
Nima bo‘ldi? Bir jamoa birdaniga zo‘r o‘ynab turgan to‘rt legionerimiz bilan xayrlashdi!
Qozog‘iston Premer-ligasining bu yilgi bahslarida o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Turkiston viloyatining “Turon” jamoasiga muxlislik qilayotgan edi.
Mavsum boshida yuqori natijalar uchun kurashishni maqsad qilgan bu klub rahbariyati jamoa tarkibiga tajribali va kuchli legionerlarni jalb qildi. Ular qatorida o‘zbek futbol maktabi tarbiyalanuvchilaridan to‘rt nafari – Shahboz Umarov, Odiljon Abdumajidov, Behruz Asqarov va Xurshid Muxtorov “Turon” safiga qo‘shildi.
Qisqa fursatda klub moliyaviy muammolarga duch kelgani va legionerlarga belgilangan maoshni to‘lay olmayotgani haqida xabarlar tarqala boshladi. Bir necha kun avval tajribali bosh murabbiy Vitaliy Jukovskiy o‘z shtabi bilan jamoani tark etdi.
Uning o‘rnini egallagan Renat Abdulin bundan buyon jamoada faqat mahalliy futbolchilar to‘p tepishini ta’kidladi va 14 iyundagi uchrashuvda faqat qozog‘istonlik o‘yinchilarni maydonga tushirdi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Turon” barcha legionerlar bilan xayrlashishga qaror qilgan. Buni taniqli futbol sharhlovchisi Alimjon Asqar ham tasdiqlab, futbolchilar klub bilan shartnomani bekor qilayotganini bidirdi.
- Legionerlarni to‘plab olish avval-boshdan xato edi. Qozog‘istonlik futbolchilarga kzo‘proq imkoniyat berish kerak edi. Endi jamoadan Egor Xatkevich, Odilbek Abdumajidov, Ruslan Yudenkov, Iovan Payovich, Vasiliy Sovpel, Xurshidbek Muxtorov, Shahboz Umarov, Behruz Asqarov, Goran Miloyko, Luka Zgurskiy va Konstantin Dorofeev ketadi, - dedi Alimjon Asqar.
Bu ro‘yxatdan o‘rin olgan legionerlarning aksariyati asosiy tarkib o‘yinchilari edi. Xususan, to‘rt nafar o‘zbekistonlik charm to‘p ustasi Premer-liga va kubok uchrashuvlarida muntazam asosiy tarkibda o‘ynab kelayotgan edi.
Xususan, 26 yoshli hujumkor futbolchi Shahboz Umarov “Turon” safida Premer-liga va mamlakat kubogi doirasida jami o‘nta uchrashuv o‘tkazib, o‘z hisobiga bitta gol va uchta assist yozdirib qo‘ydi. Umarov Qozog‘iston futbolida o‘z o‘rniga ega futbolchi hisoblanadi. Ilgari “Ordabasi” sharafini himoya qilgan legionerimiz 2022 yili chimkentliklar safida mamlakat kubogini qo‘lga kiritgan va bir yildan keyin Premer-liga g‘olibiga aylandi.
Yaqinda Shahboz Umarovga Premer-liganing boshqa klubi – “Jenis” qiziqayotgani va uni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilayotgani haqida ma’lumotlar tarqatilgan.
22 yoshli universal futbolchi Behruz Asqarovning taqdirini “Paxtakor” hal qiladi. Chunki bu o‘yinchi “sherlar”dan ijaraga olingan. Toshkentdan kelganidan beri Behruz 12 ta uchrashuvda ishtirok etib, bitta gol va ikkita assist muallifi bo‘ldi.
Ikki o‘zbek himoyachisining ham jamoa o‘yiniga katta hissa qo‘shib kelganini alohida e’tirof etish lozim. 31 yoshli Xurshid Muxtorov chempionat va kubok uchrashuvlarida 12 marotaba maydonga tushib, himoyadagi vazifalarini uddalashdan tashqari bitta gol ham urdi. 24 yoshli Odiljon Abdumajidov esa, shu paytga qadar har ikki musobaqada umumiy hisobda 13 ta uchrashuvda to‘p tepdi.
Endi “Turon” bilan xayrlashgan barcha legionerlar kabi hamyurtlarimiz ham o‘zlari uchun yangi jamoa topishlariga to‘g‘ri keladi.
Fikrlar
Аскаров узимизга хам керак