
Igor Sergeevdan eng ko‘p jabr chekkan 7 jamoa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Xitoyning "Beijing Guan" klubi hujumchisi Igor Sergeev faoliyati davomida eng ko‘p goni qaysi jamoalarga urganini bilasizmi?
Quyida bu haqda ma’lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.
4-7. "Metallurg" - 4 gol
Sergeev "Metallurg" jamoasiga qarshi o‘yinlarda 4 ta golga mualliflik qilgan. Igor Bekobod jamoasiga 2014 yili 1, 2015 yili 2 va 2016 yili 1 ta gol tuhfa etgan.
4-7. "Navbahor" - 4 gol
Hujumchi "Navbahor" darvozasini ham 4 marta ishg‘ol qilgan. U 2013 va 2015 yillarda "lochinlar" bilan o‘yinlarda bittadan gol urgan bo‘lsa, bu yil "dubl"ga erishdi.
4-7. "Qo‘qon-1912" - 4 gol
Igordan 4 ta gol qabul qilib olgan yana bir jamoa bu "Qo‘qon-1912"dir. Futbolchi Qo‘qonliklarga 2015 yili har ikki uchrashuvda ham bittadan to‘p kiritgan bo‘lsa, bu yilgi bellashuvda "dubl" qayd etdi.
4-7. "Olmaliq" - 4 gol
Sergeev "Olmaliq" bilan o‘yinlarda 3 yildan buyon gol urib kelmoqda. U 2014 va 2015 yilgi mavsumlarda Igor Shkvirin jamoasi darvozasini bir martadan ishg‘ol etgan bo‘lsa, bu yilgi o‘yinda ikkita gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
3. "Bunyodkor" - 5 gol
23 yoshli hujumchi o‘ziga xos Toshkent derbisida 5 ta gol kiritgan. Sergeev 2014 yili har ikkala bellashuvda ham "qaldirg‘ochlar" posbonini ikki martadan ranjitgan bo‘lsa, keyingi yili bir marta gol urgan.
2. "Buxoro" - 6 gol
Sergeev 2013 va 2014 yillarda Buxoroliklarga qarshi o‘yinlarda bittadan golga mualliflik qildi. 2015 yili esa "Buxoro" jamoasi hujumchidan to‘rt marta jabr ko‘rdi. U bir o‘yinda ushbu klub darvozasiga uchta gol urishga ham muvaffaq bo‘ldi.
1. "So‘g‘diyona" - 8 gol
Igordan eng ko‘p jabr ko‘rgan jamoa bu "So‘g‘diyona"dir. Hujumchi 2013 va 2014 yillarda Jizzax jamoasi bilan bo‘lgan bahslarda "dubl"ga erishgan bo‘lsa, 2015 yili har ikkala bellashuvda ham ikkitadan gol urdi. Shu tariqa "So‘g‘diyona" klubi, Sergeevdan to‘rt marta "dubl" qabul qabul qilib olgan yagona jamoaga aylandi.
Furqat Yusupov tayyorladi
Fikrlar