
Husanov oxirgi 15 yildagi eng zo‘r futbolchi!
Frantsiya futboli, xususan, “Lans” klubi faoliyatini yoritib kelayotgan lensois.com portali muxlisu mutaxassislar o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazish orqali dekabr oyi va mavsumning birinchi yarmidagi eng yaxshi o‘yinchi nomini aniqladi.
- Dekabr oyining eng yaxshi futbolchisi tanlovida o‘zbek futbolchisi yana g‘alaba qozondi. So‘rovnomada sizlar bergan ovoz Abduqodir Husanovning Adrien Tomasson va Remi Labo Laskari ustidan g‘alabasini ta’minladi. Buning isboti sifatida so‘rovnoma natijalarini quyida keltiramiz, - deb yozdi lensois.com sayti.
Dekabr oyining eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari:
Abduqodir Husanov – 81,9%
Adrien Tomasson – 4,3%
Remi Labo-Laskari – 3,62%
Pshemislav Frankovski – 3,39%
Mbala Nzola – 2,94%
Boshqalar: 2 foizdan kam.
LENSOIS.COM sayti “Lans”ning mavsumni birinchi qismidagi eng yaxshi futbolchisini aniqlashni ham muxlislar ixtiyoriga topshirdi. Bu borada tashkil etilgan maxsum so‘rovnomaning natijalari ham Abduqodir Husanovning darajasini ko‘rsatdi.
Aslida Abduqodirning dastlabki yarim yilning eng zo‘r o‘yinchisi bo‘lgani hech kimni hayron qoldirgani yo‘q. Chunki o‘zbek legioneri olti oydan uchtasi – sentyabr, oktyabr va dekabr oylaridagi so‘rovnomalarda g‘olib bo‘ldi.
Eng e’tiborli jihati, Abduqodir Husanov mavsumning birinchi yarmidagi “lansning eng zo‘r futbolchisi tanlovida ham katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi.
Natijalar quyidagicha bo‘ldi:
Abduqodir Husanov: 84,39%
Adrien Tomasson: 8,92%
Brays Samba: 4,83%
Mbala Nzola: 1,86%.
“Lans” muxlislari legionerimiz haqida ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.
Sports.uz portali frantsiyalik futbol ishqibozlarining o‘zbek futbolchisi haqidagi fikrlarini keltirib o‘tishni ma’qul topdi.
PIMS62:
Afsuski, “Lans” Abduqodir Husanovni uzoq ushlab qola olmaydi.
Black_Cats_62:
Husanovni hech kimga o‘xshatmayman, uning o‘ziga xos va o‘ziga yarashgan o‘zgacha usuli bor. Abduqodir baquvvat himoyachi va borgan sari eng yaxshi sifatlarini namoyon qilib bormoqda.
O‘zbek futbolchisi yosh bo‘lishiga qaramay, moliyaviy omillar tufayli boshqa klubga transfer qilinadigan bo‘lib turibdi.
RICOU62:
Afsuski, “Lans”da Abduqodir Husanovning o‘rnini bosa oladigan birorta boshqa variant yo‘q. Bo‘lmaydi ham.
JULIO59:
Kevin Danso, Fakundo Medina va Abduqodir Husanov Evropa miqyosida ham eng yaxshi himoyachilar hisoblanadi. Qolgan o‘yinchilarimizning barchasi o‘rtamiyona futbolchilar sirasiga kiradi.
Husanov hammani hayratga solyapti.
Abduqodirni hech bo‘lmaganda yozgacha tarkibda ushlab qolish kerak. Uning transfer summasi mavsum oxirigacha yana ko‘tariladi.
Agar “Lans”da yanada uzoqroq muddatga olib qolishni uddalay olishsa, bu jamoa muxlislarining quvonchiga sabab bo‘ladi.
SLY62:
“Lans”ning 100 foiz muxlislari Husanovning jamoada qolishi tarafdori, bunga to‘liq aminman. Shuning uchun ham qishki transferlar davrida o‘zbek futbolchisining boshqa klubga o‘tib ketishi fanatlarga zarba bo‘ladi.
UF:
Rostini aytganda, “Lans”da Abduqodirning raqobatchisi umuman yo‘q. Rafael Varan, Seko Fofana va Loi Opendani qo‘shib hisoblaganda ham, Husanov “Lans”ning oxirgi 15 yil ichidagi eng zo‘r futbolchisi.
Abduqodir Husanov joriy mavsumda Frantsiya chempionati, mamlakat kubogi va Evropa Ligasida jami 16 ta uchrashuvda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari, bitta assist ham qayd etdi. 20 yoshli futbolchi Transfermarkt portali tomonidan 12 million evroga baholanmoqda va bu ko‘rsatkich bo‘yicha Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho o‘yinchisi hisoblanadi.
Bunaqasi bo‘lmagan: Husanov “uchdi”!
Bizga gol urgan Shomurodovni olamiz! Eldorga kutilmagan yangi xaridor chiqdi
Fikrlar