
Sovrindorlar kushandalari TOP-5
Oliy liga-2016 yakunlariga oid qiziqarli ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etishda davom etamiz. Bu safar Sovrindor jamoalardan eng ko‘p ochko olgan 5 jamoa haqida ma’lumot berib o‘tamiz.
5. "Buxoro". 1 g‘alaba, 1 durang, 4 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati 3:12
Turnir jadvalida 4-o‘rinni egallagan "Buxoro" sovrindor bo‘lgan 3 jamoadan atigi 4 ochko oldi. Buxoroliklar "Lokomotiv"ni o‘z maydonida yutgan bo‘lishsa, "Bunyodkor" bilan durang o‘ynadi. "Buxoro" "ajdarlar" va "qaldirg‘ochlar" darvozalariga gol ham ura olmagan.
4. "Mash’al". 1 g‘alaba, 2 durang, 3 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati 3:10
Muborakliklar "Bunyodkor" bilan kechgan har ikki o‘yinda ham murosa ko‘chasini tanlashgan bo‘lsa, "Nasaf"ni o‘z maydonida 1:0 hisobida taslim etdi. Klub "temiryo‘lchilar" bilan o‘yinlarda ochkosiz qolib ketgan.
3. "Neftchi". 1 g‘alaba, 2 durang, 3 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati 6:13
Sovrindor bo‘lgan jamoalar Farg‘onada g‘alaba qozona olishmagan. "Nasaf" va "Lokomotiv" bir ochko bilan ortga qaytishgan bo‘lishsa, "Bunyodkor" mehmondan quruq qaytgan.
2. "Metallurg". 1 g‘alaba, 2 durang, 3 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati 6:12
"Metallurg" bir necha yillardan buyon grand jamoalar uchun haqiqiy bosh og‘rig‘i bo‘lib kelmoqda. Medallarga ega chiqqan klublar Bekobodda ham g‘alaba qozona olishmagan. "Lokomotiv" 3:3, "Bunyodkor" 1:1 hisobida durang o‘ynadi. "Nasaf" esa "Metallurg" bilan safardagi bahsda 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
1. "Paxtakor". 2 g‘alaba, 1 durang, 3 mag‘lubiyat. To‘plar nisbati 6:9
O‘tgan yilgi chempioni "Paxtakor" ushbu mavsumda 5-o‘rin bilan cheklandi. "Sherlar" ushbu mavsumda o‘z maydonlarida "Lokomotiv" va "Bunyodkor"dan ustun kelib, "Nasaf" bilan durang oy’nashdi. Biroq "Paxtakor" mehmondagi o‘yinlarda sovrindor jamoalardan ochko ola bilmadi.
Furqat Yusupov tayyorladi
Fikrlar