
Super zarba yo‘llagan Shahboz Umarov 13 daqiqa ichida BATEni qutqara olmadi
Belarus oliy ligasining 8-turida musobaqa jadvalida dastlabki ikki pog‘onani egallab turgan “Shaxtyor” va BATE o‘zaro kuch sinashdi. Turning markaziy uchrashuviga Soligorsk shahri mezbonlik qildi.
Bu yil chempionlik unvonini munosib himoya qilayotgan “Shaxtyor” chempionatda ketma-ket ettita uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilgan holda, birinchi o‘rinda borayotgan edi. Ettita bahsdan beshtasida zafar quchib, ikki bor durang o‘ynagan BATE mezbonlarni mag‘lub etgan taqdirda ochkolar orasidagi farqni maksimal darajada qisqartirib olardi.
Shu bois ham, bahs keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Har ikki jamoa maqsadga erishish uchun hujumga zo‘r berdi. Hisobni ochish mezbonlarga nasib qildi. 20-daqiqada “Shaxtyor” to‘purari Dembo Darbo 25 metr masofadan aniq zarba yo‘llab, BATE darvozabonini ojiz qoldirdi. Chiroyli gol bo‘ldi.
Qolgan daqiqalarda soligorskliklar hisobdagi farqni oshirish, borisovliklar esa vaziyatni tenglashtirishga harakat qildi. “Shaxtyor”dagi o‘zbekistonlik hujumchi Shahzod Ubaydullaev ushbu uchrashuv qaydnomasiga kiritilmadi. Bu futbolchimiz joriy chempionatda uchta uchrashuv o‘tkazganidan keyin ko‘rinmay qoldi.
Shahzodning asosiy raqobatchisi Dembo Darbo esa, to‘purarlik mahoratini namoyish qilib kelmoqda. Gambiyalik futbolchi sakkizta uchrashuvda gollarini sonini to‘qqiztaga etkazib oldi va boshlang‘ich tarkib uchun raqobatda hammadan ustun ekanini isbotlab kelmoqda. O‘tgan yilgi chempionatning ikkinchi yarmida bu vazifani “Shaxtyor”da Jasur Yaxshiboev bajarganini yaxshi eslaymiz. O‘z gollari bilan soligorskliklarning chempion bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan Yaxshiboev hozir o‘z kuchini Polsha chempioni “Legiya” safida sinab ko‘ryapti.
Asosiy raqobatchiga qarshi uchrashuvni boy berayotgan BATE bosh murabbiyi Vitaliy Jukovskiy 77-daqiqada maydonga Shahboz Umarovni tushirdi. Aytish kerakki, o‘zbek futbolchisi jamoasi o‘yinini rosmana kuchaytirdi.
Shahboz o‘z xatti-harakatlari bilan ikkita golli vaziyat yaratdi. Birinchisida, o‘yinga qo‘shilganiga bir necha daqiqa bo‘lgan hamyurtimiz xavfli zarba yo‘lladi. Darvozaga aniq borgan zarbani mezbonlar posboni Aleksandr Gutor katta qiyinchilik bilan qaytardi.
Ikkinchi vaziyatda Shahboz burchak to‘pini aniq tarzda jamoadoshi Nikolay Signevichga etkazib berdi. Uning aniq zarbasidan so‘ng, to‘pni mezbonlar himoyachisi Roman Begunov darvoza chizig‘i ustidan qaytarib qolib, jamoasini muqarrar goldan qutqardi.
O‘zbekistonlik legioner jamoasi o‘yinini keskin kuchaytirgan bo‘lsa-da, mag‘lubiyatdan qutqarib qolish uchun hamyurtimizga vaqt etishmadi.
Printsipial raqibini kichik hisobda mag‘lub etgan “Shaxtyor” ochkolari sonini 24 taga etkazib, BATE bilan oradigan farqni ettitaga etkazdi. Birinchi mag‘lubiyatini qabul qilib olgan borisovliklar esa uchinchi o‘ringa tushib qoldi. Chunki chempionlikka yana bir da’vogar – “Dinamo-Minsk” bu turda zafar quchib, ochkolar hisobida BATEga tenglashdi va ikkinchi o‘rindan joy oldi.
“Shaxtyor” va BATE o‘yini janjal bilan yakunlandi. Voqea markazida BATE bosh murabbiyi Vitaliy Jukovskiy va “Shaxtyor” sardori Yuriy Kendish o‘zaro kelisha olmay qoldi.
Shahboz Umarov o‘ynayotgan BATE navbatdagi uchrashuvni 15 may kuni o‘z maydonida “Rux” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Shahzod Ubaydullaevni o‘ynatmayotgan "Shaxtyor" esa shu sanada “Nyoman” jamoasi mehmoni bo‘ladi.
Fikrlar