Shomurodov to‘purarlar poygasida toza birinchi o‘ringa chiqdi
Turkiya chempionatining 12-turini “Genchlerbirgili” va “Istanbul Bashakshehir” o‘rtasidagi uchrashuv boshlab berdi.
Keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda hisobni ochish mezbonlar vakili Talissonga nasib qildi. Ammo ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan Eldor Shomurodov chempionatdagi navbadagi golini urib, “Bashakshehir”ni yana kurashga qaytardi.
Ammon Nuri Shaxin shogirdlarining xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. “Istanbul Bashakshehir” himoyachilari jarima maydonchasi ichkarisida o‘yin qoidasini buzdi. Penaltini Mbaye Nyang aniq bajardi.
E’tiborli jihati, “Bashakshehir” engilgan bo‘lsa-da, Eldor Shomurodov golli uchrashuvlar seriyasini uchtaga etkazib oldi. Bu galgi aniq zarba legionerimizni to‘purarlar poygasida birinchi o‘ringa olib chiqdi.
Ayni paytda 30 yoshli o‘zbek futbolchisi Superligadagi gollari sonini sakkiztaga etkazib, mavsum boshidan birinchi o‘rinda kelgan “Trabzonspor” vakili Pol Onuachudan o‘zib ketdi.
Ta’kidlash lozimki, Turkiya Superligasining to‘purarlari o‘rtasida “Oltin butsa” uchun kurashda asosan Evropaning nufuzli klublaridan turk ligasiga taklif etilgan nomdor futbolchilar ishtirok etmoqda.
Turkiyaga “Roma”dan kelgan Shomurodov chempionatdagi 12-uchrashuvida sakkizinchi to‘pini kiritgan bo‘lsa, “Trabzonspor”ga “Sautgempton”dan kelgan Pol Onuachu hisobida ettita gol bor. Nigeriyalik hujumchi oxirgi golini qariyb bir oy oldin kiritganini ham aytish lozim.
“Oltin butsa” reytingining keyingi pog‘onalarida joylashgan aksariyat o‘yinchilar ham Evropaning kuchli ligalarida tajriba to‘plagan charm to‘p ustalaridir. Xususan, oltitadan gol urgan yulduzlardan argentinalik Mauro Ikardi ilgari “Sampdoriya”, “Inter” va “Pari Sen-Jermen”da, marokashlik Yussuf En-Nesiri Ispaniya chempionatining “Leganes”, “Malaga” va “Sevilya” kabi jamoalarida o‘ynagan. Ular qatoriga mahalliy to‘purar – “Konyaspor” forvardi Umut Nayir ham qo‘shildi. Faoliyatining katta qismini Turkiya klublarda o‘tkazayotgan 32 yoshli hujumchi orada bir yil Xorvatiya chempionatiga borib, “Xayduk” klubi sharafini himoya qilib kelganini inobatga olmasa, asosan turk ligasiga to‘liq moslashganligi uchun boshqa to‘purarlardan ajratib turibdi.
Ayni paytda chempionat to‘purarlari bahsining uchinchi guruhida beshtadan to‘p kiritgan to‘rt futbolchi joy olgan. Xususan, “Samsunspor”dan Karlo Xolse, “Trabzonspor”dan Felipe Augusto, “Beshiktosh”dan Rafa Silva hamda “Fenerbahche”dan Taliskani ham “Oltin butsa” uchun asosiy da’vogarlar ro‘yxatiga qo‘shish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, mavsum boshida “Roma”dan “Istanbul Bashakshehir”ga ijara shartnomasi asosida ko‘chib o‘tgan Eldor Shomurodov Superliga doirasida “Beshiktosh”, “Alanyaspor”, “Konyaspor”, “Galatasaroy”, “Kojaelispor” va “Genchlerbirligi” darvozalariga bittadan gol urgan bo‘lsa, “Antalyaspor” maydonida o‘tkazilgan bahsdan dubl bilan qaytgan.
“Istanbul Bashakshehir” Turkiya Superligasining navbatdagi turida “Trabzonspor”ni qabul qiladi. 23 noyabrda bo‘ladigan bu bahsda to‘purarlar poygasining ikki etakchisi – Eldor Shomurodov va Pol Onuachu o‘zaro to‘qnash keladi.
FIFA yangi o‘zbek yulduzi haqida ma’lumot chiqardi
O‘zbek futbolchisi jahon chempionati “Oltin butsa”siga da’vogar!
O‘zbekistonning jahon chempionatidagi g‘alabasiga qanday munosabat bo‘ldi?Shomurodov “taxti”da qoldi!Husanovning o‘yini qanday baholandi?
Yana qancha gol kerak? Shomurodov endi haqiqiy to‘purarligini isbotlayapti...



Fikrlar