
O‘runov maydonga qaytmoqda. U tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tdi!
“Spartak”dagi legionerimiz Oston O‘runov mavsumni premer-ligada o‘tkazadigan bo‘ldi. Bungacha 20 yoshli yarim himoyachining faoliyatida mavhumlik bor edi.
“Spartak”ni qabul qilib olgan yangi bosh murabbiyi Ruy Vitoriya ham o‘zbekistonlik futbolchiga ishonch bildirmasligini ma’lum qilib, uni mavsumoldi yig‘inlariga chaqirmadi. Moskvaliklar futbolchimizni premer-liga qaydnomasiga kiritmadi.
“Spartak” klubi rahbariyati agar o‘zbekistonlik futbolchiga xaridor chiqmasa, uni Milliy futbol ligasida o‘ynayotgan ikkinchi jamoaga yuborishga qaror qilgandi.
Oston O‘runovga poytaxt jamoasida ishlari yurishmay turgan paytda ham xaridor chiqqan. “Spartak” qishda uni olmoqchi bo‘lgan “Rubin”dan olti million evro, yozda transferni rasmiylashtirishga harakat qilgan “Ufa”dan uch million evro talab qildi va xaridorlar bu summani to‘lashga rozi bo‘lmadi.
Shuningdek, yozda Vengriya grandlaridan “Ferentsvarosh” iste’dodli yarim himoyachini o‘z safiga chorlagani, biroq Oston O‘runov va uning manfaatini himoya qilayotgan mutaxassislar vengriyalik bilan maosh borasida kelisha olmagani haqida xabarlar tarqatildi.
Nihoyat, Rossiyada chempionat o‘yinlari boshlanib ketgan bir pallada Oston O‘runov faoliyatini premer-ligada davom ettirishi hal bo‘ldi. Bu gal ham hamyurtimizni “Ufa” o‘z safiga qo‘shib oladi.
Rossiya ommaviy axborot vositalari Oston O‘runov “Ufa” tarkibiga qo‘shilishdan oldin an’anaviy tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Tez orada legionerimiz ufaliklar bilan shartnoma imzolashi kutilmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, “Ufa” O‘runovni yana ijaraga oladigan bo‘ldi. Hozircha kelishuvning moliyaviy tomonlari oshkor qilinmayapti.
Bu Oston O‘runovning “Ufa”ga uchinchi marta kelishi bo‘ladi. Dastlab, “Ufa” hamyurtimizni 2020 yilning fevralida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasidan transfer qilgan edi. Premer-ligadagi dastlabki o‘nta uchrashuvini yuqori saviyada o‘tkazgan futbolchimizga Rossiyaning etakchi klublari og‘iz soldi.
O‘runov o‘zini Rossiya futboliga olib kirgan Shamil Gazizov maslahatiga ko‘ra, “Spartak” taklifini qabul qilib, besh yillik shartnomaga imzo chekdi. Premer-liga va mamlakat kubogida “Spartak” uchun 9 ta o‘yin o‘tkazib, bitta gol urgan Ostonga etarlicha imkon berilmadi.
O‘runovning qishki transferlar vaqtida “Ufa” ijaraga oldi. Biroq, “Spartak”ga o‘tganidan beri ketma-ket jarohatga yo‘liqayotgan futbolchimiz “Ufa”dagi ikkinchi urinishida ham o‘zidan kutilgan o‘yinni namoyish qila olmadi.
Mana endi Oston uchinchi bor “Ufa”da o‘z omadini sinab ko‘radi. Bu galgi urinish O‘runov uchun muvaffaqiyatli bo‘lishiga umid qilamiz. U o‘z faoliyatini qutqarish uchun avvalgidek o‘ziga ishongan holda, sermazmun va foydali o‘yin ko‘rsatishi lozim.
Trasferlarga ixtisoslashgan transfermarkt portali Oston O‘runovni 1,2 million evroga baholamoqda.
“Ufa” premer-liganing to‘rtinchi turidan so‘ng, bittadan g‘alaba va durang evaziga to‘rt ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalining 11-pog‘onasida bormoqda.
Fikrlar
Futbolga qiziqvotganla xammasi biladi nimala bo'votganini kegan joyidan dovomqilila iltimos