“Rubin” O‘runov transferi masalasida “katta qovun” tushirdi. Shamil Gazizov g‘azabda!
“NeNobel” telegram kanali o‘z manbalariga tayanib, “Rubin” klubi Oston O‘runov transferi masalasida “Ufa”ga emas, “Spartak” bosh direktori Shamil Gazizovga murojaat qilgani haqida xabar berdi. Qozonliklar bu mutaxassisga transfer uchun 2 million evro bermoqchi bo‘ldi.
Ushbu manba ma’lumotida Oston O‘runovning shu yilning fevral oyida “Lokomotiv”dan “Ufa”ga o‘tishida 200 ming evroni Shamil Gazizov yonidan to‘lagani, shu bois futbolchimizning transfer huquqi klubga emas, aynan shu mutaxassisga tegishli ekani va “Rubin” shuning uchun transfer bo‘yicha “Spartak” bosh direktoriga murojaat qilgani aytilgan.

Bu xabar tezda Shamil Gazizovgacha etib bordi va uning g‘azablanishiga sabab bo‘ldi. Chunki bu holat FIFA qoidalariga zid. Gazizov “Spartak” uchun o‘zidan futbolchi sotib olmaydi-ku.
“Bularning hammasi bo‘lmag‘ur gap. Har nimani ham yozish mumkin. Bunga mening nima aloqam bor? O‘runov hozir menga emas, “Ufa”ga tegishli. Qachonki uni transfer qilishsa, uni olgan jamoaga tegishli bo‘ladi. Bunda Gazizovning aybi nima? Shunaqa narsalarga tinimsiz javob berishimga to‘g‘ri kelayotganidan ishlashga vaqtim etmayapti. “Nenobel” degani yana nima bo‘ldi ekan?”, - dedi Shamil Gazizov.

Eng qizig‘i, 19 yoshli futbolchimiz Rossiya sport nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarida eng ko‘p muhokama qilinayotgan qahramonga aylanib qoldi. Xabarlarda O‘runovga “Spartak”, TsSKA, “Rubin” kabi premer-liganing qator jamoalari va xorijdan chorlov bo‘layotgani aytilmoqda. “Ufa” ham o‘zbekistonlik legioner bo‘yicha yaxshi takliflar olayotgani va tez orada transfer yangiligi e’lon qilinishini aytib, hammaning e’tiborini ushbu masalada ushlab turibdi.



Fikrlar