
Shomurodov va Abraxamga “Chelsi” yulduzi yordam beradi!
Joze Mourino “Roma” tarkibini katta klublar “nonini egan” nomdor futbolchilar bilan kuchaytirishga qaror qildi.
“Chelsi” bilan mustahkam aloqalarini ishga solayotgan portugaliyalik mutaxassis Rim klubining hujumkorlik salohiyatini oshirish uchun “Chelsi” o‘yinchisi Ruben Loftus-Chikni olib kelmoqchi. Mourinoning rejasiga ko‘ra, Angliya terma jamoasi a’zosi “Roma”ning oldingi chizig‘ida o‘ynayotgan Temmi Abraxam va Eldor Shomurodovga hujumlar uyushtirishda va golli vaziyatlar yaratishda yordam beradi.
Joze bu futbolchini Rimga kelishga ko‘ndirish vazifasini Temmi Abraxamga yukladi. Angliyalik hujumchi Rubenning yaqin do‘stlaridan hisoblanadi. Ular “Chelsi” akademiyasida birga tarbiya topgan.
“Aristokratlar” ham Loftus-Chikni qo‘yib yuborishga qarshi emas. Bu futbolchi asosiy tarkibning muqim a’zosi emas. Tomas Tuxel Rubenning o‘rniga “Kristal Pelas”da porlayotgan Konor Gallaxerni olmoqchi.
Gallaxer premer-ligaga juda tez moslashdi va yarim himoyachi bo‘lishiga qaramay, “Kristal Pelas”ning asosiy to‘purariga aylandi. Mutaxassislar bu futbolchi hozirning o‘zida “aristokratlar”ning asosiy tarkibida muntazam to‘p tepishga qodirligini ta’kidlamoqda.
Tabiiyki, Tomas Tuxel ham yozda o‘zi ijaraga berib yuborgan klub tarbiyalanuvchisining muvaffaqiyatlaridan xabardor. Biroq, ijara shartnomasiga ko‘ra, muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan Konor Gallaxerni mavsum o‘rtasida ortga qaytarib bo‘lmaydi.
Yarim himoyachining tezkorligi va to‘purarlik qobiliyatini yuqori baholayotgan germaniyalik bosh murabbiy mavsum yakunlanishi bilan Gallaxerni birinchi jamoa safiga qo‘shib olmoqchi.
“Roma”ning hujum chizig‘ini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan ijrochilar ro‘yxatiga Joze Mourino “Atletiko” va “Volfsburg” futbolchilarini ham kiritdi.
Rimliklar Diego Simeone jamoasidan 26 yoshli argentinalik Anxel Korreani transfer qilmoqchi. La Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, “Roma” sport direktori Tyago Pinto Anxelni yozda qo‘lga kiritish uchun hozirdan harakatni boshladi.
Korreaning madridliklar bilan shartnomasi 2024 yilning yarmigacha davom etadi. Shu bois, rimliklar uni olish uchun xarajat qilishiga to‘g‘ri keladi. Korrea Rim klubida “Real”dan ijaraga olingan Borxa Mayoralning o‘rnini bosishi kerak bo‘ladi. Mayoralga “Fiorentina” xaridor bo‘lyapti. Agar florentsiyaliklar “Qirollik klubi” bilan ispan hujumchisining ijarasini kelishi olsa, u yanvar oyida “Roma”dan “Fiorentina”ga ketadi. Aks holda, Mayoral mavsumni Rimda yakunlashiga to‘g‘ri keladi.
Anxel Korrea Argentinaning “San-Lorenso” klubi tarbiyalanuvchisidir. Hujumkor futbolchi 2015 yilda “Atletiko”ga o‘tganidan beri madridliklarga sadoqat bilan xizmat qilib kelmoqda. Joriy mavsumda u barcha turnirlarda 20 ta uchrashuv o‘tkazib, o‘z hisobiga ettita gol yozdirib qo‘ydi.
“Roma” nishonga olgan yana bir nomzod “Volfsburg” hujumchisi Vaut Vegxorst 1992 yilda tug‘ilgan. Niderlandiyalik o‘yinchi xuddi Eldor Shomurodov va Temmi Abraxam singari baland bo‘yli va jismonan baquvvat futbolchi hisoblanadi.
Vaut asosan Bundesligada qolish uchun kurashadigan “bo‘rilar” safini tark etishni istayapti. U o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan kuchliroq klublardan birining sharafini himoya qilmoqchi. Bundan rimlik “bo‘rilar” foydalanib qolishi mumkin.
Aslida Joze Mourino Vegxorstni “Tottenxem”da ishlagan davrida Angliya premer-ligasiga taklif qilgandi. Biroq, Buyuk Britaniya Evropa Ittifoqidan chiqqani bois, bu transferni amalga oshirishning imkoni bo‘lmagan.
Portugaliyalik mutaxassis o‘shandan buyon tajribali hujumchini nazaridan qochirgani yo‘q. Evroittifoq pasportiga ega futbolchini Italiyaga olib kelish va transferni rasmiylashtirish ortiqcha muammo chiqarmaydi. Niderlandiyalik to‘purar 2018 yildan beri “Volfsburg” safida 112 ta uchrashuv o‘tkazib, raqiblar darvozasini 58 marotaba ishg‘ol qilgan.
Bundesliga vakili bilan amaldagi shartnomasi 2023 yilning yarmigacha davom etadigan hujumchi joriy mavsumda 15 ta o‘yinda oltita to‘p kiritdi.
Fikrlar