
Umarovning uzri o‘tmadi, jamoalar uni talashmoqda, lekin...
BATEning eng faol o‘yinchilaridan hisoblangan Shahboz Umarovning klubdagi muammosi hali echilgani yo‘q. Bosh murabbiy Aleksandr Mixaylov bilan o‘rtoqlik uchrashuvi davomida kelisha olmay qolgan hujumkor futbolchimiz yangi jamoaga o‘tishi kutilmoqda.
Manbalarning ma’lum qilishicha, Petrikovning “Shaxtyor” jamoasi bilan nazorat o‘yinida Shahboz Umarov chiroyli harakat qilaman, deb to‘pni raqib futbolchisiga oldirib qo‘ydi va bosh murabbiy uni bu tashabbusi uchun qattiq tanqid qildi. Bunday munosabatdan norozi hamyurtimiz darhol maydondan chiqib ketdi. Mojaro kiyim almashtirish xonasida ham davom etgani aytilmoqda.
Jamoadagilar bu masalaga ikki xil yondashmoqda. Ayrimlar Shahbozni jamoaga nisbatan hurmatsizlik qildi, demoqda. Qolganlar esa, murabbiylar shtabi o‘ziga xos xarakterga ega etakchi o‘yinchilar bilan munosabatda bag‘rikenglik qilishi kerak edi, degan fikrni ilgari suryapti.
Aslida bunday holat ko‘p uchraydi. Bu hissiyotlar kuchlilik qilgan vaziyat xolos. Biroq klub rahbariyati Umarovni o‘rinbosarlar tarkibiga yuborishga qaror qildi va uni boshqa klubga sotib yuborish harakatini boshladi. BATE vaziyatni o‘nglashning eng maqbul yo‘li Umarovni ketkazish, deb hisoblamoqda.
Jurnalist Vladislav Taturning yozishicha, Shahboz Mixaylovdan uzr so‘ragan va ikkinchi jamoada o‘ynab, klubga kerakli o‘yinchi ekanini isbotlashga tayyorligini bildirgan. Biroq, bosh murabbiy uning uzrini qabul qilmagan ko‘rinadi.
Umarov ilk bor legionerga aylanib, 2020 yilgi mavsumda “Energetik-BGU” da o‘ynab yurgan kezlari BATE e’tiboriga tushgandi. O‘sha chempionatda BATE futbolchilari “Energetik-BGU”dan ikki marta mag‘lub bo‘lgan. “Talabalar”ning g‘alabasiga Shahboz Umarov va Jasur Yaxshiboev tamal toshini qo‘ygandi. O‘shanda Borisovdagi o‘yinda Umarovning uzoq masofadan borisovliklar darvozasiga kiritgan goli yutubda 50 mingdan ziyod tomosha qilingan. Amalda o‘sha mag‘lubiyatlar borisovliklarni chempionlikdan mahrum qildi.
BATEning o‘sha paytdagi bosh murabbiyi Kirill Alshevskiy Shahbozdagi iqtidorni yuqori baholagan. U futbolimizning tezligi, ikki oyoqda kuchli zarba bera olishi, kuchli texnikasi va aniq paslarini qadrlardi.
BATE Umarovni qariyb 100 ming evroga transfer qilganidan keyin hamyurtimiz markaziy hujumchi, pleymeyker va har ikki qanot hujumchisi sifatida o‘ynab kelayotgan edi.
O‘zbekistonlik futbolchi o‘tgan mavsumda ham Belarus oliy ligasining eng zo‘r o‘yinchilaridan biri bo‘ldi. Jami 27 ta marotaba maydonga tushgan Umarov oltita gol va sakkizta golli pas uzatdi.
Statistika mutaxassislari bergan ma’lumotga ko‘ra, Umarov yakuniy zarba uchun to‘p uzatishda ligada birinchi, havodan aniq to‘p oshirishda ikkinchi, muvaffaqiyatli dribling qo‘llashda kuchli uchlik, aniq zarba berishda yuqori to‘rtlikdan joy olgan.
Shahbozning yagona kamchiligi himoyalanishda kamtarroq ko‘rsatkichlar qayd etishida. Biroq maydonning ikkinchi yarmidagi harakatlari bo‘yicha ligada eng zo‘rlaridan. O‘yin davomida dribling ishlatish, xavfli vaziyat yaratish, kombinatsion o‘yin, to‘pni ushlab turish va uni olib yurish kabi muhim jihatlarda Umarovga etadigani deyarli yo‘q.
Hozir ko‘pchilikni yangi bosh murabbiy Aleksandr Mixaylov BATE hujumlarining asosiy ijodkori bo‘lgan Umarovning o‘rnini kim bilan to‘ldirishi qiziqtirmoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, bu mutaxassis avval boshdan Umarov bilan ishlashni istamagan. Mixaylov faoliyati davomida asosan o‘rinbosarlar bilan ishlagan va bu gal ham BATE asosiy tarkibida gapi o‘tadigan va uni topshiriqlarini so‘zsiz bajaradigan yosh o‘yinchilarni o‘ynatmoqchi bo‘lyapti. Biroq, ular Umarov darajasiga yaqinlasha olmasligi kunday ravshan.
Shahboz Umarovning amaldagi shartnomasi 2022 yilning oxirigacha davom etadi.
Fikrlar