
Shomurodov transferida xavotirli holat yuzaga keldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovning faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi kutilmoqda.
Bir necha nufuzli manbalar 30 yoshli forvard Italiyadagi besh yillik sarguzashtlarini yakunlab Turkiyaga yo‘l olishga yaqin turganini yozmoqda. Aslida Eldor oldida AQSh klublari, Frantsiyaning “Renn” jamoasi, A Seriya debyutanti “Kremoneze” variantlari ham bor edi.
Biroq Shomurodovning o‘zi Turkiya chempionatida yuqori o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilgan “Bashakshehir”ga rozilik bergani aytilmoqda. Ayni paytda “Roma” va “Bashakshehir” o‘zbek hujumchisi transferi bo‘yicha barcha masalalarni kelishib bo‘lgan va transfer rasman tasdiqlanishi kutilayotgani xabar qilindi.
Tabiiyki, Shomurodov atrofidagi vaziyat turli manbalar ekspertlari tomonidan tahlil qilinmoqda. O‘zbek futbolini yoritib boradigan rossiyalik jurnalist Aleksandr Troitskiy Shomurodovning Istanbul klubiga o‘tishida xavotirli vaziyat borligini ta’kidladi.
- “Roma” va O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov ijara asosida Turkiyaning “Istanbul Bashakshehir” klubiga o‘tyapti.
Insayder Nikolo Skiraning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuv futbolchini keyinchalik sotib olish imkoniyati bilan ijaraga berishni o‘z ichiga olgan. Kelajakda bu transfer bonuslarni qo‘shib hisoblaganda muayyan shartlarning bajarilishi evaziga umumiy hisobda 7 million evroga tushadi.
Juda chalkash hikoya. Bizni “muayyan shartlar bajarilshanida” degan ibora o‘ylantirib qo‘ydi. Ko‘pincha, bunaqada gap o‘yin vaqti va uchrashuvlar soniga bog‘langan vaziyat haqida ketadi. Shundan kelib chiqib, turklar qizg‘anchiqlik qilib, jahon chempionati oldidan zaxiraga o‘tqazib qo‘ymasa bo‘ldi. “Renn” varianti amalga oshmagani juda achinarli bo‘ldi, - deb yozdi Aleksandr Troitskiy “Aziya-Sport” telegram-kanalida.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatida ishtirok etadi. Bo‘lajak mundialda Eldor Shomurodov zimmasiga katta vazifalar yuklanishi tabiiy. Buning uchun bosh jamoa sardori va etakchisi musobaqaga yuqori sport formada etib borishi shart. Buni faqat muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish orqali ta’minlash mumkin.
Shu o‘rinda, rossiyalik ekspertning xavotiri bejiz emasdek. O‘zbekiston milliy terma jamoasining markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov 20 yanvar kuni “Lans”dan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tganidan keyin ikki oy davomida Angliya Premer-ligasi, mamlakat kubogi va Evropa Chempionlar ligasida to‘qqizta o‘yinda ishtirok etdi.
Biroq keyinchalik Xosep Gvardiola birdaniga 21 yoshli o‘zbek futbolchisini birorta uchrashuvda maydonga tushirmay qo‘ydi. Bu holatni bir necha nufuzli manbalar “Manchester Siti” besh million evro miqdorida qo‘shimcha bonus to‘lashdan qochish uchun Husanovni atayin o‘yinga tushirmagani bilan bog‘lab izohladi.
Aytilishicha, “shaharliklar” va “Lans” Husanovning transferi bo‘yicha muzokaralarda agarda futbolchi yarim mavsum davomida o‘nta uchrashuvda qatnashsa, Frantsiya klubiga qo‘shimcha besh million evro bonus to‘lanishi haqida kelishib olgan.
Shundan kelib chiqsak ham, Aleksandr Troitskiy xavotirini qisman bo‘lsa-da, asosli ekanini inobatga olish lozim. Demak, vaziyat qanday tugashini vaqt ko‘rsatadi.
Premer-liga murabbiyi futbolni o‘zbeklardan o‘rganmoqchi!
Mashhur futbolchi Husanovga yordam beradigan bo‘ldi
Fanatlar bosimi boshlandi: Gvardiola, Husanovni o‘ynatasanmi?
Fayzullaev braziliyaliklarning “jahli”ni chiqardi!
Gvardiolaga aynan Husanov etishmadi!
Husanov ko‘z o‘ngida “Manchester Siti” tarixiy rekord o‘rnatdi
Fikrlar