
Kechagi kunning muhim xabarlari
Kecha saytimizda o‘zbek va xorij sportiga oid ko‘plab xabarlar chop etildi. Ular orasida saytimiz kuzatuvchilari quyidagilarni ko‘proq mutola qilishdi.
Siz kechagi kuning muhim xabarlarini o‘tkazib yuborgan bo‘lsangiz, unda bu siz uchun ayni muddao.
• Bilasiz, yaqindagina Ravshan Ermatov O‘FA birinchi vitse-prezidenti etib saylandi. Uning ushbu lavozimni egallashi borasidagi savollarga otasi Sayfiddin Ermatov javob berar ekan, o‘g‘li hakamlik faoliyatini yakunlamagani, FIFA hakami va jahon chempionati uchun nomzod referilar ro‘yxatiga kiritilganligi bois Superligada ham o‘yinlarni boshqarishi mumkinligini ma’lum qildi.
• Jasur Hasanov AGMK jamoasini tark etdi va u ikkinchi davrani boshqa klubda boshlamoqchi. Hozircha uning olmaliqliklar safini nima uchun tark etgani ma’lum emas. Jizzaxlik o‘yinchiga bir qator takliflar bor. Yaqinda uning "So‘g‘diyona"ga qaytishi mumkinligi borasida gap-so‘zlar chiqqandi. Shuningdek, ushbu futbolchiga "Navbahor" klubi ham qiziqmoqda.
• "Barselona" klubi sobiq futbolchisi Lobo Karrasko PSJ forvardi Neymarning yana kataloniyaliklar safiga qaytishi mumkinligi borasida o‘z fikrini bildirib o‘tdi. Karraskoning aytishicha, Neymar xatto “Kamp Nou”ga tizzalab kelsa ham uni kechirib bo‘lmas ekan.
• Hamyurtimiz Eldor Shomurodov faoliyat olib boradigan "Rostov" ayni vaqtda Avstriyada yig‘in o‘tkazmoqda. Yig‘in davomida Valeriy Karpin shogirdlari xalqaro turnirda ham ishtirok etishmoqda. Kecha musobaqaning ilk turida Moskvaning "Spartak" jamoasi bilan kuch sinashgan rostovliklar 2:0 hisobidagi g‘alabani qo‘lga kiritishdi. Shomurodov 52-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shildi.
• “Liverpul” klubi yozgi transferlar davridagi ilk xaridini amalga oshirdi. Mersisaydliklar Gollandiyaning “Zvolle” klubi himoyachisi Sepp van der Bergni o‘z safiga qo‘shib olishdi. 17 yoshli o‘yinchi “Liverpul” bilan 5 yillik shartnoma imzoladi. U angliyaliklar uchun taxminan 1,5 mln funtga tushdi.
• "Yuventus" klubi ustozi Mauritsio Sarri tamaki ma’sulotlariga qanchalik tobe’ligi haqida gapirib o‘tdi. U kuniga 60 dona sigaret chekishi, bu juda ko‘pligi, o‘yin payti u qadar chekkisi kelmasligi, lekin uchrashuv tugashi bilan darhol buni xohlab qolishini aytdi.
• Ikkinchi engil vazn (55,34 kg) toifasida o‘z janglarini o‘tkazib kelayotgan Murodjon Ahmadaliev to‘laqonli WBA chempionlik kamari uchun ringga ko‘tarilishi mumkin. Mazkur kamarga hozirda amerikalik bokschi Daniel Roman egalik qilmoqda. O‘zimizning "Kaka" esa WBA Intercontinental kamari sohibi bo‘lish bilan birga Romanning chempionlik kamariga rasmiy da’vogar ham hisoblanadi. Bokschimiz ehtimoliy jang avvalida muxlislarga video murojaat bilan chiqdi.
• Ayni damda Evropa milliy chempionatlarida ishtirok etuvchi jamoalar yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Jumladan, Qozonning “Rubin” klubi “Mordoviya”ga qarshi nazorat bahsi o‘tkazdi. Yaqindagina qozonliklar safiga borib qo‘shilgan hamyurtimiz Vitaliy Denisov ushbu uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi va "Rubin" safidagi debyut bahsini o‘tkazdi.
• “Atletiko” klubi “Benfika” vingeri Joau Felishning transferi borasida rasmiy taklif tayyorladi. “Matraschilar” 19 yoshli portugaliyalik uchun lissabonliklarga 126 mln evro berishga tayyor. Ayni damda “Benfika” rahbariyati taklifni ko‘rib chiqmoqda. Ta’kidlash kerakki, uning shartnomasida 120 million evro tovon puli ko‘rsatilgan.
• AGMK jamoasi sardori Akmal Shorahmedov Mirjalol Qosimov ishongan futbolchilardan biri hisoblanadi. Ular bungacha O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Bunyodkor”da birga ishlashgan. Akmal Shorahmedov bilan suhbat tashkil etildi. Unda himoyachi bu yilgi chempionat saviyasi pastlagani borasida gapirdi.
Fikrlar