “Spartak-2” jamoasiga o‘tkazib yuboradi. Yoki xuddi Jasur Jaloliddinov singari klub bilan shartnomani bekor qilib, boshqa jamoaga tekinga o‘tish varianti ham bor.
Oston O‘runov “Ufa”ga uchinchi tashrifida ham o‘zi istagan va muxlisu murabbiylar kutgan o‘yinni namoyish qila olmayotganini ham ta’kidlash joiz. Joriy mavsumda u Rossiya premer-ligasida atigi 9 marta maydonga tushib, jami 428 daqiqa harakat qildi. Tabiiyki, iste’dodli futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi o‘rnini ham yo‘qotganiga ancha bo‘ldi.
O‘runov “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. O‘zbekiston Superligasida “Navbahor” va “Lokomotiv” jamoalari sharafini munosib himoya qilgan.
Fikrlar