“Monako”ga qarshi o‘yin oldidan Husanovning ahvoli qanday?

  • 30 sentabr, 07:42
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Manchester Siti” Evropa Chempionlar ligasining yangi mavsumini muvaffaqiyatli boshladi. “Shaharliklar” umumiy bosqichning birinchi turida “Etixad” stadionida Italiya chempioni “Napoli” darvozasiga ikkita to‘p kiritdi.

Tecno

Muhim uchrashuvda Xosep Gvardiola jamoasi darvozasini daxlsiz qolishiga eng muammo nuqta – himoyaning o‘ng qanotida juda ishonchli o‘ynagan Abduqodir Husanovning hissasi katta bo‘ldi.

Endi “Monako” maydonida bo‘ladigan ikkinchi tur uchrashuvi oldidan “Manchester Siti”da tarkib bilan bog‘liq muammolar yig‘ilib qolgan. Asosiy tarkibning bir necha futbolchilari “Xaddersfild” va “Byornli”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarda jamoaga yordam bera olmadi.

Sports.uz portali nufuzli manba – sportsmole.co.uk ma’lumotlariga tayangan holda ayni paytda “Siti” lazaretida vaziyatga aniqlik kiritishga harakat qildi.

-  O‘yini kuchayib borayotgan “Manchester Siti” Evropa Chempionlar ligasida “Monako” bilan bo‘ladigan uchrashuvda qatnashish uchun Frantsiya janubiga safar qiladi.

Xosep Gvardiola shogirdlari Angliya Premer-ligasining navbatdagi turida “Byornli” ustidan 5:1 hisobida zafar quchib, musobaqa peshqadami “Liverpul” bilan oradagi farqni besh ochkogacha qisqartirdi.

Endi manchesterliklar bor e’tiborini ichki turnirdan olib, qit’a miqyosidagi o‘yinga qaratishi lozim. “Shaharliklar” ikki hafta oldin “Napoli”ni engish orqali boshlangan yurishni Frantsiyada ham davom ettirishga bel bog‘lagan. “Manchester Siti”da muhim uchrashuv oldidan kadrlar muammosi yuzaga kelgan. Quyida vaziyat bilan tanishib olamiz, - deb yozdi sportsmole.co.uk reportyori Sabastyan Sternik.

Rodri

“Oltin to‘p” sohibi shanba kuni “Byornli”ga qarshi maydonga tushmadi. Xosep Gvardiola Rodri unga og‘ir jarohat olgan tizzasi kuchli og‘rib  qolganini va o‘yinda qatnashishga tayyor emasligini bildirganini aytdi.

Garchi Rodri Frantsiyaga borishi kutilayotgan bo‘lsa-da, murabbiylar shtabi uning salomatligini xavf ostiga qo‘ymoqchi emas. Rodrining uchrashuvda qatnashishi katta so‘roq ostida turibdi.

Abduqodir  Husanov

Husanov keyingi paytda “Manchester Siti”ning eng asosiy o‘yinchilaridan biriga aylandi. Xususan, o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasini o‘ziniki qilib oldi.

O‘zbek futbolchisi mavsum boshidan muammoli bo‘lib kelgan bu pozitsiyada ketma-ket to‘rtta uchrashuvda ilk daqiqalardan o‘ynadi. Afsuski, “Arsenal” bilan bo‘lgan markaziy uchrashuvda raqib futbolchisi bilan to‘qnashuvdan keyin Abduqodirning bu seriyasi to‘xtadi.

Klubdan olingan ma’lumotlarga qaraganda, 21 yoshli futbolchi jarohatdan qutila boshlagan. Biroq katta ehtimol bilan Husanov “Monako”ga qarshi maydonga tushmaydi.

Avval ma’lumot berilganidek, Husanov 5 oktyabr kuni “Brentford” bilan bo‘ladigan bahsda maydonga tushib, Xosep Gvardiola jamoasi himoya chizig‘ini yanada mustahkamlashi kutilyapti.

Umar Marmush

Umar Marmush jarohati biroz oldinroq, sentyabr oyi boshidagi xalqaro tanaffusda Misr terma jamoasining Burkino-Faso bilan to‘qnashuvida olgan edi.

26 yoshli futbolchi Misrning o‘zida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va bir oyga safdan chiqqani ma’lum qilindi. “Manchester Siti” tibbiyot bo‘limi o‘yinchini qayta tekshirib, dastlabki tashxis va davolanish muddatini tasdiqladi.

Marmushning ham xuddi Husanov singari Frantsiyadagi o‘yinda qatnashmaslik ehtimoli yuqori va muxlislar uni 5 oktyabr kuni “Brentford” bilan uchrashuvda ko‘rishi mumkin.

Rayan Sherki

Frantsiyalik hujumkor futbolchi jarohati tufayli hozirgacha “Manchester Siti”ning oltita uchrashuvini o‘tkazib yubordi. Uning tiklanish jarayoni rejadagidek ketayotgan bo‘lsa-da, hali to‘liq oyoqqa turishi uchun uch haftaga yaqin vaqt talab etiladi.

Mutaxassislar Rayan Sherki biror jiddiy muammo chiqmasa, 18 oktyabrda “Everton” bilan bo‘ladigan bahsda ko‘rinish berishi mumkinligini aytyapti.

Rayan Ayt-Nuri

Marokashlik himoyachi 23 avgust kuni “Etixad” arenadagi debyut o‘yini –  “Tottenxem” bilan bo‘lgan uchrashuvda  shikastlangan edi. Shunga qaramay, yozda “Vulverxempton”dan 31 million funtga olingan o‘yinchi “Brayton”ga qarshi to‘liq o‘ynadi.

Ammo jarohatini davolatish ehtiyoji tug‘ilgani uchun Marokash terma jamoasi yig‘iniga borolmadi va “Siti”ning oxirgi beshta uchrashuvini o‘tkazib yubordi. Rayan Ayt-Nurining davolanish muddati hali davom etadi va  18 oktyabrga qadar safga qaytishi kutilyapti.

Evropa Chempionlar ligasi umumiy guruh bosqichi ikkinchi turidan o‘rin olgan “Monako” va “Manchester Siti” uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 1 oktyabrdan 2 oktyabrga o‘tar kechasi soat 00:00 da boshlanadi.

Shomurodov Turkiya Superligasi to‘purari bo‘la oladimi?

Shomurodovning barcha gollarini sanaymiz...

Kutilmagan vaziyat: Buyog‘iga Husanov ancha qiynaladigan bo‘ldi!
Husanovdan o‘tolmading-ku! “Arsenal” mashhur hujumchidan voz kechadi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!