
“Roma”ga xushxabar!
Mavsumning so‘nggi pallasida “Roma”ni bir necha hal qiluvchi uchrashuvlar kutib turibdi. Xususan, Konferentsiyalar ligasining finali Joze Mourino shogirdlari uchun yilning eng muhim bellashuvi hisoblanadi.
“Roma” 31 yillik tanaffusdan so‘ng ilk marotaba Evrokuboklar finalida o‘ynaydi. 25 may kuni Albaniyaning Tirana shahrida rimliklar Konferentsiyalar ligasi bosh sovrini uchun Niderlandiyaning “Feyenoord” jamoasi bilan kuch sinashadi.
Corriere dello Sport nashrining ma’lum qilishicha, Rim klubi murabbiylar shtabi o‘zlari uchun xushxabar eshitdi. Jamoaning eng foydali o‘yinchilaridan hisoblangan Genrix Mxitaryan xalqaro turnir finaligacha safga qaytadi.
Armanistonlik futbolchi yaqinda jarohat olib, yarim finalning javob uchrashuvini ham o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgandi. Shifokorlar sa’y-harakati bilan tajribali pleymeyker jarohatidan tez qutilmoqda va bir necha kundan keyin mashg‘ulotlarga kirishadi.
Joze Mourino bo‘lajak finalda Genrix Mxitaryanga katta ishonch bildirmoqda. Bu o‘yinchi maydonda bo‘lsa, portugaliyalik mutaxassis bir necha o‘yin sxemalaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
33 yoshli universal futbolchining “bo‘rilar” bilan amaldagi shartnomasi mavsum oxirida yakunlanadi. Joze Mourino klub rahbariyatidan tajribali shogirdini jamoada olib qolishni talab qilmoqda.
Muzokaralar davom etayotganiga qaramay, tomonlar kelishuv muddati va maosh miqdori bo‘yicha bir to‘xtamga kela olmayapti.
Genrix bu mavsum barcha turnirlarda 43 marta maydonga tushib, beshga gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘ldi.
“Roma” muxlislarni xursand qildi
“Roma” klubi rahbariyati ashaddiy muxlislariga ajoyib sovg‘a tayyorladi.
Klub Konferentsiyalar ligasi doirasida Norvegiyada “Budyo-Glimt” jamoasi bilan bo‘lgan va mezbonlarning 6:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan uchrashuvda “bo‘rilar”ni qo‘llab-quvvatlash uchun sovuq o‘lkaga borgan muxlislarga 25 may kuni Albaniyaning Tirana shahrida o‘tkaziladigan finalga bepul chipta berishga qaror qildi.
“Roma” mutasaddilari shu orqali klub tarixidagi eng noxush holat uchun muxlislaridan uzr so‘ramoqchi bo‘lyapti. O‘sha tarixiy uchrashuvni tomosha qilish uchun 166 nafar rimlik futbol ishqibozlari Norvegiyaga borgan edi.
“Bo‘rilar” turnir pley-offida “Budyo-Glimt”ni musobaqadan chiqarib yuborib, qaqshatqich mag‘lubiyat alamin olgan bo‘lsa-da, muxlislarni ko‘nglini ovlash uchun ularni finalga taklif qildi.
Konferentsiyalar ligasi finalida Joze Mourino shogirdlari Niderlandiyaning “Feyenoord” jamoasiga qarshi saf tortadi. Uchrashuv g‘olibi bosh sovrindan tashqari kelasi mavsum Evropa Ligasida ishtirok etish huquqini ham qo‘lga kiritadi.
Angliyalik “bo‘rilar” rimlik “bo‘rilar”ga xalaqit qilyapti
“Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino yozda “Valensiya” hujumkor futbolchisi Gonsalu Gedeshni Rimga ko‘chirib kelmoqchi. Klub sport direktori Tyagu Pinto bu masala bo‘yicha “Valensiya”ga murojaat ham qilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, portugaliyalik futbolchiga “Vulverxempton” ham jiddiy qiziqish bildiryapti. Bu holat rimliklarning rejasiga to‘sqinlik qilmoqda.
“Roma” rahbariyati Gedeshni qo‘ldan chiqarmaslik uchun birinchi urinishda taklif qilingan 30 million evro miqdordagi badal summasini ko‘tarishga majbur bo‘lmoqda. Manbalarning ta’kidlashicha, A Seriya klubi taklifni 10 million evroga ko‘targan.
Ispan klubi bilan bir yillik kelishuvi qolgan Gedesh bu mavsum barcha turnirlarda 39 ta uchrashuv o‘tkazib, 13 ta gol va oltita assist muallifi bo‘ldi.
Fikrlar