Nuri Shaxin Shomurodov uni qanday hayratga solganini aytdi
Turkiya Superliganing 14-turida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ikki etakchisi – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullaev o‘ynayotgan “Istanbul Bashakshehir” jamoasi safar uchrashuvida “Kasimpasha”ni 3:1 hisobida engib, muhim g‘alaba bilan qaytdi.
Ushbu bahsda har ikki legionerimiz raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi. Jarima nuqtasidan superzarba bilan hisobni ochgan Abbosbek Fayzullaev Istanbul klubidagi dastlabki golini nishonladi.
Uchrashuvga nuqta qo‘ygan Eldor Shomurodov esa, mavsumdagi o‘ninchi golini urdi va sermahsul statistikasini yana bir aniq zarba bilan boyitdi. Turkiya futbolida ikki o‘zbek futbolchisining bir uchrashuvda bittadan gol urgan holat birinchi bor kuzatilmoqda.
“Istanbul Bashakshehir” bosh murabbiyi Nuri Shaxin Turkiya ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda o‘zbek futbolchilarining jamoa uchun ahamiyati yuqori ekanini alohida ta’kidladi.
- “Kasimpasha” jamoasiga qarshi o‘tkazilgan bahsning birinchi bo‘limini o‘zimiz istagandek o‘tkazdik. Raqibning har qanday taktikasiga qarshi o‘ynashga tayyorgarlik ko‘rgan edik. Biz taktik o‘zgarishlardan juda yaxshi foydalana oldik.
O‘yinning ikkinchi yarmi haqida bunaqa deya olmayman. Bunaqasi bizda bir necha bor kuzatilyapti. Biz barqarorlikka o‘rganishimiz kerak. Qachonki 90 daqiqa davomida barqarorlikni ushlay olsak, biz qudratli jamoaga aylanamiz.
Bir o‘yinchi kam bo‘lib qolganimizdan keyin ancha qiynaldik. Murakkab uchrashuvda uch ochko olganimizdan juda xursandman. Bu biz uchun juda muhim edi. “Trabzonspor” bilan bo‘lgan va hafsalamizni pir qilgan o‘yindan keyin bu g‘alaba ancha engillik berdi. Biz to‘g‘ri yo‘nalishda ketyapmiz va hali uzoq yo‘lni bosib o‘tishimiz kerak.
Eldor Shomurodov yuqori darajali o‘yinchi bo‘lishiga qaramay, juda kamtarin ekani ajoyib. Unda umuman yulduzlik kasali alomatlari yo‘q. U aytganlarimizni to‘liq bajarishga harakat qilyapti va yuqori darajadagi professional o‘yinchiligini ko‘rsatdi. Juda kamtar yigit. Alloh uning xohishlarini ro‘yobga chiqarsin.
Biz Abbosbek Fayzullaevning ham darajasini yaxshi bilamiz. Shuning uchun ham u “Bashakshehir”da o‘ynayapti. Bu futbolchilarning biz uchun qadri baland. Ular istalgan vaziyatda uchrashuvda burilish yasashga qodir.
Abbosbek Fayzullaev kichik jarohat bilan o‘ynadi. Chempionatdagi tanaffusdan keyin u yuqori sport formasiga chiqadi.
Endi “Fenerbahche”ga qarshi uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko‘rishga harakat qilamiz. Jamoam bunaqa to‘qnashuvlarni yoqtiradi. Biz yaxshi o‘ynashni istaymiz. O‘tgan bahsda qizil kartochka olgan germaniyalik Devi Zelkening o‘rnini bosish uchun tarkibimizda Nunu da Koshta, Bertug O‘zgur va Eldor Shomurodov bor. Ayniqsa, biz hujum markazida juda zo‘r harakat qilyapmiz, - dedi Nuri Shaxin.
Endi Fayzullaev va Shomurodov dueti 7 dekabrga belgilangan “Fenerbahche”ga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuvda ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hozirgacha Turkiya chempionatida oliy divizionidagi 17 ta raqib jamoadan to‘qqiztasiga gol urgan Eldor Shomurodov bo‘lajak to‘qnashuvda Abduqodir Husanovning sobiq jamoadoshi Ederson qo‘riqlayotgan “Fenerbahche” darvozasiga ham yo‘l topa olishiga umid qilamiz.
Husanov joyiga mo‘ljallangan futbolchini ikki raqib “yulib” ketmoqchi
Fayzullaev va Shomurodov gol urdi, ammo...
Yapon futbolchisi Qozog‘istonni emas, O‘zbekistonni tanladi
Husanov muxlislariga yaxshi yangilik bor!
Husanov masalasida sabr qiling!
Alamli mag‘lubiyatdan keyin Husanovning o‘yini qanday baholandi?

Fikrlar